Asosiy mavzular
4 dekabr 2017

Armiyani kuchaytirishda mantiq bor

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda kuchli o‘yinchi bo‘lishga intilish barobarida harbiy qudratini ham oshirib bormoqda.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining 4 dekabr kuni Toshkentga safari oldidan O‘zbekiston Rossiyadan 12 ta «Mi-35» ko‘p maqsadli vertolyotlar sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgani to‘g‘risida xabar tarqatildi.

Bu vertolyotlarni yetkazib berish keyingi yildan boshlanishi kutilmoqda.

Mazkur shartnoma Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedov va uning o‘rinbosari Dmitriy Rogozinning Toshkentga qilgan safarlari ortidan imzolandi.

Biz o‘shandayoq O‘zbekiston Rossiya bilan harbiy sohada yanada jiddiyroq hamkorlik qilishga intilishini taxmin etgan edik.

Yana taxmin qilishimiz mumkinki, bu shartnoma rasmiy Toshkentning qurol-yarog‘ sotib olishga oid kelishuvlarining debochasi, xolos. Hali ko‘p bunday shartnomalar haqida eshitishimiz ehtimoli yuqori.

Prezident Shavkat Mirziyoev yaqinda Turkiyaga qilgan safaridan ham harbiy sohada e'tiborli kelishuvga erishib qaytgandi. Bu kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda turklarning zirhli harbiy mashinalari ishlab chiqariladi.

O‘zbekiston rahbarining harbiy sohadagi bunday izchil qarorlarining ildizini joriy yilning boshlaridan izlash kerak.

U Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida «qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan qayta ta'minlash – bugungi va istiqboldagi eng muhim vazifa ekani» haqida gapirgandi.

Shuningdek, Mirziyoev mamlakatda harbiy sanoat majmuasini barpo etish istagini ham e'lon qilgan edi o‘shanda. Ayni paytda bu boradagi sa'y-harakatlar kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Xo‘sh, mamlakat keskin iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirayotgan bir paytda mavjud imkoniyatlarning bir qismini shunday ham Markaziy Osiyoda eng kuchli deb e'tirof etiladigan armiyaga yo‘nalshtirish qanchalik mantiqli, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Fikrimizcha, Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashmas ekan, Markaziy Osiyo ustidagi «qora bulut» tarqamaydi.

Dunyodagi nufuzini qaytarib olishga urinayotgan Rossiyaning AQSh bilan manfaatlari to‘qnashayotgan bu hududda esa hali-beri tinchlik o‘rnatiladiganga o‘xshamaydi.

Rossiya «Tolibon»ga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani to‘g‘risidagi xabarlar paydo bo‘layotgani ham bejizga emas.

Qolaversa, Iroq va Suriyadan quvib chiqarilayotgan IShID jangarilari uchun hozir eng maqbul mamlakatlar orasida Afg‘oniston ham borligini yodda tutish lozim.

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, O‘zbekistonning o‘z armiyasini imkon qdaar tezroq modernizatsiya qilishga intilishi mantiqli ko‘rinadi.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 iyul 2017
Prezident Mirziyoevning 29 may kungi qarori bilan «O‘zbekenergo» 6 562 nafar elektromontyorni, «O‘ztransgaz» esa 4 255 nafar gaz tekshiruvchini ...
22 mart 2019
Ushbu maqola «Eltuz» muxbirining bir-birini tanimaydigan qator toshkentlik tadbirkorlar bilan suhbatlari asosida tayyorlandi. Maqolada gap tadbirkorlarga ochiqcha tahdidlar qilib, ...
2 mart 2020
Aleksandr Lukashenko Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlar bir-biri bilan namunali aloqa o‘rnatish o‘rniga «shovqin-suron ko‘tarish» bilan mashg‘ul bo‘layotganini ma'lum ...
8 mart 2020
Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati)ning sobiq raisi Rustam Inoyatov O‘zbekiston tennis federatsiyasi rahbari lavozimidan iste'foga chiqdi. Bu ...
Bloglar
13 sentyabr 2023
Islom Karimov odamlar orasida yashamagani uchun yutuqlarga erisha olmadi. U o‘zining virtual yopiq dunyosini yaratdi ...
12 sentyabr 2023
(Bir to‘y haqida o‘y) Qo‘shiqchi Munisa Rizaevaning to‘yiga bir million dollarning tepasida rasxod bo‘ldi. Pulni ...
20 avgust 2023
Fayzulla Ubaydullo Xo‘ja o‘g‘li, ya'ni Fayzulla Xo‘jaev 1896 yil 15 martda Buxoro amirligida tug‘iladi. Otasi ...