Siyosiy irodami yoki yana va'dabozlik?
O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash kampaniyasi boshlandi. Bu kurashni mamlakat prezidentining o‘zi boshlab berdi.
Mamlakatda majburiy mehnat yillar davomida mavjud tuzumning ajralmas qismi bo‘lib kelmoqda. Barcha rahbarlar shu ishga bosh qo‘shib kelganini bosh vazirning o‘zi tan oldi majburiy mehnat bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda.
“Ha, avval o‘zimiz majbur qilardik, o‘zimiz bosh bo‘lardik. Lekin endi siyosat o‘zgardi. Yurtboshimiz xalqparvar siyosat e'lon qildi”, dedi Abdulla Aripov.
Balki bu e'tirof ayrimlarning “vaqtida Mirziyoevning o‘zi shu ishlarning boshida turgan”, degan iddaolariga javobdir.
Mamlakatda Mirziyoev davrida ham majburiy mehnat davom etayotgani hukumatning eng yuqori pog‘onalarida ma'lum bo‘lgan. Ehtimol bu ishlar aynan yuqorining irodasi bilan qilib kelingan.
Bosh vazirning videoselektordagi aytgan faktlari, quyida keltirilgan raqamlar shundan darak beradi:
“Oliy ta'lim muassasalarining 2017-2018 o‘quv yilidagi holati tahlil qilinganda, mamlakat bo‘yicha ko‘cha supurish ishlariga 17 ming, ariq tozalash ishlariga 4 ming, qurilish ishlariga 7 ming, dala ishlari, chopiq, chekanka, yig‘im-terimga 23 ming nafar talaba va o‘qituvchi majburan jalb etilgani aniqlandi.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 9 mingdan ortiq, Andijon viloyatida 8 ming 500, Jizzax viloyatida 5 ming, Namangan viloyatida 2 ming 600, Toshkent viloyatida 5 ming 500 ga yaqin talaba va o‘qituvchilar turli ishlarga jalb qilingan”.
Ko‘rinib turibdiki, garchi bu statistika haqiqiy ahvolni aniq namoyon etmasa-da, hukumat nafaqat o‘qituvchi, shifokor va talabalar majburiy mehnatga yo‘llanganini bilgan, balki buning hisobini ham yuritgan.
Bularning hammasi prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidan qaytgach, Oliy Majlis Senati huzurida majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha alohida komissiya tashkil etilgandan so‘ng bo‘layotgan ishlar.
Lekin bu harakatlarni “hashar” ortiga yashirishga urinildi. Hech kim nega ular ish, o‘qish vaqtlarida o‘zlarining asosiy funktsiyalarini bajarmay, hokimto‘ralarning buyruqlarini bajarib kelganiga izoh bermadi.
Hatto bosh vazir xalq ta'limi vaziri va sog‘liqni saqlash vazirlarini o‘z xodimlarini majburiy mehnatdan asrash o‘rniga, “hokimbo‘ri”larning qo‘liga topshirib qo‘ygani uchun tanbeh ham berdi. Go‘yoki prezident aytmaguncha o‘zi bu haqda bilmagandek…
E'tiborni tortadigan yana bir jihat shuki, 2018 yil uchun ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb qilish maqsadida 714 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Gap hokimlar bu pulni ishlata olmayotganida emas, nega ishlatmayotganida. Bu byudjet mablag‘i bo‘lib, ertaga pullar qanchalik maqsadli ishlatilgani yuzasidan hisobot berishda.
Hozir esa hisobot topshirish oson emas. O‘qituvchiyu shifokorlarni tekinga ishlatish bundan ancha oson.
Ertaga talab etiladigan javob qo‘rquvi ko‘plarni bu pullarni ishlatishdan tiyib turibdi. Aks holda ajratilgan mablag‘ning katta qismi kimlarning cho‘ntagiga allaqachon kirib ketgan bo‘lardi.
Qo‘yning bo‘riga topshirilishini qarangki, majburiy mehnatga chek qo‘ymaslik yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etishi belgilangan tashkilotlar qatorida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ham bor.
Paxta mavsumidagi majburiy mehnatni yashirishga eng katta hissa qo‘shayotgan tashkilot shu emasmi aslida?
Xullas, O‘zbekistondagi majburiy mehnat masalasida savollar shunchalik ko‘pki, ularga javoblarni topish oson kechmaydi.
Lekin xulosa shuki, agar majburiy mehnatga chek qo‘yish prezident va hukumatning siyosiy irodasi o‘laroq namoyon bo‘lsa, muammo asta-sekin bo‘lsa-da, nisbatan qisqa davrlarda hal etiladi.
Aks holda majburiy mehnatga chek qo‘yish masalasi yana va'dabozlik, balandparvozlik, ura-uralarga boy navbatdagi kampaniyaga aylanadi.
Sardor Azim
eltuz.com