Vaqt mashinasi
18 aprel 2020

18 aprel – Avrangzeb mushriklar ibodatxonalarini vayron qilishni buyurdi

Avrangzeb (toj bezagi) deya tarixga kirgan Abul Muzaffar Muhiddin Muhammad Olamgir (1618—1707) Hindistonda Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi deya atalgan davlatning podshohi edi.

Sulton Muhammad Avrangzeb Bahodir Shoh Jahon va Mumtoz Mahalning uchinchi o‘g‘lidir.

Matematika va fiqh bo‘yicha yetuk olim darajasida ilmi bo‘lganini tarixchilar yozadi.

Ulkan sulola vakili va podshoh bo‘lishiga qaramay, faqir musulmon kabi kiyinib, kamtarona yashagani aytiladi.

Avrangzeb Qur'onni yod bilar, talaygina she'rlarni yoddan o‘qir, o‘zi ham she'r yozardi. Ammo qattiqqo‘l, qon to‘kishni oddiy bir zarurat deb biluvchi toshbag‘ir kishi edi.

U qirq to‘qqiz yil hukmronlik qilib, 1707 yilda 89 yoshida Ahmadobod shahrida vafot etdi.

Hindistonda Islom dinining yoyilishi Avrangzeb ismi bilan bog‘lanadi. Avrangzeb o‘zidan oldingi temuriy hukmdorlarning mushrik va otashparastlarga toqatlilik siyosatini to‘xtatib, buddaviylar ibodatxonalarini vayron qiladi.

Musulmon bo‘lmaganlarga jizya solig‘ini soladi.

Bugungi til bilan aytganda, Avrangzeb siyosatda IShID va salafiylar formatida ish ko‘radi.

Avrangzeb Hindistonda keng yoyilgan naqshbandiylik va boshqa sufiylik tariqatlarini shirkka tenglashtirib, ta'qib va tazyiq ostiga oladi.

Avrangzeb 1658 yilda akasi Doro Shukuhni asirga olgach, otasi Shoh Jahonni ham taxtdan tushirib, qasrda mahbuslikda saqlaydi.

Ko‘p o‘tmay, ukasi Murodbaxshni ham ushlab zindonga tashlaydi va o‘sha yerda bo‘g‘ib o‘ldirtiradi.

Kichik akasi Shoh Shujo‘ darbadarlikda Birma tuprog‘iga o‘tib, o‘sha yerda butun oila a'zolari bilan birga qaroqchilar qo‘lida o‘lib ketadi.

Katta akasi Doro Shukuhni dinsizlikda ayblab, zindondan olib chiqadi va shahar maydonida boshini kestiradi. O‘sha kuniyoq Doro Shukuhning kesilgan boshini laganga solib, mahbuslikda yotgan kasal otasi Shoh Jahon oldiga kiritadi.

Shoh Jahon esa mahbuslikda sakkiz yil yig‘lab-yig‘lab, ko‘zi ko‘r bo‘lib, olamdan o‘tadi.

Avrangzeb esa qirq to‘qqiz yil hukmronlik qiladi.

«Tazkirat ul-havotun»da aytilishicha, Avrangzebning besh o‘g‘li va besh qizi bo‘lgan. O‘g‘illari – Muhammad Sulton, Muazzam Shoh (keyinchalik Bahodir Shoh), A'zam Shoh, Muhammad, Amin Kom Baxsh; qizlari — Badriniso begim, Zebunniso begim, Ziynatniso begim, Zubdatniso begim va Mehriniso begimlardir.

Zebunniso begim o‘z zamonasining fozila ayollaridan Hafiza Maryambonu qo‘lida savod chiqargan.

Otasi Zebunnisoning shoirlik iste'dodini payqab, unga o‘z davrining yetuk olimlaridan Mullo Muhammad Ashraf Isfahoniy va Mullo Jovonni muallim qilib tayinlaydi.

Zebunniso begim zabardast shoira, yetuk olima, tanbur chertuvchi usta sozanda va mohir xattot bo‘lib yetishadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2015
Bizning huquq himoyachilarimiz, muxolifatchilar va oddiy fuqarolar ham odatda hokimiyatdan adolat va himoya izdashadi, – ular shunchaki hokimiyat yo‘q ...
4 iyun 2018
O‘zbekistonning 90 foiz bozorini egallagan qo‘shma korxona shaklidagi “O‘zBAT” aktsiyadorlik jamiyati 2017 yil yakunlari bo‘yicha 1 trillion so‘mdan ortiq ...
6 iyul 2017
O‘zbekistonlik adib va ruhshunos olim, bir qancha hikoyalar va she'rlar muallifi Mahmud Yo‘ldoshev 2-iyul kuni o‘zining audiokitobini chop etdi. ...
22 dekabr 2020
Joriy yilning 15 dekabrida 35 yoshli Z.B. uch o‘g‘lini va o‘zini suvga tashlamoqchi bo‘lgan vaqtda Sirdaryo viloyati Shirin shahri ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...