Asosiy mavzular
26 fevral 2019

Sulton Abdulhamid kim edi?

“Poytaxt: Abdulhamid” serialining namoyishi to‘xtatilishi ko‘p e'tirozlarga sabab bo‘lyapti. Qiziq, bir-ikki oy oldin bir turk serialining taqiqlanishini talab qilganlar endi boshqa turk serialining to‘xtatilishidan norozi. Ajoyib xalqmiz!

Aslida “Poytaxt” “Hovli”dan ko‘ra ancha “xavfli” serial, desak bo‘ladi, albatta, ideologik jihatdan qaraganda. “Hovli” bor-yo‘g‘i maishiy saga bo‘lsa, “Poytaxt” ideologik kartinadir va u bugungi Turkiyaning o‘z o‘tmishiga bo‘lgan munosabatini aks ettiradi. Boshqa davlat siyosatining targ‘ibini kimdir xavfli yoki noto‘g‘ri deb hisoblashi mumkin (aytib qo‘yay, shaxsan menga jiddiy farqi yo‘q).

Filmning bosh qahramoni — sulton Abdulhamid II Usmonlilarning oxirgi hukmdorlaridan biri bo‘lib, 1876–1909 yillarda taxtda o‘tirgan. Og‘ir siyosiy kurashlar natijasida “Yosh turklar” (o‘zimizning jadidlarga qardosh tashkilot) rahbari Midhat poshsho yordamida taxtga o‘tirgan sulton ushbu tashkilotga qo‘shilgan ziyolilar oldida bir qancha majburiyatlarni olgan edi. Birinchi galda, u parlament tashkil etishi, konstitutsiya qabul qilishi va mamlakatda parlamentar monarxiya joriy etishi lozim edi.

Boshida bu va'dalarini bajargan Abdulhamid aholi va askarlar orasida katta shuhratga erishdi. Ammo 1877–1878 yillarda Usmonli–Rossiya urushida mag‘lub bo‘lgach, yakkahokimlik o‘rnatishga kirishdi: parlamentni tarqatib yubordi, konstitutsiya de fakto amaldan chiqdi, Midhat poshsho esa hibsga olinib, boshida o‘limga hukm etildi, so‘ng Arabistonga surgun qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, Abdulhamid ko‘pchilik boshqa hukmdorlar singari ziddiyatli shaxs edi. U vaziyatga qarab siyosat yuritgan: xalq mehrini qozonish uchun islohotlar o‘tkazgan, keyinchalik esa barcha raqiblaridan qutulib, avtoritar hokimiyat o‘rnatgan edi. Bugungi Turkiyada uni ideallashtirib, Usmonlilarning oxirgi buyuk xalifasi sifatida taqdim etishadi — bu Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning shaxsiy moyilligini aks ettiradigan siyosat. Erdo‘g‘on Abdulhamidni yoqtiradi: uning avtoritar hukmdor bo‘lgani, G‘arbga qarshi ayyorona siyosat yuritgani, islom diniga urg‘u bergani va dunyoviylikni inkor etgani Erdo‘g‘onning bugungi siyosatini qisman eslatib yuboradi.

Ammo tan olish kerakki, Abdulhamid yirik shaxs bo‘lgani bilan aytarli katta ish qila olmagan: uning davrida Yevropa davlatlari musulmon dunyosidan texnik va iqtisodiy taraqqiyotda keskin o‘tib ketgan, Usmonli saltanati esa doimiy ravishda iqtisodiy qiyinchiliklarda yashar, har o‘n yillikda biror mustamlakasini yo‘qotar va tiklanish imkoniyatlarini yo‘qotib bo‘lgan edi. Shu bois, saltanatni saqlab qolish deyarli imkonsiz edi — u sekinlik bilan ortga ketayotgandi, vaziyatni ters burishga resurs va salohiyat yo‘q edi. Abdulhamidni Buxoro xonlaridan Ubaydullaxon II ga (1702–1711) o‘xshatgan bo‘lar edim: u ham mamlakatni saqlab qolishga uringan, ammo harakatni juda kech boshlagan edi.

Abdulhamid II ham yaxshi boshlaganiga qaramay, ko‘proq avtoritar hokimiyatni tiklagan, mamlakatni bankrotlikka olib kelib qo‘ygan, mamlakatdagi xristian aholiga qarshi qirg‘inlar uyushtirgan, ziyolilarni va faollarni maxfiy politsiya yordamida qatag‘on qilgan hukmdor sifatida tarixda qoldi. U 1909 yili yosh turklar tomonidan ag‘darib tashlandi va mamlakatdan bosh olib chiqib ketdi.

Xullas, serial ishqibozlarini ogohlantirib qo‘ymoqchi edim: “Poytaxt”da u ortiq darajada ideallashtirib yuborilgan, shuni unutmanglar.

Ziddiyatli mavzularni tez-tez ko‘tarib turadigan blogerlarni endi tushunyapman — bu o‘quvchilarni junbushga keltirar ekan. Muqaddam Chingizxon haqidagi postlarim shunday bahslar keltirib chiqargan edi. Endi Abdulhamid II haqidagi post bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Bahslarning borligi yaxshi, albatta. Fikr xilma-xilligi yaxshi. Ammo ayrimlar his-tuyg‘ularini jilovlay olmayapti. Qanday qilib ziyoli odamlar tarixiy, ilmiy masalani shaxsiylashtirishi mumkin, bu masalalar deb adovatga va haqoratga o‘tishi mumkin — bu menga qorong‘u. Lekin mana shunday uch-to‘rt odam shaxsiyga yozib, anchayin la'nat, qarg‘ish va haqoratlar yog‘dirdi. Aytishlaricha, fitna qilayotgan ekanman, pulga yozayotgan ekanman, buyuk sultonga nisbatan bo‘hton qilayotgan ekanman. Shuningdek, yosh turklar inglizlarning malaylari ekan, tarixni esa yahudlar yozgan ekan — menga turk tilini o‘rganib, “asl” tarixni o‘qishni tavsiya qilishdi. Rahmat, mutaxassisligim — turkiy tillar. O‘zbekchadan ko‘ra ko‘proq turkcha o‘qiyman.

Afsuski, bu shaxslarga hech narsa tushuntira olmadim va bloklashga majbur bo‘ldim. Qolganlar orasida ham tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun qisqacha tushuntirish.

Birodarlar! E'tibor bersangiz, yuqoridagi postda Abdulhamidni yomonlamaganman, qandaydir personal ta'riflar ishlatmaganman. Abdulhamid shaxsining menga issig‘iyam, sovug‘iyam yo‘q; u — o‘tmish, fantom. Men tarixga chetdan, mumkin qadar xolis qarashga o‘rganib qolganman (yuz foiz xolis bo‘lishning imkoni yo‘q, albatta). Hech kimni ideallashtirish ham, qat'tiy yomonlash ham kerak emasligini allaqachon tushunganman.

Bor-yo‘q aytganim — Abdulhamid yirik shaxs bo‘lgan, islohotlar o‘tkazgan, saltanatni saqlab qolishga harakat qilgan, lekin muvaffaqiyatga erisha olmagan. Bu fikrning nimasi ayrimlarning jazavasini qo‘zitdi, tushunmadim.

Fakt shundan iboratki, Usmonli saltanati sekinlik bilan ortga ketayotgandi. Bunda bevosita Abdulhamid aybdor emasdi — jarayon undan oldin boshlangandi, undan keyin ham davom etdi. U zamonasining odami edi, xolos. Bir nimalar qilishga urindi, ammo natijaga erisha olmadi, chunki mamlakatda bunga yetarli resurs yo‘q edi.

Yana bir fakt shundan iboratki, serialda u ideallashtirib yuborilgan. Umuman, kinoga to‘qima qo‘shilishi tabiiy holat. Umuman, dunyoda ideal odamlar uncha ko‘p emas, ayniqsa, siyosatchilar ichida. Uning davridagi inqirozlar, harbiy muvaffaqiyatsizliklar, ommaviy qirg‘inlar fanda yaxshi o‘rganilgan.

Avtoritar hokimiyatiga kelsak, buni shaxsan o‘zim o‘ta salbiy jihat deb baholayman va mamlakat ortga ketishiga avtoritarizmning qaytishi qisman sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Ayni damda, avtoritarizmni yoqlaydiganlar ko‘pligini bilaman va ularning fikrini hurmat qilaman.

Yahudlar yozgan tarixga kelsak. Men yahudiy, musulmon deb ajratmayman, barchasining fikrini va yozgan kitobini to‘plab, tahlil qilib, xolis va murosali xulosa beradigan akademik fanga ishonaman. Bu mening nuqtai nazarim va qat'iy printsipim. Bundan norozilar va o‘zgacha fikrni ko‘tarolmaydiganlar bemalol meni o‘qimay qo‘yishlari mumkin, qarshi emasman, lekin shaxsiydan haqorat yog‘dirish o‘taketgan madaniyatsizlikdir. Hech qanday ilmiy, tarixiy, siyosiy va hokazo qarashlardagi tafovut o‘zaro hurmat va insoniy mehr-oqibatdan ustun emas.

Har xil fitna nazariyalariga esa ishonmayman. Shu bilan Abdulhamid mavzusi tamom.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
17 oktyabr 2016
«XXI asr» gazetasida paxta yetishtiruvchi xonqalik fermerning nomidan ham bir maqola e'lon qilingan. Unda fermer muvaqqat prezident va amaldagi ...
25 aprel 2023
Eltuz kanaliga yetib kelgan videoda ikki nafar hijobli qiz 1 million sӯm qarzi bӯlgan boshqa bir qizning ustidagi kiyimini ...
4 oktyabr 2017
4 oktyabr kuni tushdan keyin 67 yoshli mahkum jurnalist Solijon Abdurahmonov Qarshidagi Shayxali qamoqxonasidan ozod etildi. Foto: Huquq faoli ...
25 fevral 2020
Qirg‘iziston Oliy sudi 25 fevral kuni huquq himoyachisi Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. U 2010 yilda ozodlikdan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...