Prezidentning qizi xorij nashrlari mahalliy OAVdan ustun ekanini e'tirof etdi
28 may kuni Toshkentda o‘tgan konferentsiyada prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva mahalliy ommaviy axborot vositalarining «oqsayotgani»ni aytib tanqid qildi.
«Bu esa, o‘z navbatida, yurtdoshlarimizning o‘zini qiziqtirgan ma'lumotlarni xorijiy manbalardan izlashga yoki muammoli murojaatlarini chet el ommaviy axborot vositalari orqali chop ettirib, davlat idoralari e'tiborini jalb qilishiga olib kelmoqda», dedi Saida Mirziyoeva.
Shuningdek, u respublika darajasidagi 10 dan ortiq davlat tashkilotida va 200 ga yaqin tuman va shahar hokimligida haligacha axborot xizmati faoliyati tashkil etilmaganligini bildirdi.
Bir vaqtlar Islom Karimov qizi Gulnora Karimovaga atalgani kabi, davlat mulozimlarini tanqid qilish imtiyozi ham endilikda prezident Mirziyoevning to‘ng‘ichi Saida Mirziyoevaga o‘tgan ko‘rinadi.
Saida Mirziyoeva 15 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangani ortidan matbuotda va ijtimoiy mediada tez-tez ko‘rina boshladi.
Eltuz.com