Asosiy mavzular
20 yanvar 2020

Yangi O‘zbekistonning eski hokimiyati

O‘zbekistonda Oliy Majlis Senatiga saylanganlarning aksariyati, to‘g‘riroq aytganda, asosiy roldagilar yana o‘sha eski amaldorlarning o‘zlaridir.

Bundan avvalroq O‘zbekiston prezidentining tavsiyasiga asosan mamlakat hududlarning barcha rahbarlari o‘z lavozimlariga qayta saylangan edi. 

Parlamentning yuqori palatasi a'zoligiga munosib ko‘rilgan amaldorlarning senatorlik lavozimiga tasdiqlanishi masalasi ham eng yuqori darajada hal etilganiga shubha qiladiganlar kam topilsa kerak. 

To‘ramning tayog‘i

Shu o‘rinda nafaqat o‘tmishimizdagi amaldorlarni tayinlash siyosatiga, balki yaqin kunlarimizga ham tegib ketadigan bir hikoya esga tushadi. 

Qadim zamonlarda bir hokimning xizmatkori har doim o‘zi tengilar yig‘iladigan davralarda “bizni odam qilgan to‘ramning tayog‘i”, deb aytar ekan.

Shu kunlarda hokimlarning o‘z lavozimlariga qayta saylanishi ham, Senat a'zolarining saylanishi ham “to‘raning tayog‘i” sabab amalga oshgani ko‘pchilik uchun sir emasga o‘xshaydi.

Chunki jamiyatning faol qismini qamrab olgan ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar aynan shundan darak beradi. 

Parlament saylovi o‘tganidan keyin hududlardagi xalq deputatlari kengashlari mamlakat prezidenti tavsiyasi asosida avvalgi “xo‘jayinlari”ni ikki qo‘liga qo‘shib oyoqlarini ko‘targancha yakdillik bilan tasdiqlayotgani sababi aynan “to‘raning tayog‘i”dir.

E'tiborlisi, shu paytgacha jamoatchilik orasida aksariyat salbiy xislatlari bilan tanilgan ko‘pgina viloyat hokimlari yana taxtlariga qonuniy ravishda qaytarildi.

Qaytarilganda ham mamlakat prezidentining tavsiyalari bilan qaytarildi. Davlat rahbari qonunchilikka hurmat yuzasidan o‘zi tavsiya etgan nomzodlarni mahalliy kengashlar deputatlari tasdig‘idan o‘tkazib oldi.

Prezidentning qonunchilikka bu “hurmati”ni hurmat qilmagan mahalliy deputatning quyoni terilanishi muqarrarligini esa birovga eslatish shart emas.

Xullas, shu tasdiqlanishlar bahonasida Toshkent shahri hokimi “Joxa” Ortiqxo‘jaev “zamonaviy menejer” ekani, u qurgan imoratlarni “tekshiruvdan o‘tkazish shart emasligi”ni bilib oldik.

Bundan ham yuqori lavozimlarda ishlagan vaqtida rezina etik keyish modasini boshlab bergan Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev qassoblik kasbini ham egallagani ortidan senatorlik bilan siylandi.  

Farg‘ona viloyatining hokimi Shuhrat G‘anievning xulqini esa Senat ham muhokama qilgandi. Shunga qaramay, hokim janoblari oradan ko‘p o‘tmay blogerga go‘rkovlik qilish da'vosi bilan chiqdi. Shu bois, xalq deputatlari uning nomzodini Senat a'zoligiga mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqlagani nimadan darak beradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Yuqoridagi dalillardan kelib chiqib, ijro va qonunchilik hokimiyatidagi asosiy rollar yana eski amaldorlar o‘rtasida taqsimlanayotgani sababi o‘sha “to‘ramning tayog‘i” bo‘lishi ehtimoli yuqoriligini anglash yuqori tafakkur talab etmaydi. 

Ertangi kunimiz qanday bo‘ladi?

Bir vaqtlar Adolf Gitler Germaniya iqtisodiyotini qisqa fursatlarda yuksaklarga ko‘targan, zamonaviy tilda aytganda, dunyoning eng iqtidorli davlat menejerlaridan biri sifatida tanilgan edi. 

Iosif Stalinning SSSRni iqtisodiyoti va harbiy sanoati eng yuksak davlatlar qatoriga kiritgani ham sir emas.

Ammo bugun ular insoniyatga qarshi jinoyatlari sabab repressiv jamiyatni shakllantirgan hukmdorlar qatorida tilga olinadi. 

Toshkent hokimi ham, Farg‘ona hokimi kabilar ham ular bilan solishtirishga arzimaydi aslida. Chunki ular hozircha mayda shaxslar. 

Ammo aynan ular singarilar bugungi o‘zbek jamiyatiga hukmronlik qilayotganlarning shaklu shamoyilini belgilab berayotgani tashvishlanarli holat. 

Bittasi jamiyat muammolarining jarchilari bo‘lgan jurnalistlarga ochiqchasiga tahdid qilgan. Boshqasi esa jamiyat a'zolarini mensimay, doimiy ravishda haqorat qilib keladi. 

Xulosa shuki, bugun bizga yangi O‘zbekiston sifatida taqdim etilayotgan jamiyatni boshqarish yana eski amaldorlar qo‘lida qolmoqda. 

Bunday sharoitda o‘zbek jamiyatining, xuddi xalqaro hamjamiyatga taqdim etilayotganidek, tub o‘zgarishiga qanday asoslar bor? 

Aholining ijtimoiy-siyosiy faol qatlami fikri ochiqchasiga mensilmaydigan jamiyatda tubdan o‘zgarish bo‘lishi mumkinmi? 

Aholining e'tiroziga sabab bo‘layotgan hokimlar o‘z lavozimiga qayta tayinlanayotgan, oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat tepasiga yana o‘sha eski amaldorlar kelayotgan bir vaziyatda bu kabi savollarning javobi jamiyat uchun ijobiy bo‘lishiga shubha bor.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 aprel 2018
O‘zbek milliy kinosini shakllantirgan mashhur rejissyor Shuhrat Abbosov 25 aprel kuni 87 yoshida olamdan o‘tdi. So‘nggi soatlarda «Eltuz»ga ma'lum ...
7 iyul 2016
«Hurriyat» gazetasi Ramazon hayiti munosabati bilan e'lon qilgan «E'tiqod erkinligining toza havosi» sarlavhali maqola yurtimiz mo‘min-musulmonlari hayit namozini ado ...
19 iyul 2024
Mana it quvgan gadoydek xaftayam zuvv etdi, o‘tdi ketdi. Yana sizlarning qoshingizdaman. Suhbati du anda mazzaku, deydi Xayyom. Yuz ...
23 dekabr 2015
Eltuz Mamadali Mahmudov bilan jurnalist Maloxat Eshonqulova qilgan videosuhbatning birinchi qismini e'tiboringizga havola qiladi.
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...