Asosiy mavzular
25 yanvar 2017

O‘zbek matbuotining abgor ahvoli

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining maktubi menga 25 yillik jurnalistik faoliyatimda hukumat tarafidan yopilgan va men ishlagan «Erk», «Munosabat», TV ALC nashrlari taqdirini eslatdi.

Bu nashrlarning sungisi yopilar ekan, men 2005 yil Andijon voqealaridan so‘ng o‘z erkimni va kasbiy imkoniyatimni yo‘qotmaslik uchun so‘nggi chora sifatida surgunni tanlashga, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgandim.

23 yanvar kuni Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi CPJ Shavkat Mirziyoevga murojaatnoma jo‘natdi. Bunda u ikkinchi prezidentni OAVga nisbatan repressiv siyosatni to‘xtatish va mamlakatdagi jurnalistlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan cheklovlarni yo‘q qilishgan da'vat etdi.

2014 yili «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti Muxammad Bekjonni matbuot erkinligi mukofoti bilan takdirlagan edi

„Saylovoldi kampaniyasi davomida Siz hukumatning fuqarolar oldidagi hisobdorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishni va'da qilgandingiz. Bunday hisobotchilikka erishishning eng to‘g‘ri yo‘llaridan biri mustaqil ommaviy axborot vositalarining jazolanishdan qo‘rqmay ishlashini kafolatlashdan iborat».

CPJ maktubiga ko‘ra muxolifatdagi “Erk” gazetasida men bilan birga ishlagan Muhammad Bekjon va Yusuf Ro‘zimurodovlar jahonda eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalistlardir.

«Erk» gazetasining tugatilishi

«Erk» gazetasi bir muddat horijda ham chop etildi

Biz Muhammad Bekjon  va Yusuf Ro‘zimurodovlar bilan birga bu gazetada biror daromad qozonishni ko‘zlab ishlamagandik.

Biroq, 1992-yilga kelib gazeta tirajining 100 ming nusxagacha chiqishi bilan tahririyat xodimlariga tuzukkina oylik va qalam haqi to‘lash imkoni paydo bo‘ldi.

Shu tariqa mening mehnat daftarchamda ham yangi sahifa ochildi.

Aynan o‘sha davrni O‘zbekistonda demokratiya va so‘z erkinligining eng gullagan davri deyishim mumkin.

1992 yili talabalar shaharchasidagi shafqatsiz bostirilgan namoyish Karimovga muxolifatni va mustaqil matbuotni yo‘q qilishi uchun kart blansh berdi.

«Erk» gazetasiga qarshi ochilgan tergov ishida Muhammad Bekjon va boshqa jurnalistlar bilan birga meni ham uzoq tergov qilishdi.

Tahririyatning moliyaviy faoliyati ancha to‘kis bo‘lganini namoyish qilgan tergovda qalam haqi olgan har bir muallif so‘roq qilindi.

Hozir aniq eslolmayman lekin uch so‘mu qanchadir tiyin miqdorida menga «ortiqcha qalam haqi yozilgani» yuzasidan sud ajrimi chiqarildi.

Tinimsiz tergov va asabbuzarliklar meni Toshkentni tark etishga, xususiy biznes bilan shug‘ullanishga majbur etdi.

Besh yil efirda – hukumat nuqtai nazaridan o‘zgacha

ALC telekompaniyasi jurnalistlari Shuhrat va G‘ayrat Bobojonovlar. 1998 yil

O‘zbek ochiq jamiyati jiddiy bo‘hronni kechirayotgan davrda, Toshkentdan ming chaqirim uzoqda bir million auditoriya uchun mustaqil televizion kanal ochish, jonli xabarlar yetkazish imkoni bugun cho‘pchakday eshitiladi.

Biroq o‘sha davrgacha yozilgan qonunlar, bizning Nafis san'at markazi xissadorlari sifatida mustaqil matbuot muassisi bo‘lishimiz mumkinligini taqozo qilardi.

Shu tariqa 1994-yilning aprelida biz, akam Shuhrat Bobojon bilan ALC telekompaniyasini davlat ro‘yxatiga olinishiga erishdik.

Lekin Urganchdagi bu telekompaniya faoliyati ham bizning ixtiyorimizsiz tugatildi.

1999 yilgi parlament saylovi paytida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi qarori bilan yopildi.

Qarorda sabablardan bir sifatida Telekompaniya tahririyati nuqtai nazarining hukumat nuqtai nazariga zid kelishi bo‘lgani bildirilgandi.

1999 yilning 20 noyabrida esa studiyaga O‘zbekistondagi tsenzura institutini tamsil qiluvchi 20 dan ortiq idoralarni birlashtirgan Muvoffiqlashtirish komissiyasi vakillari keldi.

O‘sha kuni kechqurun dunyoning turli nuqtalarida hokimiyatlar tomonidan so‘z erkinligiga tazyiqlar, qo‘shni respublikalarda radio va telekanallari qanday yopilganiga oid tahliliy ko‘rsatuv dasturidan so‘ng, xabarlarni uzatayotgan jurnalist Mehribon Bekievaning aytgan so‘zlari shu bo‘ldi.

“Biz har safar “Ertagacha hayr” deya hayrlashardik, bu gal biz siz bilan noma'lum muddatgacha hayrlashamiz…”

Kamera va efir ochiq qolgan, Mehribon esa yoqasidagi petlichkalarini olib tashlab studiyani tark etayotgan bu payt, studiya joylashgan Matbuot uyining panjaralar bilan himoyalangan 8 qavatiga, qo‘riq xizmati xodimlarining qarshiligiga qaramay, Militsiya boshlig‘i ko‘magida komissiya vakillari yetib kelishgan. Ular bizdan eshiklarni ochishimizni talab qilishardi…

Toshkent portlashidan Andijon qirg‘inigacha

2004 yil 3 may, Toshkent. Erkin matbuot kuni bayramida

Urganchdagi mustaqil ALC telekompaniyasi tugatilgan 1999 yil hukumat erkin fikrni bo‘g‘ish uchun bunga parallel, mutlaqo boshqa bir yomon stsenariyni, Toshkent portlashlarini qo‘llaganini ham kuzatdik.

Maxsus uyushtirilgani iddao qilingan portlashlarda aybdor qilinib «Erk» gazetasi muxarriri Muxammad Bekjon 14 yilga, Yusuf Ro‘zimurod 15 yilga qamaldi.

Biroq bu davrni ham o‘zbek mustaqil jurnalistikasining buguniga «nisbatan yumshoq davr» deya hisoblash mumkin.

Chunki CPJ murojaatida keltirilgan, BBC World Service, RFERL, Associated Press, “Doyche Velle”, IWPR  kabi horijiy OAV byurolari hali Toshkentda erkin faoliyat yurgizayotgan edi.

Jurnalistlarning mamlakat voqealarini yoritishda, nisbatan mavqei saqlangandi.

Har holda mansabdor shaxslarning muxbir mikrofoniga gapirmasligi bugungidek oson bo‘lmagan davr edi bu.

Mustaqil jurnalistlar jamoasinining har yili Toshkentda 3 may kunini Erkin matbuot kuni sifatida ko‘tarinki ruhda nishonlashi an'anaga kirgandi.

Ammo yuqorida aytganimizdek, bu 2005 yilning, mash'um jumasi, 13 mayiga qadar davom etdi.

Axborot vakuumi ostida

2014 yili Solijon Abduraxmonov Germaniyadagi Filipp Palm jamgarmasining Suz erkinligi mukofotiga sazovor bo‘ldi. Biroq taqdirlash marosimida na mahkumning o‘zi na biror yaqin qarindoshi ishtirok eta olmadi

Andijon voqealaridan keyingi davrni O‘zbekistondagi korruptsion hukumatning to‘la rivoj topgan, erkin matbuotni to‘la yo‘q qilingan  davri deya hisoblash mumkin.

2005 yilning may oyida Andijon shahrida hukumat kuchlari yuzlab namoyishchilarni otib o‘ldirgan edi.

Jurnalistikamizning o‘sha paytdan to shu bugungacha bo‘lgan davriga «anonim manbalar bilan ishlash» tajribasi juda xos.

Ayni o‘sha davrda Toshkentdagi byurolaridan ajralgan nashrlar «axborot olish qiyin bo‘lgan hududlarda ishlash» qoidalarini o‘zlariga tadbiq qila boshlashdi.

Shu tartibda Uznews.net, “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolarida ishlagan jurnalist Solijon Abdurahmonov 2008 yili 10 yilga qamaldi.

«Ozod ovoz» mustaqil axborot sayti uchun Samarqand viloyatidagi fermerlar huquqlarini poymol etilgani haqida maqolalar yozgan jurnalist Dilmurod Sayid 12,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Turli taxalluslar bilan maqolalar yozgan marxum prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimov esa xamon Samarqanddagi ruxiy shifoxonada saqlanmoqda.

«Matbuot bizda eng demokratik…»

O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi xalqaro bo‘limi boshlig‘i Dilnoza Murodova

2015 yili BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi muzokaralarida o‘zbek rasmiylari O‘zbekistondagi OAV eng demokratik va jurnalistlarning ta'qib qilinishi xaqidagi gaplar asossiz ekanini isbotlashga urinishdi.

O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi xalqaro bo‘limi boshlig‘i Dilnoza Murodovaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida OAV «faolligini oshirish, ochiqlik va oshkoralikni  ta'minlash» yuzasidan  10 ta qonun va hujjatlar qabul qilingan.

«O‘zbekiston OAV erkin faoliyati uchun yaxshi sharoitlarni ta'minlash  maqsadi yo‘lida og‘ishmasdan va muntazam choralarni ko‘rib kelmoqda» dedi jumladan Dilnoza Murodova.

Biroq, CPJ Edvokasi bo‘limi qamalgan jurnalistlar soni bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda turishini bildirdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining 2017 yilning 3 yanvarida keltirgan ro‘yxatiga ko‘ra O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 10 mamlakatdan 33 chet el muxbiri akkreditatsiya qilinganini pisanda kildi.

32 million axolisi bilan Markaziy Osiyoda eng yirik bo‘lgan mamlakat uchun bu eng past ko‘rsatkichdir.

Ahvol prezident almashganidan keyin ham o‘zgarmadi

Jamshid Karimov hamon ruhiy shifoxonada saqlanmoqda

2016 yilgi prezidentlik saylovlariga YeHHT kuzatuvchilari salbiy baho berdi.

Saylovni kuzatish missiyaci xisobotida, «so‘z erkinligi, jamoa birlashmasi va yig‘ilishlarga cheklov qo‘yilishi, demokratik saylovlarni olib borishda jamoatchilik ishtirokini ancha cheklagani», aytildi.

Qonunchilikka zid tarzda tsenzuraga olib boruvchi holatlar, axborot ustidan hukumat nazorati va  «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlar bilan nomzodning sha'niga putur yetkazgan» shaxs uch yilgacha qamalishi mumkinligi, shu cheklovlar sirasiga kiritilgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonga oid 1400 dan ortiq manbalar borligiga qaramay, saylovchilar muqobil fikrdan xabardor bo‘lishmagan, chunki mamlakatda xalqaro tahliliy yoki tanqidiy veb-saytlarga kirish imkoniyati yo‘q.

Ayni paytda, Mirziyoev prezidentlikka o‘tirgan kunidan bir oy vaqt o‘tib  mahkum jurnalistlarning taqdiri o‘zgarishsiz qolayapti.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 oktyabr 2019
«Toshkentga yurish» qilgani uchun qamalgan 56 yashar shoir Mahmud Rajab o‘n kunlik hibsdan so‘ng 3 oktyabr kuni mahalliy vaqt ...
29 aprel 2016
O‘zbek matbuotining bu jazavasiga 12 aprel kuni, “Toshkent” telekanalida START berildi. O‘sha kuni bu telekanal, kechki praym taym vaqtida, ...
29 iyul 2024
Parij Olimpiyadasida Rossiya sportchilari O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etadi, Isroil G‘azodagi maktabga zarba berdi. Trampga suiqasd ortidan AQShning maxfiy xizmati ...
26 noyabr 2022
Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda qatnashib O‘zbekiston muntazam armiyasi va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...