Asosiy mavzular
30 mart 2018

30 mart – Toshkentda ilk bor AQSh kompyuterlari namoyish qilindi

1988 yili Toshkentda bir necha kun davom etgan ko‘rgazma tomoshasiga uzundan-uzoq navbatga turishganini eslayman. Men jurfakda o‘qirdim va bir necha kursdoshim bilan ko‘rgazmaga kirish uchun ertalabdan VDNXga yetib bordik.

rasm1051
Toshkent, 1988: Kompartiya mulozimi Shukrullo Mirsaidov ko‘rgazma ochilishida lentani qirqmoqda. foto: Amanda Merullo.

Ko‘rgazma Reygan va Gorbachev o‘rtasida Jenevada imzolangan madaniyat almashinuvi bitimi doirasida o‘tkazilgandi.

Oddiy odamlar og‘irini yengil qilishga qaratilgan bu texnik anjomlar bizning tasavvurimizdagi dunyoni «radiaktiv kulga» aylantiruvchi texnikaga mutlaqo o‘xshamasdi.

Yana bir tomoni, o‘sha paytda rasmiy tili ruscha bo‘lgan Toshkent uchun ko‘rgazma o‘zbek tilida gidlar qo‘yilishi bilan ham farqli edi.

O‘sha kuni men va bir qancha hamkursim darsga bormadik, turnaqator navbatda, keyin esa ko‘rgazma pavilonida kuni bo‘yi qolib ketdik. Ertaklardagi kabi ko‘rmaganlar ko‘rishni, ko‘rganlar yana bir bor kirishni orzu qilgan ko‘rgazma edi bu.

Tasavvurlarning o‘zgarishi

rasm1049
Toshkent, 1988: Ko‘rgazma gidi (Michael Haney) kompyuter jihozlarini namoyish qilmoqda. foto: Amanda Merullo.

Kompyuter texnikasi haqidagi tasavvurim u paytlar universitetimizning fizika-matematika kafedrasidagi kibernetika kabinetiga qo‘yilgan, hayotdan yiroq, bahaybat va primitiv, sovetlarning elektron hisoblash mashinalari darajasida edi.

EHM darsi bizga faqat bir chorak o‘qitilgan. U ham bo‘lsa, allaqaysi murakkab matematik amalni bajarish darajasida. Bu dasturning nomi nima ekani, nimaga asqatishi mumkinligi hozirgacha esimda yo‘q. Sovet tashviqotiga yo‘g‘rilgan lektsiyalarda ko‘proq «chirib borayotgan Amerika imperializmini texnologiya sohasida dog‘da qoldirayotganimiz» haqida konspektlar yozish talab qilinardi. Bu darslarning eng zerikarli bo‘lganini eslayman, xolos.

O‘zbek tilli amerikalik bizga kompyuterlar qanday ishlashini tushuntirarkan, oddiy cho‘pon qo‘ylarini kompyuter yordamida qanday boshqarishini videoekranda namoyish qilib ko‘rsatdi, ertakdagi kabi…

Tili chuchuk amerikalik bilan o‘zbekcha gaplashish menga yoqdi. Uni ko‘proq tinglash uchun savollar berdim.

«Men bo‘lg‘usi jurnalistman, menga qanday asqatishi mumkin bu raqamli texnika?»

U menga uzoq masofadan turib matn yoki video qanday uzatilishi, kompyuterda maqola yozish qanchalik oson va qulay ekanini tushuntira boshladi. Kompyuter ekranidagi o‘zbek tilida terilgan matnni ko‘rsatib, qanday yengil tahrir qilish mumkinligini namoyish qildi va tezgina printerdan chiqarib qo‘limga berdi.

Meni lol qoldirgan narsa silliq qog‘ozga tip-tiniq bosilgan kirillcha «o‘,q,g‘,h» harflari va atigi bir necha kunlik ko‘rgazmani deb o‘zbekcha harflarni dasturlashtirgan amerikaliklar bo‘ldi.

O‘zbek tilida hatto mexanik yozuv mashinkasi chiqarishga qudrati yetmagan sovet mamlakati vatandoshi uchun bu chinakam mo‘'jiza edi.

Ko‘plarni qiziqtirgan ko‘rgazmadagi amerika avtomobilidan ham ko‘ra meni o‘sha kompyuter ko‘proq qiziqtirdi, vaqti kelib shalog‘i chiqqan «Moskva» mashinkamni shunday kompyuterga almashtirishni orzu qildim, orzuim ushalganini o‘quvchim allaqachon tushungan bo‘lsa kerak.

Tag‘in xotiramda qolgani talabalarning sovet polietilen paketi bilan amerikanikini solishtirishgani bo‘ldi. Yopishtirilgan chokidan so‘kilib ketadigan sovet paketidan farqli o‘laroq, amerikaniki uncha-munchaga yirtilmasdi.

rasm1052
Ko‘rgazmada tarqatilgan esdalik nishon

«Universitetning eshigi yopilsa ochilmaydi»

Bir nechta kursdosh ko‘rgazmadan tilimiz burro bo‘lib qaytdik. Ko‘ksimizda ko‘rgazmadan esdalik nishon, darsliklarimiz uning reklamasi tushirilgan plastik sumkada.

Biroq eyforiya uzoqqa cho‘zilmadi. Sovet matbuoti tarixi fanidan kiradigan Pidaev degan domla men bilan qattiq jiqillashib qoldi.

Domla lektsiyasiga kechikib kelgan talabani auditoriyaga qo‘ymaslik uchun unga tagdor qilib «Eshikni narigi tarafidan yopib qo‘yishingiz mumkin», dedi.

Talaba u tomonidan yopishga uringani bilan ochilib ketaverdi. «Yopilmayapti, domla».

Kimdir xirgoyi qildi: «Universitetning eshigi-yo ochilsa yopilmaydi»… Kulgi ko‘tarildi.

«Hukumatimiz biror texnika tugul normal ochilib yopiladigan eshik ham chiqarmagan». Bu gapim domlaning g‘azabiga kerosin sepganday bo‘ldi. «G‘arbga sotilgan sizlarga o‘xshagan talabalar bilan men imtihonda gaplashaman!»

Tezgina amerika paketlari dermantin qoplangan sovet papkalariga almashdi. Yozgi imtihonlar yaqinlashib qolgan edi. Domlaga imtihon topshirishim qiyin bo‘ldi, u meni «sovetlarga yot unsur» sifatida so‘roqqa tutdi.

Keyinchalik diplom ishimni ham jurnalistikadan yiroq «Yapon she'riyatida shakl va mazmun» degan mavzuda yoqlashga majbur bo‘ldim.

rasm1054
«Erk» gazetasi – kompyuterda terilgan ilk o‘zbek gazetalaridan biri bo‘lgan

Mafkuraviy diversiya

Vaqt o‘tib, bizga ilk bor zamonaviy media mo‘'jizasining qanday ishlashini ko‘rsatgan va kompyuter nashr uskunasiga o‘zbek harflarini kiritgan insonning kimligini bildim.

Uning ismi Bil Firman edi. Amerika ko‘rgazmasidagi o‘zbek tilli ikkinchi gid esa «Amerika ovozi» jurnalisti Abdulla Chig‘atoy bo‘lgan.

O‘sha yili nafaqat mening domlam, balki ular dars bergan o‘zbek sovet jurnalistlari ham amerika texnikasi ko‘rgazmasiga g‘ayirlik bilan qarashgan.

«Sovet O‘zbekistoni», «Prava Vostoka», «Toshkent oqshomi» gazetalarida TASS muxbirlari Krujilin va Xisomovning «Mafkuraviy diversiya» sarlavhasi ostida ko‘rgazmaga va AQShga qarshi maqolalari ham bosilgan edi.

Keyinchalik Amerika diplomatlari O‘zbekistondagi «Erk» demokratik partiyasiga ixcham bosma uskunasi – kompyuter va lazer printerini sovg‘a qilishdi.

Shu uskuna keltirilgan kundan boshlab «Erk» gazetasini chiqarishda ayni faoliyati va Muhammad Solihning ukasi bo‘lgani uchun qamoqqa tashlangan Muhammad Bekjon bilan ancha vaqtgacha birga ishlaganman.

O‘zbekiston tarixidagi kompyuterda terilgan ilk gazetani chiqargan jurnalist Muhammad Bekjon 18 yil eng so‘nggi qo‘ng‘iroqqacha qamoqda qoldi va faqat 2017 yilning 22 fevralida, 63 yoshida qamoqdan chiqdi.

Muxolifatning varaqa shaklidagi dastlabki «Erkin so‘z», «Turkiston», «Xorazm», «Hurriyat» kabi gazetalari o‘sha uskunada terilgan.

Davr aylanib ushbu maqola Amerikaning Intel shirkati yaratgan protsessorda ishlaydigan kompyuterda terildi.

Eltuz.com saytining o‘zi ham, falakning gardishi bilan, Amerikaning eng mukammal serverlaridan bo‘lgan xostingida ishlay boshladi.

Amerika kompyuterlari jurnalistikaning an'anaviy shakliga shiddatli ta'sir o‘tkazdi, uni o‘zgartirdi va bu o‘zgarishlar hozir ham davom etmoqda.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 noyabr 2018
Taniqli o‘zbek xonandasi Sevara Nazarxonni mahalliy TVda va boshqa joylarda namoyish etilayotgan reklama roliklarida ko‘p uchratish mumkin. Uning hamma ...
23 aprel 2019
Shveytsariya yangiliklarini rus tilida yorituvchi «Nasha gazeta» nashri mamlakat Federal jinoiy sudi Gulnora Karimova ishi yuzasidan ikkita qaror chiqargani ...
9 iyun 2020
“Uzauto Motors”ning Asakadagi zavodida avtobuslar garajida navbatchi mexanik bo‘lib ishlagan, ikki o‘g‘ilning otasi, 53 yoshli Ahrorbek Sayfiddinov ko‘richakning zo‘rayishi ...
24 aprel 2017
So‘nggi ikki hafta davomida o‘zbek televideniesining bosh xabar dasturlari «Davr» va «Axborot»da sezilarli o‘zgarishni kuzatish mumkin. Teleko‘rsatuvlarda garchi, yangi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...