Mahmud Yo‘ldoshev: Toshkentda «9 may qichimasi» boshlandi
Negadir turli tabaqalardagi ba'zi kishilarda yana 9 mayni bayram qilish «qichimasi qo‘ziyapti».
Bu sana bizda Ikkinchi jahon urushida qatnashib halok bo‘lganlarni xotirlash, (hamma halok bo‘lganlarni) eslash kuni.
Bu sana biz uchun bayram emas, xotira kuni. Xotirlash va bayramning farqiga boraylik.
Quyida men bir «postga» izoh sifatida mana bu so‘zlarni yozib qoldirdim: U tizimni mustabid tizim deymiz. Ammo uning bayramini bayram qilamiz! Mantiq bormi o‘zi bizda?
O‘sha davlatni o‘z vaqtida qulatishga harakat qilganlarni hurmatlamaymiz, hatto sotqin deymiz. Keyinchalik o‘sha davlatni qulatganlarni, aslida qulagandan keyin chiqqan baqiroqlarni qahramon deymiz. Yana qani mantiq?
Bu davlatning, ya'ni bosqinchilarning kelmasligi uchun kurashganlarni «bosmachi» deymiz, o‘z uyida bosmachiga aylangan qahramonlarni haqoratlaymiz!
Bostirib kelib, «Sizlarga madaniyat olib keldik», deganlarni qahramon deymiz. Qani mantiq!? Biz ham oqni oq, qorani qora deyishni boshlaylik, axir.
Vaqt allaqachon yetib keldi.
Mahmud Yo‘ldoshev
O‘zbekistonlik psixolog olim
Eltuz.com