Asanov formati: Xorazm lazgisi ko‘plar o‘ylagandek qadimiy emas
Tarixchilarimiz o‘tmish qadriyatlarini mumkin qadar qadimiylashtirishni yaxshi ko‘rishi sir emas. Qadimiylik, ming yillar haqidagi ta'kidlarni o‘ylamay, hech bir faktsiz keltirishlarga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Xorazm lazgisi ana shunday «qadimiylashtirish» qurbonidir.
Ba'zi tadqiqotchilar lazgini hatto uch ming yillik san'at deb yuborganiga guvoh bo‘lganman. Aslida-chi?
Aslida lazgi xonlik davrida ishlab chiqilgan. Nomidan ham ma'lumki, u Kavkaz xalqlari raqsi – lezginkaga taqlidan yaratilgan.
Lazgilar (bugun ruslashgan «lezgin» shakli ishlatiladi) – Kavkazning eng yirik xalqlaridan. O‘tgan asrlarda lazgi deganda nafaqat bugungi lazgilar (kyureli xalqi), balki ularga qardosh boshqa mayda xalqlar ham tushunilgan.
XVII-XIX asrlarda Xiva va Buxoroga guruh-guruh bo‘lib lazgilar ko‘chib kelgan. Masalan, Buxoroda 1820-yillarda 2-4 ming lazgi yashagan. Ularning asosiy qismi poytaxt shaharlarda o‘rnashgan.
Lazgilar to‘y va bayramlarida milliy kuylarini ijro etib, raqsga tushishgan. Ayniqsa, sekin boshlanib, tezlashib ketadigan musiqa (bugungi lezginka) mashhur bo‘lgan.
XIX asr ikkinchi yarmida ancha faollashgan xorazmlik musiqachilar mana shu musiqa bilan tanishib, uning modeli asosida o‘zbek lazgisini yaratishgan.
Bugungi kunda lazgi nafaqat Xorazmda, balki butun O‘zbekistonda sevimli to‘y musiqasi hisoblanadi. Ko‘rib turganingizdek, xalq mehrini qozonish va an'ana tusiga kirish uchun juda qadimiy bo‘lish shartmas.
P.S: Lazgi haqidagi postimni qabul qilolmay, shaxsiyda norozilik bildirayotgan akalar!
Lazgi XIX asrda paydo bo‘lganiga men aybdormasman. Bu fakt sizga juda yoqmasa, uch ming yil oldinga qaytib, lazgini boshqatdan yaratib keling. Men bu masalada sizga hech qanday yordam berolmayman.
Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri