Asosiy mavzular
18 sentyabr 2017

BMT minbarida Mirzieev o‘zbek tilida gapiradimi?

Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida 19-25 sentyabrda o‘tadigan oliy siyosiy muzokaralarida ma'ruza qilishi kutilmoqda.

Bu uning BMTdagi ilk ma'ruzasi bo‘ladi. Shuning uchun mamlakatda katta o‘zgarishlarga bel bog‘lagan yangi prezidentning mazkur yuksak minbarda qaysi tilda nutq so‘zlashi ko‘plab o‘zbekistonliklarni qiziqtirmoqda.

Assambleya tarixida, aksar davlatlar rahbarlari BMTda har doim o‘z tilida gapirib kelishgan. BMTning rasmiy tillari sirasiga kirmasa-da, Yaponiya bosh vaziri yaponcha, Hindiston rahbari hindcha, Eronniki forscha (va hokazo) ma'ruza qilishdan uyalishmagan.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 26 yildan oshdi. Mamlakat rahbari bu davrda BMT minbaridan turib bir necha marta ma'ruza qildi.

Lekin, ming afsuski, hali bu yuksak minbardan o‘zbekcha biror jumla yangramadi. Go‘yoki, o‘zbeklarning o‘z davlati yo‘qdek…

Mustaqil O‘zbekiston rahbari Islom Karimov tarixda ilk bor BMT minbariga 1993 yil 28 sentyabrida ko‘tarilgandi. O‘shanda u BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida nutq so‘zlagandi.

Ammo nutqi o‘rischa edi mustaqil O‘zbekiston rahbarining. Bu paytda hali mamlakatda muxolifat birmuncha tirik edi. Xalq hali salgina erkin fikrlay olardi.

Shuning uchun, BMTda O‘zbekiston rahbarining o‘zga xalq tilida so‘zlagani ko‘pchilikning yuragiga og‘ir botdi. Yurakka olingan bu og‘irlik hali ham zalvorini yo‘qotgani yo‘q.

Islom Karimov ruscha fikrlardi, dili rus edi. Uning oila a'zolari hali ham o‘zbekchalab ikki jumla aytishga tili bormasligi, balki o‘ziga ep ko‘rmasligi ehtimol shundandir.

Shunga qaramay, davlat rahbarining BMTdagi chiqishi mafkurabozlar quroliga aylandi. Ular ma'ruza qaysi tilda bo‘lganiga emas, uning so‘zlovchisiga e'tiborni burib turdi.

So‘zlovchi madh etildi, uning mahridagi mamlakat ahli esa bundan masrur bo‘ldi. Ziyolilar yuksak minbarning bir necha daqiqalik egasiga bag‘ishlab she'rlar, maqolalar yozdi. Ulamolar bu haqda amri ma'ruflarda to‘lqinlanib gapirdi.

O‘zbekman deb ko‘ksiga urganlar ularga jo‘r bo‘ldi. Nega davlatimiz rahbari BMTga borganida o‘zbekcha gapirmayapti, deb so‘raydigan bo‘lmadi.

Oxiri madhlanuvchi o‘zi uyushtirib, o‘zi o‘ynaydigan bayram kunlaridan birida cho‘bir otini minib, “Mana senlarga”, deya narigi dunyoga jo‘nab yubordi.

Bugun Shavkat Mirziyoev oldida butun bir xalq yuragida toshdek qotgan ana shunday armonni ushaltirish masalasi turibdi.

Bu nafaqat mamlakat obro‘si, balki o‘z qaddini tiklayotgan xalq, qolaversa, turkiy lisonlarning eng ulug‘laridan bo‘lmish o‘zbek tili nufuzi uchun ham muhimdir.

BMT minbarida turib ilk bor o‘zbek tilida ma'ruza qilgan davlat rahbari bo‘lishdek ulug‘ martabaga erishish bugun Shavkat Mirziyoevning o‘z qo‘lida.

Ostonada islom davlatlarining fan va texnologiyaga bag‘ishlangan sammitida O‘zbekiston prezidenti bu boradagi ilk qadamini qo‘ydi. Yirik xalqaro siyosiy anjumanda davlatimiz rahbari ilk bor o‘zbek tilida ma'ruza qildi.

Ba'zi mahalliy nashrlar Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasi yig‘inida ham o‘zbekcha ma'ruza qilishi kutilayotganini yozmoqda.

Demak, o‘zbek tili uchun tarixiy kun qarshisida turibmiz. Zora shunday bo‘lib chiqsa…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 noyabr 2021
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Rossiya jurnalistlari uchun 22 oktyabrda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirgan gaplari o‘zbek faollarining ...
11 yanvar 2018
1 yanvardan Toshkent shahrining davlat byudjetidan mablag‘ bilan ta'minlanadigan bolalar bog‘chalarida to‘lov narxlari 24,3 foizgacha qimmatladi. Davlat byudjetidagi maktabgacha ...
11 aprel 2018
DXX raisi Ixtiyor Abdullaevning islomiy tahdid haqidagi bayonotidan so‘ng, mustaqil manbalarning «Eltuz»ga xabar berishicha, Musulmonlar idorasi kotibiyati bo‘limi mudiri ...
21 aprel 2020
Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozning «Segoh»iyu «Suvoro»larini tinglab, shuurim doim boshqa taraflarga yo‘naladi… Alloh ruhiga rahmat aylasin, buyuk Hofiz dindor ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...