Kitob keltirgan shoir…
yoxud shoirlik va mahbuslikning orasi necha qadam?
Mahmud Rajab haqida yozyapman-u, ustoz Matnazar Abdulhakimning “Mahalliychilik qilmagan holda bir-birlaringni qo‘llab – quvvatlanglar”, degan beozor nasihatlarini esga olyapman.
Va yana Matnazar aka biror marta shogirdim deb tilga olmagan (Matnazar aka biror marta “Falonchi mening shogirdim” qabilida fikrlamagan. Chunki ustoz tanlanadi. Shogird seni tanlasagina, unga ustoz bo‘lish mumkin) haqli shogirdi Mahmud akani doim oldidan, orqasidan ham “Mahmudjon” deb chaqirardi.
Mahmud Rajab ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad Solih kitoblarini tashuvchi bo‘lib tanilgan bo‘lishi mumkin. Biroq Mahmud aka, avvalo, yaxshi shoir, yozuvchi, badiiy so‘zni nozik his qiluvchi inson!
Kitob keltirgani uchun, ma'rifat orqalagani uchun shoirni qamash UYaT! Kitob ko‘targan odamni tergov mahkamalarida oylab halak qilish achinarli hol!
She'rni sevgan odamning qo‘liga kishan urarsiz, biroq uning hislariga, tuyg‘ulariga, qarashlariga kishan urolmaysiz!!!
Faqat Mahmud Rajab emas, bugungi shoirlarning ko‘pchiligi Muhammad Solih she'rlari o‘zbek she'riyatini ma'no va shakl jihatdan yangilaganini e'tirof etishadi.
Men ham Muhammad Solih she'rlarini sevib o‘qiganman, uning she'rlari tog‘ni yorib suv keltirgan Farhod monand yuragim va tuyg‘ularimni zilol suvga to‘yintirgan.
Muhammad Solih she'rlarining ashaddiy muxlisi bo‘lish na mening, na Mahmud Rajabning, na boshqa she'r muhibining aybi bo‘la olmaydi. Men go‘yoki taqiqlangan shoir she'rlarining yarmidan ko‘pini yod bilaman.
Bu uchun qaysi qonun mening xotiramni, quvvayi hofizamni qamoqband eta oladi.
Qolaversa, Muhammad Solih she'rlarini sevish Vatanga xoinlik degan qarashlarni shakllantirish o‘ta ketgan bechoralikdir.
Mahmud Rajabga, bir shoir va she'r muxlisiga nisbatan qilinayotgan zug‘umlarni men So‘zni, Adabiyotni va Kitobni tahqirlash deb bilaman.
Shoirlaring kitob yozgani va o‘qigani uchun mahbusga aylanmasin. Shoiringni asra, xalqim!
Go‘zal Begim,
o‘zbek shoirasi