Ko‘zqarash
8 mart 2019

«Jallod, kallasini ol!!!»

​​Jallod deganda boshiga qop kiydirilib, kundaga qo‘yilgan kallani oybolta bilan chopadigan baquvvat odamni tushunishadi odatda. Lekin aslida vaziyat biroz boshqacha bo‘lgan.

Podsho va qirollarning saroyida jallodlik xizmatlari bo‘lgan. Ular anchagina katta tuzilma bo‘lib, faqatgina kalla chopadiganlardan iborat bo‘lmagan.

Jallodlik xizmati hukmdorlarning kimnidir o‘ldirish, kimnidir qo‘rqitib qo‘yish singari vazifalarini bajargan. Ular faqatgina jamoatchilik oldida bosh olish bilan emas, maxfiy qotilliklar, sabotaj bilan ham shug‘ullangan. Aytaylik, biror shahar hokimi podshoning qahriga duchor bo‘lib, o‘limga hukm etilsa, u, tabiiyki, bosh egib kelmagan, balki qochib qutulib qolish yo‘llarini ko‘rgan. Shunday vaziyatlarda farmonni mavhum saqlab, qotillarni kerakli joyga yuborishgan. Shunday qilib, jallodlik xizmati yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan professional qotillardan iborat bo‘lgan.

Shahobuddin Nasaviy “Sirat as-sulton Jaloliddin Mankburni” kitobida qiziq bir voqeani hikoya qiladi.

Xorazmshoh Alovuddin Muhammadning (1200–1220) bosh jallodi Jahon Pahlavon ismli shaxs edi. Uning nomining o‘ziyoq amaldorlar va turli-tuman noiblar, beklarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solardi.

Xorazmshohning qoraxitoylar bilan janglari asnosida O‘tror shahri noibi, qoraxitoylardan bo‘lgan Tojiddin Bilgaxon xorazmliklar tarafiga o‘tadi. Xorazmshoh urushdan so‘ng uni Niso shahriga yuboradi. Nisoga odatda amaldorlar surgunga yuborilardi: shahar iqlimi va gigienik vaziyati juda yomon bo‘lib, yuqumli kasalliklardan o‘lish holatlari juda ko‘p kuzatilardi. Shahar iqlimi, ayniqsa, turklar uchun og‘ir edi. Surgundagi odam o‘lib ketishi yoki qattiq qiynalishi kutilardi.

Lekin Bilgaxon shaharda yaxshi o‘rnashadi va hatto aslzodalar davrasida obro‘ qozonadi. Surgun bir yil davom etadi. Natijaga erisholmaganini tushungan xorazmshoh shaharga Jahon Pahlavonni yuboradi.

Jahon Pahlavonning shaxsan o‘zi bir guruh odamlari bilan kelganini eshitganida shahar vaziri (sultonning vakili, uni shahar noibi va mahalliy amaldorlar bilan bog‘lab turuvchi mansabdor) Zahiriddin Mas'ud ibn al-Munavvar ash-Shoshiy bir kishi bilan suhbat qurib o‘tirgan bo‘ladi. Xabarni eshitishi bilanoq dahshatga tushadi.

Jahon Pahlavon shahar noibining uyida to‘xtagan va vazirni shu yerga chaqirgan edi. Vazir suhbatdoshi bilan birga noibning uyiga otda borarkan, qo‘rquvdan qo‘llari qaltirab, otni boshqarishga qiynaladi. Jallodboshi vazirni ko‘rishi bilan uning qo‘liga sulton farmonini tutqizadi.

Shundan so‘ng Tojiddin Bilgaxonning uyiga odam qo‘yib, sultondan kelgan topshiriq bahonasida noibning uyiga chaqirishadi. Muhofizlar guruhi bilan kelgan Tojiddinning yolg‘iz o‘zi uy ichiga taklif qilinadi, Jahon Pahlavon unga o‘zini ko‘rsatmaydi. Zahiriddin Mas'udning guvohligiga ko‘ra, Tojiddin qandaydir bahona bilan yerto‘laga olib tushib ketiladi. Birozdan so‘ng jallodlardan biri uning boshini qo‘lida ko‘tarib chiqadi. Jahon Pahlavon boshni qopga solib, darhol poytaxt tomon yo‘lga chiqadi. Tojiddinning tashqarida kutib turgan muhofizlarini tinchlantirish, ko‘nishmasa, hibsga olish vazifasi vazirga yuklanadi.

Nasaviyning kitobi rus tilida.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
28 yanvar 2016
Prezidentlikni xohlamasangiz, birinchi xonimlikka nima deysiz? Sputnik internet nashri O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova Instagram dagi rasmiy sahifasida ...
4 fevral 2022
O‘zbekistondagi kadrlar almashuvi kishini sergaklantiradi. 20 yillik shartli qamoqqa hukm etilgan Kozim To‘laganov hokimiyat tizimiga qaytdi. Korrutsiyaga aloqador Abdulla ...
7 noyabr 2017
2017 yilning 3 noyabrida huquq himoyachisi Yelena Urlaeva Andijon viloyatining Baliqchi tumani paxta dalalarida bo‘lib, o‘qituvchilarining nazorati ostida paxta ...
28 sentyabr 2020
Vatanparvar yurtdoshimiz Aminboy Qodirov 27 sentyabr kuni Urganchning G‘oybu qishlog‘ida 81 yoshida olamdan o‘tdi. U hali SSSR bor paytda ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...