Asosiy mavzular
3 aprel 2017

Navbaxor Karimova: Yoqmasa «Axborot»ni ko‘rmang

Oy oxirlayotgan kunlarda prezident videoselektor majlis o‘tkazdi. «Kun.o‘z» sayti o‘z manbalariga asoclanib, davlat rahbari bu majlisda «O‘zbekiston» va «Yoshlar» telekanallari nomini tilga olib, «Axborot» dasturiga ham to‘xtalib o‘tganini ma'lum qildi.

«Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. «Axborot» ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak», degan prezident.

Lekin majlis haqida lavha namoyish etgan «Axborot» bu tanqidga to‘xtalib ham o‘tirmadi.

Gap boshqa – hayot boshqa

O‘zbekistondagi asosiy yangiliklar dasturining o‘zini bu kabi tutishi marhum prezident Islom Karimov bilan bog‘liq bir eshitmani esga soldi.

Unga ko‘ra, prezident Karimov bir chiqishida oshkoralik, erkinlik, xalq manfaatiga qayg‘urish yo‘lida OAVning roli haqida kuyib-pishib gapiribdi.

Uning bu gaplariga ishongan katta rahbarlardan biri prezident aytgan yo‘nalishda ish boshlab, ancha nom qozonibdi.

Bundan xabar topgan marhum prezident uni o‘z yoniga chaqirib: «Men bu gapni xalq uchun aytdim, rahbarlar uchun aytganim yo‘q» deb, rosa koyib, orqasiga tepib xonasidan chiqarib yuborgan ekan.

Umuman, I.Karimov odamlar oldida boshqacha gapirib, aslida hayotda boshqacha ish tutgani sir emas.

TV ham buni yaxshi bilgan holda marhum prezident qancha erkin bo‘l desa, buni shuncha «qisib yur», degandek qabul qilar, tutgan yo‘lidan umuman adashmasdi. Shunchalik silliq edi TV.

«Bizni ish uslubimiz shunaqa»

TV faoliyatiga oid oldingi sharhimizda yangiliklar dasturi, jumladan, «Axborot»ning ham prezident farmon va qarorlarini to‘liq o‘qib berishga o‘tganini tanqid qilgan edik.

«Axborot»ning ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinib turadigan cuhandoni bizning bu tanqidimizga e'tiroz bildirib: «Biz avval ham shunday ishlar edik. Yoqmasa ko‘rmang» qabilida fikr yozib qoldiribdi.

(feysbukdagi izoxdan skrinshot)

Aslida jannatdan xabarlar uzatadigan bu dasturni ko‘rishga bizning ham unchalik ishtiyoqimiz yo‘q. Lekin shimi yirtiqning ustidan kulayotgan ishtoni yo‘qlarga o‘zi yalong‘och ekanligi eslatib qo‘yish uchun uni ko‘rishga majburiyat sezamiz biz.

Noo‘rin gapirib, uyalib qolmadikmi, deb ancha xijolatomuz holatga tushib turgan bir paytimizda prezidentning o‘zi ura-urachilik zamoni o‘tib, tanqidiy va tahliliy ko‘rsatuvlar beradigan zamon kelganini e'lon qilib qoldi.

Shundan kelib chiqib, «Axborot»ning himoyachisi bo‘lgan xonim bizning tanqidlarimizga yana e'tiroz bildira olishiga ishonchimiz yo‘qroq, deyishga o‘zimizda qudrat seza olamiz.

Ishtoni yo‘q oldidagi majburiyat…

Endi gap prezidentning qat'iyatiga qoldi. Agar u marhum ustozining gapi boshqa, tutgan yo‘li boshqa siyosatiga sodiq bo‘lmay, bugun o‘zi e'lon qilgan qat'iyatidan qaytmasa, «Axborot» kabi ko‘rsatuvlar o‘zgarish sari yuz tutishi shart.

Bu yo‘lda o‘zi o‘sha yerda ishlab, O‘zbekistondagi bosh yangiliklar dasturi o‘zgarishiga to‘siq bo‘layotgan qandaydir shaxslarning prezidentga qarata:»Yoqmasa, ko‘rmang», deya olmasligiga biz kafolat beramiz!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2020
Joriy yilning 15 fevral kuni o‘zbek ijtimoiy mediasi IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi videolar muhokamasiga ...
23 sentyabr 2024
Surxondaryoning Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konida sodir bo‘lgan yangi avariya oqibatida to‘rt kishi o‘ldi. Rassom Tuz karikaturasi
26 sentyabr 2018
Toshkent markazidagi aholi ko‘chirib yuborilib qurilayotgan «Toshkent siti»da go‘yoki taniqli bokschi Mayk Tayson uy sotib oldi, degan reklama roligi ...
8 avgust 2019
“Eltuz” nashri sobiq siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamoqda yozgan “Qo‘rquvning nariyog‘ida” ikkinchi kitobi 12-qismi audioversiyasini taqdim etadi. Kitobning bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...