Asosiy mavzular
18 dekabr 2019

Harakatchan daraxtlar yoki Olmaota voqeasi

Bundan roppa rosa 33 yil oldin, 1986 yilning 17-18 dekabr kuni Sovet Ittifoqi rahbariyati Olmaota yoshlarining isyonini shafqatsizlarcha bostirgan edi.

AQSh kongressi kutubxonasiga ko‘ra, voqeada 200 dan ko‘proq kishi o‘ldirilgan. Nazarboev hukumati bu isyondagi qatl ko‘lamini yashirib keladi. Zotan, Nazarboevning o‘zi QozSSR Ministrlar Kengashi raisi sifatida qo‘zg‘olon ko‘targan talaba va yoshlarga qarshi qurol ishlatishga buyruq bergani qozoq faollari tarafidan aytib kelinadi.

Isyon Qozog‘iston rahbarligiga rus millatiga mansub mulozimning tayinlanishini milliy kamsitish deb bilgan talaba yoshlarning noroziligi o‘laroq tarixga kirdi.

Bu isyon haqida yozgan «Sovet O‘zbekistoni» gazetasi “qozoq yoshlari SSSRga xiyonat qildi», deya yozg‘irgan paytda universitet gazetasi muxbiri o‘laroq, o‘shanda boshqacha fikrni ifoda etishga jur'at qilgan edim.

Jurfakning 4-kursida o‘qirdim. 1986 yilning 16 dekabrida qozoq yoshlari Olmaotada kommunistik hukumatga qarshi ommaviy norozilikka chiqqani haqida xabar keldi.

Norozilik chiqishi 50 ming nafar sovet desanti sapyor belkuraklari yordamida qonli tarzda bostirilgan, sovet gazetalari esa voqeaga ommaviy bezorilik deya baho bergandi.

Keyin… yotoqxonamizga dahshatli xunrezlik aks etgan videokassetani ko‘tarib qozoq talabalari kelishdi. Qaerdandir «Elektronika» videomagnitafoni ham topildi.

Bu tasvirlar hozirda bor-yo‘qligini bilmayman, ammo mening tishlarim g‘ijirlab aytgan gapim bu bo‘ldi: «Baobablarni arralash payti keldi».

O‘sha tun men sarlavhaga chiqqan nom ostidagi esseni yozib tugatdim.

Bu esse kichik millatlarning emin-erkin gullab-yashnashi uchun sovet tuzumini, Ekzyuperi ta'biri bilan aytganda, millatlar uzra dahshatli ildiz otgan ulkan yagona baobabni yo‘q qilish kerakligi haqida edi.

Millatlar o‘z huquqlarini o‘z qo‘llariga kiritishlari uchun bu shovinistik daraxt arralanishi kerak edi.

O‘sha paytda fakultetning «Jurnalist» o‘quv gazetasiga kursimizdan men mas'ul edim, bundan tashqari, «Sado» devoriy gazetasini ham chiqarardim.

Tezgina maqolani terishga berdim. Uni bosishlariga shubham bor edi, shunga sabrim chidamay grankani, ya'ni o‘sha paytda tsenzura idorasiga ketadigan nusxani kutdim.

Bu paytda allaqachon essening qo‘lyozma nusxasi hamkurslarim qo‘lida qo‘lma-qo‘l o‘qila boshladi…

Kechgacha bosmaxonada qolib, gazeta nusxasini nihoyat oldim, yuragim hapqira boshladi. Demak zulm mashinasini sindirish mumkin!

Biroq ertasiga gazeta chiqmadi. Talabalar orasida shov-shuv boshlandi.

«Nima bo‘ldi?»

«Tsenzura o‘tkazmadi!»

Maqolani kurs devoriy gazetasi tarzida chiqaradigan bo‘ldik va uni tayyor bosma grankasi bilan tezgina tayyorlab, ertasi kuni kafedra foyesiga osdik.

Ungacha essening dovrug‘i jurnalistika va filologiya fakulteti orasida yoyilib bo‘lgan, uni tanaffusda ham, lektsiya paytida ham guras-guras bo‘lib o‘qishardi…

Keyin… devoriy gazeta sirli g‘oyib bo‘ldi.

Komsomoldan haydalish

Avvaliga Toshkent KP obkom qo‘mitasining qandaydir kabinetiga chaqirishdi, biroq kaltakning kattasi dekanimiz Nesterenko domlaning boshida sindi.

Stolda maqolam bosilgan ko‘p tirajli «Jurnalist» gazetasining noyob nusxasi va «Sado» devoriy gazetasi turardi.

«Kommunist bo‘lmagan oddiy talabaning bosmaxonaga kirishi va sinov grankalarini imzolashi» o‘sha payt uchun o‘ta katta siyosiy ayb sanalardi.

Meni komsomoldan haydash komsomol qo‘mitasi kun tartibiga qo‘yiladigan bo‘ldi. Bundan negadir shod edim. «Nihoyat a'zolik badali to‘lamayman!»

«Xursand bo‘ladigan joyi yo‘q buni, komsomoldan haydalgan talabani o‘qishdan haydashadi», – dedi kursdoshim, kombyuro a'zosi Dilorom hafsalamni pir qilib.

«Haydalish»ni universitet qo‘mitasi umumyig‘ini hal qilishi kerak edi. Masalamni o‘zlari hal qilmay, katta majlisga olib chiqqan kombyurodan ham minnatdor bo‘lishim kerak asli.

Besh yuz tomoshabinga mo‘ljallangan universitet madaniyat saroyi o‘sha kuni talabalar bilan liq to‘la bo‘ldi. Hamma atay o‘sha masalani munozaraga qo‘yish uchun kelgandi.

Kun tartibiga qandaydir tashkiliy masalalar kiritilgani e'lon qilingach, qiy-chuv boshlandi.

«Kun tartibidagi asosiy masala qani?», «Qaysi masala?», «Olmaota masalasi»…

U payt hali SSSR qudratli davlat edi, talabalar esa anjumanga meni himoya qilish uchun astoydil tayyorlanib kelishgandi.

Domlamiz, kelib chiqishi qrim tatarlaridan bo‘lgan Bekir Ablaevich: «On je velikiy interpretator frantsuzskogo pisatelya», degandi men haqimda o‘shanda tagdor qilib.

Meni komsomoldan haydashdi, lekin o‘qishdan haydashmadi.

Video: https://youtu.be/rHpPfIAyt6U
Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 yanvar 2020
Yozuvchi Nabijon Boqiy oshkoralik siyosati sharofati bilan 80 yillarda O‘zbekistondagi KGB arxivlariga kirishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ayni hujjatlar asosida ...
6 iyun 2016
Yildan yilga mamlakatda aholi sonining oshishi, pul topish qiyinlashgani va o‘qish sifatining pasaygani bois Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ...
6 aprel 2020
Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida “Otarchilar, yo‘taling”, “Ozodbek, day million” degan chellenjlarga javoban “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi axborot xizmati bildirgi chiqardi. ...
15 may 2023
Toshkentda olti sotix yer maydoni hujjatlarini rasmiylashtirishga 600 mln so‘m so‘ragan shaxs ushlandi. Oldinam firibgarlik jinoyati uchun sudlanib yosh ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...