Asosiy mavzular
15 yanvar 2018

Armiya qudratlimi yoki yolg‘onimiz?

14 yanvar kuni O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni shu paytgacha misli ko‘rilmagan darajada keng nishonlandi.

Prezidentning shu munosabat bilan tabrigi ham avvalgilaridan ancha salmoqli bo‘ldi, matbuotning reaktsiyasini esa aytmasa ham bo‘ladi.

Prezident tabrigidan kelib chiqilsa, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston milliy armiyasi marhum davlat rahbari Islom Karimov davrida misli ko‘rilmagan yuksaklikka ko‘tarilgan.

«Haqiqatan ham, tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiya barpo etildi, deb g‘urur va iftixor bilan aytishga bugun barcha asoslarimiz bor», dedi Shavkat Mirziyoev o‘z tabrigida.

Holbuki, bundan bor-yo‘g‘i bir necha kun avval Milliy xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida milliy armiya to‘g‘risida prezident butunlay tanqidiy fikr bildirgan edi.

Xususan, u «Mudofaa vazirligidagi ko‘plab mansabdor shaxslar ishonchni oqlamagani, o‘zlarini ko‘rsatishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, ularda tashabbus yo‘qligi, mustaqil qarorlar qabul qilishni, mas'uliyatni o‘ziga olishga tayyor emasligi»ni ta'kidlagandi.

Mudofaa vazirligining sobiq rahbariyati haqida gapirgan davlat rahbari: «Ochiq aytish kerak, ular asosan eski usullar bilan ishlab, qo‘shinlar bilan muntazam aloqa o‘rnatmagan, harbiy kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e'tibor qaratmagan, zarur hollarda mustaqil qaror qabul qilishda ularga qat'iyat yetishmagan», degan edi.

Prezident sobiq mudofaa vaziri Qobul Berdievni qattiq tanqid qilib, uning hamtovoqlaridan bo‘lgan o‘nlab harbiy rahbarlar ishdan quvilganini ma'lum qilgandi.

Prezidentning bayram tabrigi va Xavfsizlik kengashidagi nutqidagi bu qarama-qarshi fikrlarga e'tibor berganlar har holda so‘nggisiga ishonishi ishonchliroq.

Chunki bayram baribir bayram-da. Bayramda yaxshi gaplar yomon gaplardan ko‘proq aytiladi. Shunga o‘rganib qolganmiz.

Biz har doim maqtanamiz, milliy armiyamiz MDHda Rossiya va Ukrainanikidan keyin eng kuchli, Markaziy Osiyoda esa eng zo‘rimiz, deb.

Prezidentning gaplaridan keyin esa ba'zi masalalarda shubhalanib qolamiz. Demak, armiyamizda muammolar hali juda mo‘l. Hal qilinadigan masalalar esa yanayam ko‘p.

Shu paytgacha mudofaa uchun davlat byudjetidan qancha mablag‘ ajratilishi ko‘pchilikka, hatto bu byudjetni qabul qiladigan deputatlarga ham sir edi.

Endi esa bu maqsadlar uchun yalpi ichki mahsulotning 4 foizi ajratilishi e'lon qilindi. Bu ko‘pmi yoki kam?

Agar rivojlangan davlatlar miqyosida olib qaraganda, ancha ko‘p. Chunki ular mudofaa uchun, asosan, YaIMning 2 foizi atrofida mablag‘ sarflaydi.

O‘zbekiston va uning atrofidagi davlatlardagi vaziyatni hisobga olganimizda esa mamlakatimiz me'yorida mablag‘ sarflamoqda. Buni ochiq tan olish kerak.

Rossiya bosh vaziri va o‘rinbosarining o‘tgan yil kuzdagi Toshkentga tashriflari doirasida harbiy-texnik hamkorlikka doir imzolangan hujjatlar ham O‘zbekiston maqsadlariga xizmat qiladi.

Birinchi qadam sifatida Rossiyadan ancha-muncha «Mi-35» vertolyotlari sotib oladigan bo‘ldik. Lekin armiyamizning zamonaviy qurol-yarog‘ bilan ta'minlanganlik darajasi, agar mustaqil ma'lumotlarga asoslanadigan bo‘lsak, hamon Qozog‘iston va Turkmanistonnikidan kam.

Demak, mudofaa maqsadlariga O‘zbekiston miqyosida juda katta hisoblangan mablag‘ sarflanar ekan, uning samarali ishlatilishini ta'minlash zarur.

Ask holda yana bir necha yildan so‘ng prezidentning Xavfsizlik kengashidagi tanqidlaridan ko‘ra kattaroq e'tirozlarini eshitishimiz hech gap emas.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 oktyabr 2016
Yodnomalarni shoir va yozuvchilar bitsin ekan. Chunki ularning tafakkur doirasi boshqalarnikidan ko‘ra kengroq bo‘ladi. Shu kunlarda marhum prezident Islom ...
2 iyun 2017
17 iyundan ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan «O‘zbekiston 24» telekanali ko‘rsatuvlari mazmunining eskisidan farqli bo‘lishiga ishonish qiyin. Chunki, yangi telekanal boshqa axborot ...
6 oktyabr 2021
Farg‘ona politexnika instituti o‘qituvchisining «Eltuz»ga yozishicha, joriy o‘quv yilidan boshlab yengil sanoat va to‘qimachilik fakulteti boshqa binoga ko‘chirilishi va ...
20 iyun 2017
15 iyun kungi selektor yig‘ilishida Prezident Mirziyoev qo‘sh xotinlik muammosini tilga oldi. «ZAGS hujjati bo‘lmagan shaxslarga nikoh o‘qigan har ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...