Asosiy mavzular
25 fevral 2019

O‘zbekistondagi o‘zgarishlar: qanday qilib yangilanish va taraqqiyot yo‘lidan ortga qaytmasdan davom etish mumkin?

«O‘tgan ikki yil mobaynida O‘zbekiston siyosiy elitasining tashqi ko‘rinishi o‘zgardi. Elita avvalgidan ochiqroq, aholi bilan yangi aloqalar o‘rnatishga tayyor, xalqaro hamjamiyat bilan muloqot qilishdan qo‘rqishni to‘xtatib, hatto yangi formatdagi vakillarni ham qabul qildi. Shu bilan birga, rejalashtirilgan islohotlarni sifatli amalga oshirish uchun siyosiy elita eski boshqaruv usullardan voz kechib, fuqarolik jamiyati bilan samarali muloqot o‘rnatishi kerak», — deb hisoblaydi ekspert Yuriy Saruxanyan o‘zining CABAR.asia uchun maxsus tayyorlangan maqolasida.


Maqolaning qisqa tezislari:

  • O‘zbekiston tashqi dunyo bilan aloqa o‘rnatishi juda murakkab bo‘lgan yopiq mamlakat edi;
  • Xalqaro hamjamiyatning asosiy qismi O‘zbekistonning yangi rivojlanish tendentsiyalarini ijobiy qabul qildi;
  • Islohotchilik imijini Mirziyoev mamlakatning siyosiy tizimini isloh qilish orqali qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda;
  • Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi asosiy to‘siq bu uning yagona shaxsga bo‘lgan bog‘liqligi;
  • Hozirgi siyosiy elita uzoq vaqtdan buyon mamlakat rahbariyatiga xizmat qilib kelgan sobiq gvardiya vakillaridan iborat.
  • Hukumatdagi jamoa amalda haligacha yangilanmagan;
  • Erkin iqtisodiy hududlarni ochish, soliq imtiyozlarini joriy qilish va mamlakatda byurokratiya bilan bog‘liq qiyinchiliklarini kamaytirish orqali hukumat xorijiy sarmoyadorlarni jalb etishga harakat qilmoqda;
  • Protektsionizm siyosatini davom ettirish mahalliy monopoliyalar manfaatlarini ilgari surish, xususiylashtirish islohotlarini sekinlashtirish, savdo-sotiqni liberallashtirish haqidagi bayonotlar bilan bir vaqtda juda g‘alati ko‘rinish bermoqda.

Karimov bilan taqqoslaganda Mirziyoev taktikasining asosiy xususiyati – imij masalalariga katta e'tibor berishdir. Foto: president.uz

2016 yilda hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoev hukumat tizimini faol ravishda o‘zgartirishga kirishdi. Xalqaro hamjamiyat islohotlarni katta umid va hayajon bilan kutib oldi va, ehtimol, O‘zbekistonni orqa partalardan a'lochilar qatoriga qo‘shishga tayyor edi. Siyosiy elita ham enfant terrible qiyofasini yo‘qotish va yaxshiroq joylarni egallash istagini namoyish etmoqda. Agar tashqi siyosatni chetga surib qo‘ysak, reja va maqsadlarni oshkor etish uchun asosiy sohalar bu hukumat boshqaruvi va iqtisodiyot edi.

Biroq islohot jarayoni jiddiy qarama-qarshiliklarsiz o‘tmaydi. Ko‘pincha oldinga qo‘yilgan har bir qadam uchun kamida shuncha ortga qadam qo‘yiladi. Shuning uchun hozirgi vaqtda rivojlanish vektorining o‘zgarishi uzoq muddatga yo‘naltirilganmi yoki avtoritarizmga xos bo‘lgan tizim yana o‘z ichida berkinib qoladimi? Buni hozirda aniqlash qiyin. Biz mamlakatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning mohiyatini tushunishga harakat qilamiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan berilgan ishonchni yo‘qotmaslik uchun siyosiy elita nimalarni amalga oshirishi kerakligi haqida fikr yuritamiz.

O‘zbekiston-2016 – murakkab meros

2016 yilda O‘zbekiston murakkab sinovni qarshi oldi. Islom Karimovning vafot etishi letargik uyquda bo‘lgan siyosiy tizim uchun kutilmagan holat edi. O‘zbek siyosiy elitasi vaziyatni yengib o‘tib, siyosiy vorisni tezda aniqlab oldi.

Mirziyoevga juda murakkab meros qolgan edi. Mamlakatni uzoq vaqt davomida haqiqatdan hech kim shug‘ullanmagan bir xo‘jalik mulki bilan taqqoslash mumkin edi, boshqaruvdagilar o‘z masalalari bilan band edilar, tizim esa, ehtimol, inertsiya orqali faoliyat yuritardi. Mirziyoev (o‘sha vaqtdagi istalgan bir potentsial nomzod kabi) tuzilgan tizimning asosiy ishtirokchilaridan biri sifatida vaziyat qanday ahvolda ekanligini juda yaxshi bilar edi.

Xomashyo va energiya resurslari eksportiga asoslangan iqtisod aslida befoyda faoliyat yuritayotgan edi. Albatta, statistika xodimlari yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishi 8 foizni tashkil etishi haqidagi ma'lumotlarni to‘qib yozar edilar. Biroq Mirziyoevning o‘zi bu raqamlarni “san'at asari” deb atadi.

Sanoatning rivojlanishi zararga ishlayotgan davlat monopoliyalarini saqlash bilan chegaralanib qolgan edi. Qishloq xo‘jaligidagi davlat boshqaruvi uning samarasiz ekanligini ta'minladi va natijada viloyatlardagi aholining ko‘chib ketishiga olib keldi. Konvertatsiya bekor qilinganligi valyuta oqimlarini soya iqtisodiga ko‘chirdi. Bu, o‘z navbatida, korruptsiyaning oshishiga, biznes faolligining pasayishiga va xorijiy sarmoyadorlar uchun mamlakatning jozibasiz imijini shakllantirishga sabab bo‘ldi.

Iqtisodiy rivojlanishdagi kamchiliklar uy xo‘jaliklari daromadlarining pasayishiga, ishsizlikning oshishiga va inson kapitalining chiqib ketishiga olib keldi. Shu bilan birga, mehnat muhojirlari o‘zbek siyosiy elitasining izzat va obro‘si uchun juda achinarli mavzu edi. 2013 yilda Karimovning muhojirlar haqida aytgan so‘zlari bu holatni yaxshi tasvirlab bera oladi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda Rossiyada taxminan 2 millionga yaqin o‘zbek ishlagan. Hukumat muhojir ishchilar muammosini e'tibordan chetda qoldirgan edi. Shuning uchun ham ularning muhojir sifatidagi maqomlari, jo‘nab ketishlarini tashkillashtirish, rasmiy ish bilan ta'minlanishlari, huquqlari himoya qilinishi masalalari qabul qiluvchi mamlakatlar bilan muhokama qilinmas edi.

Mamlakat iqtisodiyoti donorlaridan biri bo‘lgan mehnat muhojirlari (2016 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 2,741 milliard dollar atrofida valyuta yuborilgan) mutlaqo huquqsiz ahvolda qoldirilgan.Siyosiy vaziyat haqida gapirganda, ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston tashqi dunyo bilan aloqa o‘rnatishi juda murakkab bo‘lgan yopiq mamlakat edi. 2005 yilgi Andijon voqealaridan so‘ng xalqaro hamjamiyat tanqidiga uchragan siyosiy elita davlat siyosati va ijtimoiy hayotning barcha sohalarida xavfsizlikni ta'minlash orqali status-kvo maqomini saqlab qolishga harakat qildi.

Davlat idoralarida Milliy xavfsizlik xizmatining kuratorlari joylashib olishgan edi, bu esa davlat idoralarining samaradorligiga, qaror qabul qilish tezligi va xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni amalga oshirishga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Aholiga faqatgina “o‘z rivojlanish yo‘li” haqidagi g‘oyalar faol tatbiq etildi. Targ‘ibotchilar yuqori xavfsizlikni milliy qadriyatlarimizni zaiflashtirishga va milliy mentalitetga begona bo‘lgan qadriyatlarni o‘rnatishga intilayotgan tashqi kuchlarning borligi bilan oqlar edilar.

Biroq yangi prezidentga xarobalar qoldi deb o‘ylash noto‘g‘ri. Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni osonlashtirgan bir qator omillar mavjud edi. Birinchidan, Karimov shaxsiga nisbatan barcha qarama-qarshiliklarga qaramay, qo‘shnilar bilan harbiy ziddiyatlarda, etnik qirg‘in yoki boshqa davlatlarning ishlariga aralashuvlarda Karimov ishtirok etmadi. O‘zbekistonning salbiy imiji siyosiy elitaning avtoritar boshqaruv uslubi bilan bog‘liq edi.

Ikkinchidan, davlat tizimi barqaror edi. Bu tushuncha, albatta, “musaffo osmon” iborasining turlicha talqini tufayli tashviqotchilar tomonidan buzilgan va har qanday kamchiliklarni oqlaydigan o‘ziga xos kulga aylantirilgan. Ammo barcha shiorlarni chetga surib qo‘ysak, Mirziyoev jamiyat qarama-qarshilik, terroristik tahdid va shu kabi omillarga tobe bo‘lmagan tizimga ega bo‘ldi.

Shunday qilib, O‘zbekiston o‘zining yangi davri oldida munozarali shaklda paydo bo‘ldi. Siyosiy sust voqelikdan charchagan mamlakat davlat mexanizmlarining ishlash tizimi va ancha vaqtdan beri kutilgan islohotlarni amalga oshirishga muhtoj edi.

Eng muhimi imij

O‘zbekistonda hokimiyat almashinuvi xalqaro hamjamiyat mamlakatda ro‘y berayotgan jarayonlarga yangi nuqtai nazar bilan qarashiga sabab bo‘ldi. Mirziyoev eski tizimni qayta qurishga kirishdi, u Karimovning besh tamoyili o‘rniga 2017-2021 yilgi harakatlar strategiyasini taklif qildi. Mirziyoev o‘zini uzoq vaqt davomida mamlakatdagi barcha muammolardan xabardor bo‘lgan, ammo o‘z qarori orqali ta'sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxs sifatida ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, Karimov shaxsi ham daxlsiz bo‘lib qoldi. Karimovning atrof-muhiti, jumladan, oila a'zolari va u davrdagi bosh qahramonlar tanqid qilinadi. Bir tomondan, bu biroz kulgili, chunki Mirziyoev 2003 yildan buyon bosh vazir lavozimini egallab kelgan va 2016 yilning sentyabr oyida davlatda vujudga kelgan ahvol uchun mas'uldir. Boshqa tomondan, avtoritar siyosiy tizimlarda ko‘pincha bu tizimni o‘zgartira oladigan shaxslar aynan shu tizim a'zolari. Farg‘ona viloyatidagi korruptsiya muammosini izohlar ekan, agar u avvalroq bu muammolar haqida gapira boshlaganida, u hozir umuman yo‘q bo‘lib ketishini aytib o‘tdi.

Umuman olganda, xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning rivojlanishidagi yangi tendentsiyalarni ijobiy baholadi. Hatto yangi prezidentga berilgan muayyan ishonch krediti haqida aytishimiz ham mumkin. Ushbu ishonchning dastlabki xabari sifatida 2016 yilgi prezident saylovida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining to‘la kuzatuvchilik missiyasining ishtiroki va saylov tashkil etilishi haqidagi ijobiy hisobotini qayd etish mumkin.

Mirziyoevni turli xalqaro forumlarda qiziqish bilan qabul qilishdi, xalqaro munosabatlarda yetakchi ishtirokchi-rahbarlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va yaqinda Bryusselga tashrif buyurish uchun rasmiy taklif jo‘natildi. Ehtimol, uning asosiy ustunligi, uzoq vaqt davomida soyada bo‘lganligi, chet ellik hamkorlar uchun noqulay shaxsga aylanmagani va u bilan munosabatlar aslida toza varaqdan boshlanayotganligida.

Karimov bilan taqqoslaganda Mirziyoev taktikasining asosiy xususiyati imij masalalariga katta e'tibor berishdir. Siyosiy mahbuslarning ozod qilinishi, inson huquqlari tashkilotlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, majburiy mehnat muammosini tan olish, migrant ishchilarga nisbatan strategiyani ishlab chiqish islohotlari ham imij bilan bog‘liq. O‘zbekiston yopiq davlat bo‘lishdan voz kechadi va nafaqat siyosiy elita do‘st hisoblaganlar bilan, balki uzoq vaqtdan beri dushman deb kelganlar bilan ham muloqot qilishni boshlaydi. Hukumat xalqaro tashkilotlarni tanqid qilishdan ko‘ra imijiga o‘z harakatlari orqali ko‘proq zarar keltirayotganini anglab yetdi, degan tuyg‘u paydo bo‘lmoqda. Hukumat O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda, jumladan, «The World Justice Project», korruptsiya sohasidagi «Transparency International» va “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro matbuot erkinligi indeksida mamlakat o‘rnini yaxshilash istagini rasman e'lon qildi.

Kanaldagi suvda turishga majbur bo‘lgan fermerlar bilan bo‘lgan voqeadan keyin bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Z.Mirzaev o‘z lavozimidan bo‘shatildi. Foto: sa-news.org

Imij yaratishga bo‘lgan yangi yondashuvni anglatuvchi voqea — Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida “mashhur” bo‘lgan bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzaevning ishdan olinishi. Mirzaev uzoq vaqtdan beri Mirziyoevning atrofida ishlaganlardan biri bo‘lishiga qaramasdan, uning iste'fosi haqidagi masala darhol hal qilindi. Bundan tashqari, Xalqaro mehnat tashkiloti texnik direktori Jonas Astrupning uchrashuvdagi ishtiroki xalqaro tashkilot vakili ishtirokida ishdan bo‘shatish uchun yana bir sabab bo‘ldi. Ushbu qadam darhol XMT va BMT tomonidan ma'qullanganiga hayron bo‘lish kerak emas.

Qadimgi siyosiy oshxonaning yangi dizayni

Islohotchilik imijini Mirziyoev mamlakatning siyosiy tizimini isloh qilish orqali qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. Virtual qabulxonalarni joriy qilish siyosiy elita va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi muloqotni boshlash uchun kerakli zamin yaratdi. Bugungi kunda hukumat har qanday qarorni, hatto aholiga uncha yoqmaydigan qarorni ham tushuntirishga harakat qilmoqda.

Bundan tashqari, siyosiy elitaning asosiy namoyondalari qorong‘ilikdan chiqib, ommaviy axborot vositalarida doimiy tarzda paydo bo‘lishmoqda va davlat siyosatining turli sohalariga izoh berishmoqda. Mahalliy siyosiy oshxonaning maxfiy retseptlarini biladigan tajribali kadrlar va davlat boshqaruvi masalalariga yangicha nazar bilan qaraydigan yangi avlod vakillarining siyosiy elitasini shakllantirish bo‘yicha intilishlar mavjud.

Bunga misol – yangi kadrlar siyosati va bu siyosatning apofeozi esa Milliy xavfsizlik xizmati islohoti va R.Inoyatovning iste'fosi. Hozirgi siyosiy elita uzoq vaqtdan beri mamlakatni boshqarishda ishtirok etgan eski gvardiya vakillari (masalan, Abdulaziz Komilov, Abdulla Aripov, Botir Xo‘jaev) va yangi formatdagi mansabdor shaxslar, yaqinda siyosatga kirib kirganlar (masalan, Sherzod Shermatov, Sherzod Qudbiev, Jamshid Xo‘jaev) aralashmasidan tashkil topgan. Mahalliy siyosiy oshxonaning maxfiy retseptlarini biladigan tajribali kadrlar va davlat boshqaruvi masalalariga yangicha nazar bilan qaraydigan yangi avlod vakillarining siyosiy elitasini shakllantirish bo‘yicha intilishlar mavjud. Faqat yangi yuzlar oqimi vaziyatga yangi qarashga, kamchiliklarni sezishga va zamonaviy talablarga moslashishga yordam beradi.

Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi asosiy to‘siq bu uning yagona shaxsga bo‘lgan bog‘liqligi. Aslida u davlat mexanizmiga emas, balki prezidentning shaxsiga asoslangan. Mirzaevning ishdan bo‘shatilishiga bag‘ishlangan nutqida bosh vazir Aripov uning o‘rinbosari “prezidentimiz siyosatiga qarshi” ekanini ta'kidladi. Davlatga emas, balki prezidentga havola qilinishi ko‘zga tashlanadi. Agar siyosiy elitada ushbu tushunchalar ekvivalent bo‘lsa, u holda mamlakat hali ham samarali boshqaruv tizimidan uzoqda.

Yana bir muammo — rotatsiya yo‘qligi. Hukumatdagi jamoa amalda yangilanmagan. Rotatsiya, asosan, mansabdor shaxslarni bir mansabdan boshqa mansabga ko‘chirish orqali amalga oshirilmoqda. Hatto vazifalarni bajarishga qodir emasligi uchun tanqid qilinib, lavozimidan bo‘shatilgandan so‘ng ham mansabdor shaxslar vaqti-vaqti bilan ierarxiyada pastroq bo‘lsa ham yangi joyda paydo bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Mirzaevning bo‘shatilishi kadrlar siyosatiga mutlaqo yangi yondashuv bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin bu voqea uning Jizzax viloyati tumanlaridan biriga hokimi lavozimiga tayinlangani bilan tugadi.

Xodimlarning mansab zinapoyalaridan yuqoriga va pastga tushishi bosqichma-bosqich tizimli atrofiyaga olib keladi. Faqat yangi yuzlar oqimi vaziyatga yangi qarashga, kamchiliklarni sezishga va zamonaviy talablarga moslashishga yordam beradi.

Mansabdor shaxslarda yangi mentalitetni shakllantirishda jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Davlat tizimida qarorlar qabul qilish jarayoni qat'iy vertikalga asoslangani sababli mansabdor shaxslar o‘rtasida hech qanday tashabbus mavjud emas, ular o‘z vazifalarini samarali va malakali amalga oshirishga qodir emas, shuning uchun ham shunchaki xo‘jako‘rsinga faoliyat bilan shug‘ullanishmoqda. Ushbu muammoning eng yorqin namunasiga bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiev tomonidan ta'rif berilgan.

U majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaslik bo‘yicha yig‘ilishlardan so‘ng viloyat va tuman rahbarlari unga paxtaga ishchi kuchini taqsimlash to‘g‘risida so‘rab murojaat qilishganini va bu kabi mansabdor shaxslarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rish zarurligini ta'kidladi.

O‘tgan ikki yil mobaynida O‘zbekiston siyosiy elitasining tashqi ko‘rinishi o‘zgardi. Elita avvalgidan ochiqroq, aholi bilan yangi aloqalar o‘rnatishga tayyor, xalqaro hamjamiyat bilan muloqot qilishdan qo‘rqishni to‘xtatib, hatto yangi formatdagi vakillarni ham qabul qildi. Shu bilan birga, rejalashtirilgan islohotlarni sifatli amalga oshirish uchun siyosiy elita eski boshqaruv usullardan voz kechib, fuqarolik jamiyati bilan samarali muloqot o‘rnatishi kerak.

Iqtisodiyot: liberalizatsiya chegaralari qaerda?

Uzoq vaqt mobaynida groggi holatida (boksda o‘tkazib yuborilgan zarbadan keyingi holat – muharrir izohi) bo‘lgan iqtisodiyot hozirda davlat siyosatining asosiy sahnasiga aylandi. Sobiq SSSR va 90-yillar sotslagerining ko‘plab davlatlariga xos “demonopolizatsiya”, “erkin savdo”, “investitsiya”, “tadbirkorlik erkinligi”, “liberalizatsiya” tushunchalari yangiliklar nashrlaridan tushmay qoldi.

Hukumat aholining daromadlarini oshirish, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish va boshqa islohotlarni rejalashtirmoqda. Xavfsizlik kuchlarining doimiy reydlari sababli yerto‘laga haydalgan biznes vakillari bilan yangi munosabatlar qurilmoqda. Mirziyoev “Akfa” kompaniyalar guruhi asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jaevni Toshkent shahri hokimi lavozimiga tayinlaganida bunga shunday izoh berib o‘tdi.

2017 yil sentyabr oyida mamlakatga erkin konvertatsiya qaytarilib, qora bozorni qisman bartaraf etish va valyuta oqimini iqtisodiyotga qaytarishga yordam berdi. Har qanday yuqori darajali muloqotga investitsiya va savdo bitimlarini imzolashga qaratilgan biznes forum hamrohlik qiladi. Tadbirkorlarning soliq yukini yengillashtirishi va'da qilingan soliq tizimini isloh qilish hozir oxirgi bosqichda. Avvallari daxlsiz hisoblangan fuqarolik aviatsiyasi, avtomobilsozlik, energetika va kimyo sanoati tarmoqlariga xususiy biznesni jalb qilish rejalari ham mavjud. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sohasida monopolistik kuchga ega bo‘lgan bir qator korxonalar tugatildi.

Avvallari daxlsiz hisoblangan fuqarolik aviatsiyasi, avtomobilsozlik, energetika va kimyo sanoati tarmoqlariga xususiy biznesni jalb qilish rejalari ham mavjud. Foto: spot.uz

Davlat, shuningdek, xalqaro hamjamiyat bilan savdo-sotiq va investitsiya aloqalarini kengaytirish istagi borligini namoyish etmoqda. JSTga a'zo bo‘lish g‘oyasi tobora tez-tez eshitilyapti, uzoq vaqt davomida siyosatdagi “o‘ziga xos rivojlanish yo‘li”ning tarafdorlari orasida bo‘layotgan voqealar kulgili tuyuldi. Yaqinda Tashqi savdo vazirligida JSTga a'zo bo‘lish bo‘yicha vazir maslahatchisi lavozimi paydo bo‘ldi.

Qabul qilinishi kutilgan iqtisodiy islohotlar xalqaro moliya institutlarida qiziqish uyg‘otmoqda. Masalan, 2004 yilda qoniqarsiz o‘tkazilgan siyosiy va iqtisodiy islohotlardan so‘ng ERTB yangi davlat strategiyasini ishlab chiqdi va 2017 yilning oxirigacha 153 mln. yevro qiymatidagi oltita yangi operatsiyani yo‘lga qo‘ydi. 2017 yilda Osiyo taraqqiyot banki 2018-2020 yillarga 2,9 mlrd. dollarga mo‘ljallangan davlat bo‘ylab biznes rejasini ma'qulladi. Islom taraqqiyot banki loyihalarini amalga oshirish uchun 1,3 milliard dollar ajratilishini e'lon qildi. Jahon banki bilan o‘ziga xos aloqalar o‘rnatildi, Jahon banki rahbari Mirziyoev bilan ikki marta uchrashdi. Jahon bankining O‘zbekistondagi hozirgi operatsion portfeli 3,3 milliard dollarni tashkil etadi.

Erkin iqtisodiy hududlarni ochish, soliq imtiyozlarini joriy qilish va mamlakatda byurokratiya bilan bog‘liq qiyinchiliklarini kamaytirish orqali hukumat xorijiy sarmoyadorlarni jalb etishga harakat qilmoqda. O‘tgan yilgi Jahon bankining «Doing Business 2018» ​reytingida O‘zbekiston birdaniga 13 pog‘onaga ko‘tarilib, 74-o‘rinni egalladi. Bu iltifot ko‘proq avansligi, albatta, hammaga oydin. Biroq bu siyosiy elitaga islohotlarni qaysi yo‘nalishda amalga oshirish kerakligini anglash imkonini beradi. Aytgancha, avans juda yoqib tushdi va endi hukumat 2022 yilga qadar «Doing Business» ​reytingining eng yaxshi 20 taligiga kirishni rejalashtirmoqda. Agarda hukumat chindan ham samarali iqtisodiy tizimni ishga solmoqchi bo‘lsa, u hatto eng yirik biznes vakillari uchun ham og‘riqli qarorlar qabul qilishga tayyor bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston iqtisodiyotining to‘liq ishlashi uchun hali ko‘p ishlar bor. Bozor islohotlari yarimta bo‘lishi mumkin emas, aks holda ular mamlakat rivojlanishiga teskari ta'sirga ega bo‘ladi.

Protektsionizm siyosatini davom ettirish, mahalliy monopoliyalar manfaatlarini ilgari surish, xususiylashtirish islohotlarni sekinlashtirish savdo-sotiqni liberallashtirish haqidagi bayonotlar bilan bir vaqtda juda g‘alati ko‘rinish bermoqda. Agarda hukumat chindan ham samarali iqtisodiy tizimni ishga solmoqchi bo‘lsa, u hatto eng yirik biznes vakillari uchun ham og‘riqli qarorlar qabul qilishga tayyor bo‘lishi kerak. Faqatgina shu yo‘l bilan tizimning yangi qoidalar asosida ishlashini ta'minlash mumkin.

Xorijiy sarmoyadorlar siyosiy va iqtisodiy tizimlar yangi shaklda ishlayotganiga amin bo‘lmagunlaricha mamlakatga kelmaydilar. Yaqindagina xorijiy sarmoyadorlarning erkin iqtisodiy zonalarga sarmoya kiritganlaridan afsuslanishlari haqidagi e'lon boshqaruvdagilar uchun dastlabki xavfli chaqiruv bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, investitsiyalar natija berishi faqatgina korruptsiyaning va biznes elitasining imtiyozli vakillari orasida moliyaviy oqimlarning taqsimlanishi, barqaror rivojlanish uchun mavjud sharoit va investitsiya loyihalarining mustaqil boshqarish qobiliyatlariga ham bog‘liq.

Oliy ligaga qanday o‘tish mumkin?

Shubha yo‘qki, 2016 yilda hokimiyatga kim kelishidan qat'i nazar, hech bo‘lmaganda dastlabki bosqichda islohotchi deb hisoblanilishi aniq edi. Uyqu holatida bo‘lgan tizim uchun istalgan o‘zgarishlar olamshumul voqeadek tuyuladi.

Bugun mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga qaramasdan, bir qator muammolar shu kungacha yechimini topmadi. Korruptsiya hali ham kun tartibida. Mansabdor shaxslarning hibsga olinishiga oid yangiliklar kamaymadi, samarali chora-tadbirlar hali yo‘lga qo‘yilmagan. Mulkning noqonuniy tarzda tortib olinishi, huquq himoyachilari hibsga va kuzatuvga olinishi, majburiy mehnat kabi ko‘plab holatlar inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat hali ham mukammallikdan uzoq ekanligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Internet ustidan shubhali nazorat, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning blokirovka qilinishi ham insonni hayratga soladi.

«Freedom House»​ning hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston Internet erkinligi bo‘yicha autsayderlar guruhida edi. Bu tasodif emas, albatta.

Birinchi besh yil davomida Mirziyoev eski tizim muammolariga tayanishi mumkin. Biroq ikkinchi muddatda (bunga hech qanday shubha yo‘q) bunday bahonalar qabul qilinmaydi, chunki bu jamoaning zarur islohotlarni amalga oshirishga qodir emasligini anglatadi. Shuning uchun Mirziyoev hukumatda o‘tkazgan vaqtni tahlil qilishi zarur bo‘ladi.

Xalqaro hamjamiyatning ishonchini yo‘qotmaslik uchun hukumat mansabdor shaxslar va jamoatchilikning qarashlarini o‘zgartirishi kerak. Birinchilar, eskirgan boshqaruv usullaridan xalos bo‘lishlari va zamonga mos fikrlashlari kerak. Eski va yangi amaldorlarning bir jamoada ekanliklari ularning orasida kuzatilishi muqarrar bo‘lgan to‘qnashuvlarga olib keladi.

Jurnalistika universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jaevning jamoasidagilar suratga olgan maktabdagi kiyim-kechak haqidagi janjalli reportaji vazir Shermatovning hayratiga sabab bo‘lishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Dunyoni mafkuradan soqit bo‘lgan ko‘zlar bilan ko‘ra oluvchi yangi avlod vakillariga tayangan holda islohotlarni amalga oshirish yanada mustahkam poydevor yaratishi mumkin.

Aholi siyosiy elita tomonidan taqdim etiladigan xizmatlar iste'molchisi sifatida o‘zini namoyon qilishi, bo‘ysunuvchi rolidan xalos bo‘lishi kerak. Buning uchun fuqarolik jamiyati qaror qabul qilish jarayoniga ta'sir o‘tkazish uchun samarali vositalarni ishlab chiqish va muloqotni boshlash tashabbusi bilan chiqishi lozim.

Agar siyosiy elita dastlabki qiyinchiliklardan qo‘rqsa, tizim yana oldingi samarasiz usulda ishlaydi va mamlakatni bir necha yil ortga qaytaradi.

Bundan tashqari, islohotlar jarayonida har qanday mamlakatga xos bo‘lgan tizimli inqirozga tayyor bo‘lish kerak. Uzoq vaqt davomida uyquda bo‘lgan siyosiy tizimlarda faol harakat boshlanishi hayotni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini harakatga keltirishga majbur qiladi.

Faol hayot tarziga o‘rganmaganligi sababli ular bir kunmas bir kun muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Bu tez-tez revizionistlar tomonidan ishlatiladi, ular mashhur “ilgari yaxshiroq edi”, “ [X] davrida bunday bo‘lmas edi”, shiorlardan foydalanishadi.

Mirziyoev jamoasi shu kabi inqirozlarga duch keladi. Asosiy omil rahbariyatning islohotlarni davom ettirishga qodirligi yoki qodir emasligi bilan aniqlanadi. Inqirozni salbiy qabul qilish kerak emas. Aksincha, inqiroz tizimning tirik ekanligidan dalolat beradi va islohotlarni mantiqiy xulosaga keltirish uchun rivojlanish strategiyasini o‘zgartirish imkoniyatini beradi. Agar siyosiy elita dastlabki qiyinchiliklardan qo‘rqsa, tizim yana oldingi samarasiz usulda ishlaydi va mamlakatni bir necha yil ortga qaytaradi.

O‘zbekistonga uning ijobiy imijga ega bo‘lishiga imkon beradigan yana bir muhim jihat — bu davlat boshqaruvi tizimining birgina shaxsga bog‘lanib qolmasligi. Buning uchun 2026 yilda uchinchi prezident hukumatga kelishi kerak. Uning hukumatga kelishi, Mirziyoevning bosh vazir lavozimiga o‘tishi, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi va hokazo fokuslar bilan bir vaqtda sodir bo‘lishi kerak emas. Hukumat haqiqatdan o‘zgarishi Konstitutsiyaga davlatning asosiy qonuni maqomini qaytaradi va o‘yin qoidalarini tasdiqlashga imkon beradi.

Ishga tushirilgan islohotlarning muvaffaqiyati faqatgina O‘zbekistonning siyosiy elitasi hokimiyatda qolishni siyosiy martabaning eng yuqori nuqtasi deb hisoblashni to‘xtatib, butun kuch-qudratlari bilan uni ushlab qolishga harakat qilmaganlaridagina yuz beradi.

Bu esa boshqaruvdagilar Konstitutsiya tomonidan belgilangan muddat ichida imkon qadar o‘z kun tartibidagi masalalarni bajarishga intiladigan tizimni shakllantiradi. Siyosiy madaniyatni rivojlantirish orqali mansabdorlar va aholi orasida “agar u bo‘lmasa, kim?” kabi gap-so‘zlar yo‘qolishi, uzoq muddatli natijalarga erishishning kaliti bo‘lib xizmat qiladi. Bunday sharoitlarda davlat boshqaruvi avtonom mexanizmga aylanadi va unda hokimiyatga kelgan siyosiy elita ushbu mexanizmga moslashadi, buning teskarisi emas.

[1] “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li”“ — I. Karimovning birinchi asarlaridan biri


Ushbu material Norvegiya Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan «Giving Voice, Driving Change — from the Borderland to the Steppes Project» loyihasi doirasida tayyorlandi. «Sabar» tahliliy axborot saytidan ko‘chirib bosildi.

Tag‘in o‘qing
2 may 2023
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 30 aprel kuni kechqurun Turkiya razvedka kuchlari tomonidan “Islomiy davlat” guruhi yetakchisi Abulhusayn Al-Qurayshiy ...
19 yanvar 2023
Eltuzga hajviya yozib berishim kerak. Ilxom parisi kemayapti. Sovuq bo‘lgani uchun qamotlari to‘ngib qolgan bo‘lsa kerak. Issiq guppini ustidan ...
12 avgust 2019
«Tolibon» harakati rahbarining o‘rinbosari Mulla Abdulg‘ani Barodar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda oshig‘ich ehtirom bilan kutib olingani rasmiy Qobul e'tiroziga sabab ...
18 yanvar 2018
Prezident Mirziyoev o‘z chiqishlarida «eski zamonlar tugaganini» bot-bot eslatishiga qaramay, uning mulozimlari Karimovni qo‘msashda davom etishmoqda. «Shu tizim ichida ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...