Baxtiyorlik yoki nikoh uchun ikki qop paxta
Inson baxtli bo‘lishi uchun nima qilishi kerak? Sevgan yorini topishi kerak dersiz? Lekin Farg‘ona viloyati rahbarlari bunday deb o‘ylamaydi.
Nikohdan oldin ular naq ikki qop paxta terib, ZAGS mudirasiga topshirishi kerak! Bu yerda gap asal oyi uchun zarur dorixona paxtasi haqida ketmayapti.
Dang‘aralik yosh kelin-kuyovlardan birining «Eltuz»ga ma'lum qilishicha, ulardan ikki qop paxta terib berish ZAGS guvohnomasi uchun so‘ralgan.
Ilgariroq tarmoqda o‘zbek imomlarining «Paxta terish ibodatdur!» degan kalimasini qaytarish urf bo‘lgan edi. Davlat idorasi qaroridan keyin ular ham endi nikoh o‘qish marosimini dalaga ko‘chirishsa kerak.
Shuningdek, 2018 yilgi paxta mavsumi “Paxtaga qo‘li tekkan odam – baxtli odam!” singari absurd shiorlari bilan tarixga kirdi. Ijtimoiy tarmoqda kulgili memlarga aylangan bu shiorlar Farg‘ona viloyati bozorlari peshtaxtalariga va terimga qatnayotgan avtobuslarga o‘rnatildi.
Albatta, bu yerda ham shohona-shohona bolish yoki ko‘rpa ichidagi paxta nazarda tutilmayapti. Paxtani terib, uni fermerga topshirasiz, fermer hokimga, hokim vazirga, vazir prezidentga topshiradi va u shubhasiz baxtli bo‘ladi.
Video: https://youtu.be/wJ-XOjk5lkI
Eltuz.com