Catira
21 sentyabr 2018

Milliy kutubxona Rauf Parfi tadbiri ortidan Cho‘lpon tadbirini ham to‘xtatdi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi ma'muriyati Rauf Parfining 25 sentyabrga mo‘ljallangan yubileyini to‘xtatish ortidan Cho‘lpon ijodiga bag‘ishlanib Frantsiya elchixonasi bilan hamkorlikda 26 sentyabrga rejalangan tadbirni ham bekor qildi.

Tadbir tashkilotchilaridan biri Anvar Nazirning 21 sentyabr kuni «Eltuz» muxbiriga bildirishicha, taniqli frantsuz olimi, Cho‘lponni frantsuz tiliga o‘girgan Stefane Dudoignon (Stéphane Dudoignon) ishtirokidagi tadbir Frantsiya elchixonasi va Alisher Navoiy kutubxonasi ma'muriyati bilan kelishilgan edi.

«Kecha kutubxona direktorining yordamchisiman degan ayol menga chiqib, tadbirni bekor qilishganini aytdi», dedi Anvar Nazir.

Cho‘lpon tadbirini taqiqlashga uch xil bahona

Anvar Nazirning aytishicha, tadbir yuzasidan kutubxonaga u bir necha bor qo‘ng‘iroq qilgan. Unga telefonda uch marta uch xil bahona aytilgan.

«Avvaliga frantsiyalik mehmonning ayni tadbirda ishtirok etish uchun atigi uch kunga kelayotganini bila turib buni oktyabrga ko‘chirishni so‘rashdi. Keyin tashqi ishlar vaziri ruxsati kerak bo‘ldi. Undan keyin esa qaysidir agentlikning iznini olish kerak, deyishdi. Hozir esa «direktorimiz bilan yana gaplashaylik“, deb go‘shakni qo‘yganicha javob berishgani ham yo‘q…», dedi Anvar Nazir.

Anvar Nazirning «Eltuz» muxbiriga aytishicha, bu kunni milliy kutubxona direktorining o‘zi 26 sentyabr kuni joy bo‘sh ekanligini aytib, Frantsiya elchixonasi bilan kelishgan holda belgilagan edi, endi esa sentyabrda kutubxonada tadbirlar ko‘payib ketganini ta'kidlashmoqda.

«Cho‘lpon ijodiga bag‘ishlangan anjumanga frantsiyaliklar juda kuchli tayyorgarlik ko‘rishgan, jumladan, «Kecha va kunduz» romanining frantsuz tilidagi tarjimasi taqdimoti tayyorlangan edi», dedi Anvar Nazir «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Birinchi marta emas

Cho‘lpon ijodiga bag‘ishlangan tadbirni to‘xtatishga urinish bu kabi ilk hodisa emas. Bundan avval milliy kutubxona ma'muriyati kelishilgan holda 25 sentyabrga mo‘ljallangan Rauf Parfi tadbiri to‘xtatilgan edi.

Anvar Nazirning «Eltuz»ga bildirishicha, bundan ilgariroq o‘zbek klassik yozuvchisi Abdulla Qodiriy tadbirida qatnashish uchun «O‘tgan kunlar» romanini ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik olim, Vashshington universiteti professori Mark Rissga ham rasmiy viza berilmagan edi.

«Bu voqealar shunchaki tasodif emas, bu  yerda faqat bir narsa – hukumatning o‘zbek klassik adabiyotiga hurmatsizligi namoyon bo‘lyapti», dedi Anvar Nazir.

O‘zbek hukumatidan xafamiz

Anvar Nazir frantsuz olimi ishtirokidagi Cho‘lpon ijodiga bag‘ishlangan tadbirni Frantsiya elchixonasi bilan kelishib, ularga tegishli binoda o‘tkazishni mo‘ljallayotganini aytdi.

«O‘sha yerda Frantsuz alyansi binosi bor, yo o‘sha yerda qilamiz, yoki boshqa joy qidiramiz», dedi Anvar Nazir.

Shuningdek, u Rauf Parfi yubileyini ham shaxsiy tartibda balki «Oybek» muzeyida o‘tkazish niyatida ekanini bildirdi.

«O‘tkazmasak bu sharmandalik bo‘ladi. Davlat bizga joy ajratmadi. Hamma tadbirlarimiz o‘zimizning shaxsiy tashabbusimiz bilan bo‘ladi. Chunki Rauf Parfi bizga kerak, Cho‘lpon bizga kerak, Qodiriy bizga kerak! O‘z klassiklaridan yuz o‘girayotgan o‘zbek hukumatidan biz qattiq xafamiz va norozimiz», dedi Anvar Nazir «Eltuz» muxbiri bilan suhbatida.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 fevral 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 43-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) MOSYo TEST BILAN ...
31 oktyabr 2024
Rossiyada O‘zbekistonlik migrantlarga qarshi reydlar, Gruziyada norozilik namoyishlari, Tolibon tomonidan ayollarning jamoat joylarida gaplashishiga qo‘yilgan cheklovlar va bu 600 sekund Rossiya ...
23 mart 2016
“Xalq so‘zi” gazetasi “Jahon” axborot agentligiga asoslanib O‘zbekiston prezidentining 2015 yil yakunlariga bag‘ishlangan mashvaratdagi ma'ruzasi Buyuk Britaniya ekspertlar hamjamiyatida ...
15 dekabr 2024
2023 yil oktyabridan 2024 yil aprel oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida sababsiz va maqsadsiz, faqatgina uchastkavoylarga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...