Asosiy mavzular
19 iyun 2017

Prezident ishora berdi: diniy mahkumlar ozodlikka chiqadimi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yaqinda Toshkentda din arboblari, jamoat va davlat idoralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakat uchun juda muhim bo‘lgan bir masalaga to‘xtaldi.

Lekin negadir na mustaqil nashrlar, na shu masala haqida o‘nlab yillardan buyon gapirib kelayotgan inson huquqlari faollari bunga jiddiy e'tibor qaratmadi. Har holda shu kungacha bu haqda o‘qimadik.

Garchi videoselektor shaklida o‘tgan mazkur tadbir haqida ko‘p gapirildi. Ammo Mirziyoevning diplomatlarga xos tarzda aytgan gaplari qanchalik muhim bo‘lmasin, e'tibordan chetda qoldi, deb deyishga to‘la asosimiz bor.

Gap shundaki, prezident diniy ayblovlar bilan qamalganlarning bir qismini ozodlikka chiqarishga tayyor ekaniga ishora berdi!

«Adashgan yoshlarni tarbiyalashimiz, kerak bo‘lsa, jazoni o‘tash joylariga ham borib, ular bilan gaplashishimiz lozim. Chin dildan tavba qilib, ota-onasi, oilasi bag‘riga, to‘g‘ri yo‘lga qaytishni niyat qilgan odamlarga amaliy yordam berishga men davlat rahbari sifatida doimo tayyorman», dedi prezident Mirziyoev.

Bu juda muhim ishora emasmi? Axir u yerda gap O‘zbekiston qamoxonalarida yotgan ming-minglab diniy mahkumlar taqdiri haqida boryapti-ku?!

Gap aynan ular haqida borayotganini prezidentning: «Agar u e'tiqodsiz bo‘lib, chalasavod bo‘lib, xiyonat qilib, boya aytganimdek, ikki tomon bilan ham “o‘yin” qilaman, bu davlat ketsa, anavilar kelib qolsa, ular bilan ham til topishaman, deb nayrang qiladigan bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, bunday “nomer”lar bizga o‘tmaydi«, degan so‘zlari ham tasdiqlab turibdi.

Ya'ni prezident tavba qilganidan so‘ng ozodlikka chiqarilajak mahkumlarni ogohlantiryapti!

Bundan tashqari, u O‘zbekistonda davlatning davlat sifatidagi rolini ta'minlashga, kerak bo‘lsa, radikal dindorlarning tanobini tortib qo‘yishga, buning uchun qattiqqo‘l siyosat yuritishga tayyorligini ham bildirdi.

«O‘zbekistonda davlat davlatchiligini qiladi, qonun ustuvor bo‘ladi. Xudoga shukur, davlat rahbari sifatida buni ta'minlashga mening kuchim ham, bilimim va salohiyatim ham albatta yetadi. Bu haqiqatni hech kim, hech qachon esidan chiqarmasin!» dedi Mirziyoev.

Shu bilan birga, prezident «ashaddiy terrorchi va ekstremistlar»ni ayab o‘tirmasligini bayon etdi. Chunki «ularga gap uqtirib, insofga chaqirishning hech qanday foydasi yo‘q», degan qarorga kelganini bildirdi.

Shavkat Mirziyoev ularga qarshi shafqatsiz kurashish borasida dunyoning zo‘rlari, xususan, AQSh prezident Donald Tramp bilan fikri bir joydan chiqayotganini qistirib o‘tganida katta ma'no bor.

U bunday kurashish uchun ana shu zo‘rlardan «dobro» olganiga ishora qilmoqda.

Albatta, prezidentning nutqida arzimagan sabablar, tuhmatlar bilan qamoqqa tiqilgan diniy mahkumlarni oqlash yoki ularni to‘liq reabilitatsiya qilish haqida gap bormayapti.

Ular baribir aybdor hisoblanib qolaveradi. Zero, gap tavba qilganlar haqida bormoqda.

Ammo mana shu qadamning o‘ziyoq nekbin kayfiyatlar uyg‘otishga asos bo‘la oladi nazarimizda. Birinchi qadam har doim og‘ir bo‘ladi.

Balki bu keyinroq aybsiz qamalganlarni reabilitatsiya qilish yo‘lida poydevor bo‘lib xizmat qilar?!

Huquq himoyachilari hisobiga ko‘ra, O‘zbekistonda, hukumat tomonidan «diniy ekstremistik tashkilotlarga a'zolikda ayblangan»  10 ming nafar atrofidagi mahkumlar bor. Ularing aksariyat ko‘pchiligi hech qanday zo‘rovonlik harakati sodir etishmagan, biroq nomutanosib tarzda uzoq muddatli jazolar olishgan. Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini, «davlat tashkilotlari doirasidan tashqarida» islomni o‘rganayotgan odamlarga nisbatan ortiqcha shafqatsizlik qilayotganini qoralab keladi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 mart 2017
18 mart kuni Turkiyaning turli shaharlarida 76 ta yashirin fohishaxona ochgan O‘zbekiston vatandoshi 36 yashar Madina Shukurova Istanbul Ota-Turk ...
7 iyun 2019
Jumadan jumagacha o‘tgan davrda e'tiborga tushgan voqealarni sanasam. Xorazmdagi kelin qaynotasini so‘yib tashladi. Qaynota go‘rda, kelin qamoqda. Bir qadam ...
15 yanvar 2019
Samarqandga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yangi soliq siyosati doirasida joriy yil yakuni bo‘yicha respublikada 5,5 trln so‘m ...
21 sentyabr 2020
Ayollar diskriminatsiyasi va gender tenglikka qarshi harakatlar avval masjidlarda, ichki ishlar xodimlari orasida (ayollarni yechintirib, to‘dalashib tomosha qilib videoga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...