Ro‘zi Nazar – bizga yalovbardor edi
Bugun olamdan o‘tgan Ro‘zi Nazar aka biz kabi temir parda ortida yashagan turkistonliklarga ta'sir o‘tkazgan yalovbardor edi.
U kishi chop etgan «Hur Turkiston uchun istiqlol gazetasi» ni hali Sovet Ittifoqi mavjud bo‘lgan saksoninchi yillarda Urganchdagi rassom do‘stlarim bilan yashirincha mutoala qilar edik.
G‘arbiy Germaniyada nashr qilingan bu gazeta bizga Vengriya va Boltiqbo‘yidagi rassom do‘stlarimiz orqali yetib kelar edi.
Biz ilk bor dastasida bo‘ri shakli bor yo‘l yo‘l turkiston bayrog‘ini ana shu gazetada ko‘rgandik.
Ro‘zi Nazar aka Sovet Ittifoqi degan mamlakatda ko‘zi ko‘r qulog‘i kar tili lol bo‘lib yashagan ziyolilarning zehniga ta'sir qila olgan edi.
Ro‘zi aka bahtli inson. U SSSRning parchalanishi¸ bolshevizmning mag‘lub bo‘lishi Turkiston tuproqlarning ruslardan ozod bo‘lishini orzu qildi va bu orzusiga erishdi.
Marhum zakiy inson edi va u kishining umri mazmunli va dedektiv film kabi qiziqarli kechdi.
Bu rasmdagi ko‘zoynakli kishi Ro‘zi Nazar bo‘ladi. Ro‘zi Nazarning qizi Zulfiya (Silviya) Nazar Hollivuddagi eng mashxur yozuvchilardan biridir.
Ro‘zi akaning yaqinlariga hamdardlik bildiraman va Turkiston botiri bo‘lgan bu og‘amizning joylari jannatdan bo‘lsin deya duo qilaman.
Shuhrat Bobojon,
Eltuz.com