Ko‘zqarash
9 iyul 2018

Alisher Taksanov: Militsiya lyustratsiya qilinishi kerak

Kattaqo‘rg‘onda militsiya kapitanining ayol kishini qip yalong‘och qilgan holda tahqirlagani o‘zbek jamiyatida juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Karimberdi To‘ramurod fotosi.

Ayni paytda bu voqea yuzasidan Bosh prokuratura, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi kabi tashkilotlar vakillari turli bayonotlar berdi.

Ammo bu bayonotlarda aybni tizimdan emas, shaxsdan qidirishga urinishlar o‘zbek jamiyatining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, xorijda yashayotgan o‘zbekistonlik dissident jurnalist Alisher Taksanov Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboevani ichki ishlar idoralari bilan mojarodan qochib, jinoyatni huquq-tartibot vakolati yuklangan mansabdor shaxsning insoniy sifatlari – tarbiyasizligi va axloq normalarini bilmaganiga yo‘yishga intilishda aybladi.

Bundan avvalroq T.Norboeva voqea yuzasidan fikr bildirib, “bu o‘rinda, avvalo, gap mazkur “erkak”ning tarbiyasi darajasiga borib taqaladi”, deya bayonot bergandi.

Bunga javoban A.Taksanov bosh vazir o‘rinbosarining e'tiborini voqea bozorda, kinoteatr yoki “qizil chiroqlar” ko‘chasida emas, IIVning rasmiy idorasi bo‘lmish Kattaqo‘rg‘on TIIB binosida sodir bo‘lganiga qaratdi.

Uning ta'kidlashicha, kapitan San'at Umarov o‘g‘irlikda ayblangan ayolni ochiqchasiga tahqirlayotganda bu voqeani binodagi o‘nlab xodimlar, jumladan, yuqori unvonli ofitserlar ko‘rmasligi mumkin emas edi. Lekin hech kim kapitanni qonunbuzarlikdan to‘xtatishga urinmagan.

“Hech kim unini chiqarmadimi, demak bu o‘sha yerda bo‘lgan barcha organ vakillarining jinoyati. Shuning uchun javobgarlik solidar tarzda bo‘lishi kerak”, deydi jurnalist.

Uning qayd etishicha, davlat xalq nomidan IIV xodimlariga faqat qonun ijrosi uchun foydalanilishi kerak bo‘lgan alohida vakolatlar (huquq emas) beradi.

“S.Umarov vakolatlari doirasidan chiqib, Jinoyat kodeksini buzgan ekan, bunda IIVning ham aybi bor. Hamma narsani tarbiyaga yo‘yishga urinish militsiyada mavjud muammolarning bir qismi, xolos. Agar bunday sadist ishlagan ekan, demak u ilgari ham rahbariyatning qo‘lloviga ega bo‘lgan”, deydi A.Taksanov.

“To‘g‘rirog‘i shuki, bunday ish uslubi O‘zbekistonning jazolash-qatag‘on qilish organlari faoliyatida anchadan buyon qo‘llanilib kelinadi. Umarov ham ushlanganlarni kamsitish, haqoratlash, balki qiynash va tahqirlashni odatiy ish uslubi deb bilgan”, deya davom etadi jurnalist.

A.Taksanovning fikricha, militsiyani “tarbiyasizlar”dan tozalash uchun medikamentoz usullar emas, to‘liq jarrohlik operatsiyasi darkor. Aynan lyustratsiya qilish va yangi mezon hamda talablar bo‘yicha yangidan tuzish kerak.

So‘zi oxirida jurnalist tahqirlangan ayolga ma'naviy zararni qoplash uchun IIVni sudga berish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga yetadigan katta mablag‘ undirishni maslahat beradi.

Ayni kunlarda kattaqo‘rg‘onlik tahqirlangan ayol voqeasiga bunday keskin munosabatni turli ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab boshqa yuzerlar ham bildirmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu voqea yuzasidan kapitan San'at Umarovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ehtiyot chorasi sifatida u qamoqda saqlanmoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 fevral 2020
Toshkent harbiy mahkamasi sobiq mulozim Rafiq Sayfulin va O‘zbekiston qurolli kuchlari birlashgan shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yorboboevni davlatga xoinlik ...
31 avgust 2021
O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida «Eltuz» muxbiri «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih bilan suhbatlashdi. Muhammad Solihning so‘zlariga ko‘ra, ...
29 aprel 2016
«Hurriyat» gazetasida Xalqaro yoshlar birdamlik kuni munosabati bilan e'lon qilingan maqolada bugungi kunda dunyo yoshlari muammolar girdobiga botib qolgani, ...
22 aprel 2022
Aziz do‘stlar, oylar sultoni  ramazon oyida sizlar bilan suhbat qilish baxtiga musharraf bo‘lganimdan sevinib suvutlarga chiqib ketmoqchiman. Mana kunlar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...