Asosiy mavzular
16 iyul 2018

Darz ketgan kadrlar siyosati

Prezident Shavkat Mirziyoevning o‘z o‘tmishdoshi Islom Karimov davrida ishdan urilgan rahbarlarni qayta lavozimlarga tayinlash siyosatiga darz ketdi.

Bu siyosatning ildizi chirigani Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raevning poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olinishi ortidan yaqqol ko‘rinib qoldi.

T.Jo‘raev endigina hokimiyatga kelgan Sh.Mirziyoev tomonidan yuksak mansablarga qaytarilgan ko‘p sonli amaldorlarning biri edi.

2004-2008 yillarda xalq ta'limi vaziri bo‘lib ishlagan T.Jo‘raev tizimni yanada botqoqqa botirishga jonbozlik ko‘rsatgandan keyin Surxondaryoga hokim qilib jo‘natilgandi. Bu yerdan Qashqadaryo rahbarligiga o‘tkazilganidan so‘ng esa surxondaryoliklar bunday hokimdan qutulganiga shukur qilib, qo‘ylar so‘ygani haqida gap-so‘zlar chiqqandi.

T.Jo‘raevning Qashqadaryodagi sarguzashtlari ham bir tekis kechgani yo‘q.

So‘kong‘ichligi va zo‘ravonligi sabab bu yerda ham xalqning g‘azabiga duchor bo‘lgan edi. Korruptsionerligi sabab Islom Karimov uni sharmanda qilib ishdan haydagandi.

Qamalmaganiga shukur qilib, yiqqan-tiqqanini maydalab yeb yotgan joyida boshi uzra yana oftob chiqdi. Sh.Mirziyoev uni avval Bekobodga, so‘ng esa Samarqand viloyatiga hokim qilib tayinladi.

Bugun esa biz uning inqirozi timsolida prezidentning kadrlar siyosati, yumshoqroq qilib aytganda, o‘zini umuman oqlamayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Bukrini go‘r tuzatadi, deydi dono xalqimiz. O‘rgangan ko‘nglining o‘rtanishiga bo‘yin egayotgan bu kabi kadrlar bugungi boshqaruv tizimining o‘zagini tashkil etadi.

Bir guruh korruptsionerlar ishdan bo‘shatilib, o‘rnini bir vaqtlar ular bilan “raqobat”ga dosh bera olmagan boshqa bir guruh korruptsionerlarga bo‘shatib berdi.

Shuning uchun o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaev Bi-Bi-Siga bergan intervyusida “Mirziyoev kadrlar siyosatining poydevori qiyshiq”, deganida ming bora haqdir.

Biz korruptsiyaga qarshi kurashish haqida qanchalik og‘iz ko‘pirtirmaylik, bu “kurash” tepasida korruptsionerlarning o‘zi turar ekan, hech qanday ijobiy natijaga erisha olmasligimiz kundek ravshan.

To‘g‘ri, oxirgi paytlarda Shavkat Mirziyoev boshqaruv kadrlarini tanlashda ancha qiyinchiliklarga duch kelayotgani, bunday kadrlarni tanlash qiyin kechayotganini bir necha marta ta'kidladi.

Shu bilan birga, eski kadrlarga ko‘p-da ishonmasligiga ishora qilgan holda 2-3 yil ichida yangi kadrlar paydo bo‘lishi va yuqori lavozimlarga olib kelinishini bildirdi.

Prezident bu borada otni tezroq qamchilashi talab qilinadigan ko‘rinadi.

Aks holda hozir hokimiyat tepasiga qayta olib kelgan kadrlari prezidentning bugun ko‘pchilikda ancha iliq taassurot qoldirayotgan siyosatiga soya solishlari hech gap emas.

Zero, Turob Jo‘raev voqeasi eski korruptsionerlarga ishonch bildirishning oqibatlari yaxshilik bilan tugamasligiga, “qiyshiq
poydevor” bilan tiklangan uy bir kun kelib bosib qolishiga yaqqol dalildir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 dekabr 2016
Farg‘ona viloyatining har bir tumanda Shavkat Mirziyoevga ovoz berishi uchun saylovchilarga kalish, atlas, adras matolari tarqatilmoqda. Eng qizig‘i bu ...
12 mart 2024
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani   9-maktab yonidagi binoda 12 mart kuni soat ertalabki o‘nga yaqin yong‘in xodisasi sodir bo‘ldi. Rasmiy ...
23 may 2019
Las-Vegas – gunohlar shahri. Aholisi yarim million, daromadi kazino va qimordan keladigan bu shaharda bir nechta masjid bor, bugungi ...
21 fevral 2023
O‘zbekiston rahbariyati konstitutsiyani ochib o‘qib ko‘rsa bo‘lardi. (Harf taniydi degan yaxshi niyatdamiz) Konstitutsiyada vatandoshlarning teng huquqli ekani va hech ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...