Catira
29 yanvar 2018

O‘tin solig‘i

Yaqinda viloyatga borib, bir tanishimnikiga kirdim. Darvozaxonasida bir qop to‘la o‘rik daraxti o‘tini turgan ekan.

O‘tin biror kasallikka chalinmagan, hali bemalol necha yillar meva qiladigan o‘rik daraxtidan kesib tayyorlangani shundoqqina ko‘rinib turardi.

Nega o‘rikni kesding, nima, o‘tinga zoriqib qoldingmi, deb so‘radim tanishimdan.

O‘tinga zoriqqan joyi yo‘q ekan. Uyida gaz bor. Lekin o‘tin o‘g‘li o‘qiyotgan maktabni isitish uchun kerak ekan.

«O‘g‘lim shahardagi litseyda o‘qiydi. Bizda bor gaz ularda yo‘q. Shuning uchun hamma o‘quvchilarga o‘tin solig‘i solishgan», deb aytib qoldi tanishim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabni isitish uchun o‘quvchilarning o‘tin olib kelishi majburiydir. Har bir o‘quvchiga oyiga bir marta bir qop o‘tin olib kelish topshirig‘i berilgan.

Rasmiylarning gaz bilan isitilmaydigan ta'lim muassasalarini ko‘mir bilan ta'minlashga oid gaplarining qanchalik to‘g‘riligini shunda angladim.

Tanishim uyida o‘tin bo‘ladigan hech narsa yo‘q bo‘lgani uchun hovlisidagi bittagina o‘rigini kesib, o‘tin qilib qo‘yibdi. Erta-indin o‘g‘lining navbati kelganida o‘tinni litseyga olib boradi.

Hukumat bugun meva-chevaning xorijga eksportini ko‘paytirishga urinayotgan paytda «o‘tin solig‘i» kabilar bu sa'y-harakatlarga soya solishi turgan gap.

Qolaversa, ipakchilikni rivojlantiramiz deb turganimizda gaz, ko‘mir yo‘qligidan odamlar tut daraxtlarini kesib yoqayotgani ham sir emas.

Tanishim bilan suhbat davomida gapdan gap chiqib, maktablardagi yig‘di-yig‘dilar mavzusi ko‘tarildi. Sinf fondi, obuna, remont puli, xullas, hamma narsa uchun o‘quvchilardan pul yig‘iladi.

Bu yig‘di-yig‘dilar faqat uning o‘g‘li o‘qiydigan litseygina emas, butun O‘zbekiston ta'lim tizimi uchun xos bo‘lgan xususiyat ekani esa bugun ko‘pchilikka ma'lum.

Ayniqsa, yig‘di-yig‘dilar aksariyat ota-onalarni holdan toydirmoqda. Bu yoqda qimmatchilik, bu yoqda pul ber, deydiganlarning keti uzilmaydi.

«Agar o‘g‘limni detdomga berib yuborsam, bu yig‘di-yig‘dilardan ko‘ra ancha arzonga tusharkan», deya istehzo bilan kuldi tanishim.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 may 2020
Dissertatsiya qo‘lyozmasi toshqinda yaroqsiz holga kelganini iddao qilgan 28 yashar sirdaryolik Kamola Abrorxonovaga prezident topshirig‘i bilan doktorlik darajasi berildi. ...
3 avgust 2018
Toshkentda Yo‘l harakati xavfsizligi nozirlari yo‘lda ro‘molli haydovchi ayollarni to‘xtatib, ularga chora ko‘rayotgani haqida xabar tarqaldi. Rassom Tuz O‘zbekistondagi ...
18 aprel 2017
18 aprel kuni Qirg‘iziston prezidenti Almaz Atambaevning 20 yashar kenja qizi Aliya Shagievaga tegishli «Feysbuk» va «Instagram» ijtimoiy tarmoqlaridagi ...
26 yanvar 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 38-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Hayot – ilmdir. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...