Asosiy mavzular
5 mart 2019

O‘zbek tili qachon bugungi shaklga kelgan?

Shu kunlarda ba'zi bir ishlar bilan band bo‘lganim sababidan kanalga yozishga vaqtim bo‘lmayapti. Ammo Navoiy tili haqidagi postlardan so‘ng o‘zbek tili tarixi masalasida ko‘plab savollar kelib tushdi. Vaqt bo‘lganda shu masalaga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Navoiy, umuman, temuriylar davrida bu hududlarda tarqalgan chig‘atoy tili bugun biz bilgan o‘zbek tilidan anchayin farq qilgan. Bugungi o‘zbek tili, o‘zbek tilining bugungi shevalari va ularning tarqalish hududlari xonliklar davrida shakllangan.

Temuriylar davridagi lingvistik vaziyat bugungidan tubdan farq qilardi. Movarounnahrning asosiy aholisi fors tilida gapirardi. Turkiy tilli aholi nisbatan kam bo‘lib, ko‘proq ko‘chmanchi hayot kechirardi. Ayni paytda shaharlik turkiylar qatlami ham shakllanib borayotgandi. Ularda detraybalizatsiya — qabilaviy mansubiyatini unutish jarayoni boshlangan edi.

Bobur Farg‘ona viloyatini tasvirlar ekan, u yerda yettita katta shaharni sanab o‘tadi: Andijon, Marg‘inon, Isfara, Xo‘jand, Kandibodom, Axsi, Koson, So‘x (bulardan tashqari, turkiy tilli O‘sh va fors tilli Chust ham bor edi, ammo ular juda kichik edi). Bu shaharlarning eng yirigi — Andijondagina aholi turkiy tilli edi. Marg‘inon XVII–XVIII asrlarda o‘zbek qabilalarining ko‘chib kirishi natijasida o‘zbeklashadi. Axsining o‘rnida XVII asrda Namangan quriladi, u yerda ham asosan o‘zbeklar o‘rnashadi. Qo‘qon va Farg‘ona (Skobelev) shaharlari ham keyingi asrlarda quriladi. Bobur sanab o‘tgan qolgan shaharlar bugungi kunga qadar forsiy tillidir. Boshqa hududlarda ham shunga o‘xshash jarayon boradi, masalan, Qarshida mang‘itlar, Shahrisabzda kenagaslar o‘rnashadi.

Demak, o‘zbek qabilalarining Shayboniyxon boshchiligida kirib kelishi bilan Movarounnahr va Farg‘onada turkiy tilli aholi soni ko‘payadi. Bu oqim XVIII asrgacha davom etadi, buning natijasida Movarounnahr va Farg‘onaning markaziy viloyatlarida aholining asosiy qismini turkiy tilli o‘zbeklar tashkil eta boshlaydi. Shundan so‘ng turkiy tilning nufuzi ortadi, axir o‘zbeklar XVI asrdan boshlab mintaqaning xo‘jayinlariga aylanadi. Boshqa xalqlar vakillari asosiy xalq tarkibiga qo‘shilib, o‘zbeklashishi natijasida bu xalqning umumiy adadi yanada ko‘payadi.

Mana shu jarayonda bugungi o‘zbek lahja va shevalari ham shakllanadi. Bu jarayon har bir xonlikda alohida boradi. Masalan, Buxoro amirligida fors tilining ta'sirida turkiy til singarmonizmni yo‘qotadi, “o”lashadi, ko‘plab forscha so‘z o‘zlashtiradi. Buxoro amirligi shaharlarida keng tarqalgan bu tilni davom fe'li shaklidan bilsa bo‘ladi. Eski tilda davom fe'li bo‘lmagan, u XVII–XVIII asrlarda shakllangan. Shu bois, har bir xonlikda boshqacha davom fe'llari shakllanib qolgan. Buxoro amirligi shaharlarida tarqalgan shevadagi davom fe'li — “boromman”, “kelomman”, “tushoptu”. Qo‘qonda — “boryapman”, “kelyapman”. Xonlik periferiyasida, ya'ni chekka qismlarida — “borvotman/borutman”.

Shu bilan birga, adabiy til Navoiy davridan boshlab deyarli o‘zgarishga uchramagan. Yozuvda u o‘zgarmay qolavergan, ammo o‘qilishi biroz o‘zgargan, ya'ni u ham “o”lashgan.

Hozirgi zamon o‘zbek tiliga, birinchi galda, Buxoro amirligi tili asos bo‘lib xizmat qilgan. Uch o‘zbek davlati orasida eng yirigi va eng nufuzlisi bo‘lgan Buxoro vakillari til masalasida ham ustunlik qilgan. Dastlab ular boshqa turkiy xalqlarga yaqinroq bo‘lish uchun qipchoq shevalari asosidagi yozma me'yorni ishlab chiqishgan, ammo sovetlarning bosimi ostida undan voz kechib, Buxoro va Qo‘qonning shahar shevalarini o‘rganib, “o”lashgan shaharcha yozma til yaratishgan. Keyinchalik bu til rus tili bosimi ostida hamda barcha shevalar (ayniqsa, Xiva xonligi shevalari) elementlari qabul qilinishi natijasida katta o‘zgarishlarga uchradi. O‘z navbatida, yozma til shevalarni ham o‘zgartirib yubordi: majburiy ta'lim tufayli barcha shevalarning lug‘atlari birxillashdi, singarmonizm yo‘qoldi va h.k.

Qizig‘i, o‘zbek tilini ham, tojik tilini ham ishlab chiqishda bir xil odamlar — Sadriddin Ayniy, Fitrat va boshqalar qatnashgan. Buning natijasida o‘zbeklar adabiy tilini fors tili ta'siriga tushgan deb hisoblaydi, tojiklar esa, aksincha, o‘z adabiy tili ortiq darajada o‘zbekchalashtirib yuborilganidan noliydi.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
28 oktyabr 2019
O‘zbekiston harbiylari ilk bor bor havo hujumidan mudofaaga mo‘ljallangan FD-2000 raketalarining amaliy sinovlarini o‘tkazmoqda.  Mazkur sinovlar Qashqadaryo viloyatida joylashgan ...
20 iyul 2024
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi 19 iyul kuni jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullaev va ...
13 noyabr 2017
Qozog‘istonning Sayram tumanida yashovchi 34 yoshli Xayrulla Normetov «o‘ris diniga kirib ketgani uchun» xotinining qorniga pichoq tiqqanini iddao qilib, ...
9 oktyabr 2017
Majburiy mehnatni taqiqlash mavzusida gap ketganda, hukumatning bu boradagi ikkiyuzlamachiligini ko‘pchilik o‘zini o‘zi aldashga o‘xshatyapti. O‘zini o‘zi aldash deganda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...