Asosiy mavzular
16 iyul 2018

Darz ketgan kadrlar siyosati

Prezident Shavkat Mirziyoevning o‘z o‘tmishdoshi Islom Karimov davrida ishdan urilgan rahbarlarni qayta lavozimlarga tayinlash siyosatiga darz ketdi.

Bu siyosatning ildizi chirigani Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raevning poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olinishi ortidan yaqqol ko‘rinib qoldi.

T.Jo‘raev endigina hokimiyatga kelgan Sh.Mirziyoev tomonidan yuksak mansablarga qaytarilgan ko‘p sonli amaldorlarning biri edi.

2004-2008 yillarda xalq ta'limi vaziri bo‘lib ishlagan T.Jo‘raev tizimni yanada botqoqqa botirishga jonbozlik ko‘rsatgandan keyin Surxondaryoga hokim qilib jo‘natilgandi. Bu yerdan Qashqadaryo rahbarligiga o‘tkazilganidan so‘ng esa surxondaryoliklar bunday hokimdan qutulganiga shukur qilib, qo‘ylar so‘ygani haqida gap-so‘zlar chiqqandi.

T.Jo‘raevning Qashqadaryodagi sarguzashtlari ham bir tekis kechgani yo‘q.

So‘kong‘ichligi va zo‘ravonligi sabab bu yerda ham xalqning g‘azabiga duchor bo‘lgan edi. Korruptsionerligi sabab Islom Karimov uni sharmanda qilib ishdan haydagandi.

Qamalmaganiga shukur qilib, yiqqan-tiqqanini maydalab yeb yotgan joyida boshi uzra yana oftob chiqdi. Sh.Mirziyoev uni avval Bekobodga, so‘ng esa Samarqand viloyatiga hokim qilib tayinladi.

Bugun esa biz uning inqirozi timsolida prezidentning kadrlar siyosati, yumshoqroq qilib aytganda, o‘zini umuman oqlamayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Bukrini go‘r tuzatadi, deydi dono xalqimiz. O‘rgangan ko‘nglining o‘rtanishiga bo‘yin egayotgan bu kabi kadrlar bugungi boshqaruv tizimining o‘zagini tashkil etadi.

Bir guruh korruptsionerlar ishdan bo‘shatilib, o‘rnini bir vaqtlar ular bilan “raqobat”ga dosh bera olmagan boshqa bir guruh korruptsionerlarga bo‘shatib berdi.

Shuning uchun o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaev Bi-Bi-Siga bergan intervyusida “Mirziyoev kadrlar siyosatining poydevori qiyshiq”, deganida ming bora haqdir.

Biz korruptsiyaga qarshi kurashish haqida qanchalik og‘iz ko‘pirtirmaylik, bu “kurash” tepasida korruptsionerlarning o‘zi turar ekan, hech qanday ijobiy natijaga erisha olmasligimiz kundek ravshan.

To‘g‘ri, oxirgi paytlarda Shavkat Mirziyoev boshqaruv kadrlarini tanlashda ancha qiyinchiliklarga duch kelayotgani, bunday kadrlarni tanlash qiyin kechayotganini bir necha marta ta'kidladi.

Shu bilan birga, eski kadrlarga ko‘p-da ishonmasligiga ishora qilgan holda 2-3 yil ichida yangi kadrlar paydo bo‘lishi va yuqori lavozimlarga olib kelinishini bildirdi.

Prezident bu borada otni tezroq qamchilashi talab qilinadigan ko‘rinadi.

Aks holda hozir hokimiyat tepasiga qayta olib kelgan kadrlari prezidentning bugun ko‘pchilikda ancha iliq taassurot qoldirayotgan siyosatiga soya solishlari hech gap emas.

Zero, Turob Jo‘raev voqeasi eski korruptsionerlarga ishonch bildirishning oqibatlari yaxshilik bilan tugamasligiga, “qiyshiq
poydevor” bilan tiklangan uy bir kun kelib bosib qolishiga yaqqol dalildir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 yanvar 2019
O‘zbekistonda 2019 yilning 1 aprelidan  Vazirlar Mahkamasining 847-sonli qarori bilan mobil go‘shaklarini ro‘yxatga olish boshlanadi. Qarorga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilmagan telefonlarni ...
29 may 2023
Ruslan Davletov Adliya vaziri ekan qo‘li ostidagi xodimning pora olganini bilaturib, uning ishishini prokuraturaga oshirmagani haqidagi post Eltuzda nashr ...
10 noyabr 2018
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1991 yildan to shu bugunchaga bu mamlakat hukumati chet elda boshiga ish tushgan birorta vatandoshini himoya ...
14 mart 2016
Bugungi kunda istalmagan shaxs deya qaralayotgan O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning 75 yosh yubileyi hukumatning og‘zaki qaroriga ko‘ra o‘tkazilmasligi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...