Yangi Gdlyanga ehtiyoj paydo bo‘lyaptimi?
O‘zbekistonda tobora ommaviylik kasb etayotgan, “prezident tashabbusi” bilan tashkil etilayotgan klasterlar paxtani qo‘shib yozishning oldingi saflarida bormoqda.
Mahalliy matbuotda e'lon qilingan ma'lumotlarda aytilishicha, 2019 yilda respublika bo‘ylab qariyb 143 ming tonna paxta qo‘shib yozilgan. Shundan 120,6 ming tonnasi paxta ishlab chiqarishlari va klasterlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu hali aniqlangani. O‘zbekistonda paxta hosilini qo‘shib yozish yangilik emas. Hali sovet zamonidayoq bu illat keng quloch yozgan edi.
Mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekistonda esa paxtani qo‘shib yozish doimiy ravishda mavjud bo‘lsa-da, har doim yashirib kelingan, lekin hamma biladigan illat edi.
Sovet davrida qo‘shib yozishning tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan marhum diktator Islom Karimov bu ish bo‘yicha sovet prokurori Telman Gdlyan va jamoasi qamagan insonlarni go‘yoki oqlash harakatlari bilan o‘ziga obro‘ orttirgandi.
Holbuki, O‘zSSRda Davlat reja qo‘mitasi raisi, moliya vaziri lavozimlarida ishlagan Islom Karimovning nafaqat qo‘shib yozishda oldingi saflarda bo‘lgani, balki pulni Moskvaga tashigani zamondoshlari xotirasida saqlanib qolgan.
Zero, u egallagan lavozimlar shunday qilishni taqozo etardi va marhum yurtboshi vazifasidan kelib chiqadigan ishlarni sidqidildan bajargan.
“U aslida o‘zining nomini oqlash uchun qo‘shib yozishda ayblanganlarni qamoqdan chiqarish harakatlarini boshlab yubordi, – deydi “Eltuz” bilan suhbatlashgan keksa kolxoz raislaridan biri. – Chunki qo‘shib yozish bor edi va Islom Karimov uning boshida turganlar biri edi.
Gdlyan va jamoasi aksariyat aybdorlarni qamadi. Ammo u bu ishni qo‘shib yozish ortidan semirgan o‘zbek boylarini talashga aylantirib yubordi.
Bunday ishni SSSRning har qanday respublikasida boshlash mumkin bo‘lsa-da, faqat O‘zSSRga nisbatan ayblov butun millatga nisbatan haqorat sifatida qabul qilindi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimov, avvalo, o‘zi ishtirok etgan jinoyatlardagi sheriklarini qutqardi. Isboti shuki, uning hukmronligi davrida bunday jinoyatga odatiy hol sifatida qaralib, qonunbuzarlik bugungi kunlarimizgacha davom etib kelmoqda.
Paxtachilik sohasidagi majburiy mehnatni yo‘q qilish, uni mexanizatsiyalashni kuchaytirish, fermer xo‘jaliklari manfaatdorlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan klasterlar tizimi ham qo‘shib yozishda yetakchilar qatoriga qo‘shilgani, afsuski, achinarli holat.
Yangi tizim bu borada boshlangan ezgu ishlarga soya solmoqda va Karimov tuzumining sarqitlarini yo‘qotishga qaratilgan siyosat obro‘siga putur yetkazmoqda.
“Agar hozirdanoq klasterlarning noqonuniy harakatlariga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilmasa, ertaga bu tizim ham “o‘zbekchalashib”, muayyan to‘dalarning noqonuniy boyishi manbaiga aylanib qoladi”, deydi sovet davridagi qo‘shib yozish illatlarining bevosita guvohi bo‘lgan sobiq kolxoz raisi “Eltuz” bilan suhbatda.
Ma'lum bo‘lishicha, aniqlangan qo‘shib yozishlarning eng ko‘pi Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent va Jizzax viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Agar har bir kilo qo‘shib yozilgan paxtaga o‘rtacha 1000 so‘mdan haq to‘langan, deb hisoblansa, yo‘q paxta uchun qariyb 143 milliard so‘m to‘lab berilgan bo‘lib chiqyapti.
2019 yilda 1 tonna paxtaning davlat xaridi narxi qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan birga 4 mln 300 ming so‘m etib belgilangan bo‘lib, yo‘q paxta uchun kimlargadir deyarli 615 milliard so‘m ajratilyapti.
Ikkita summani qo‘shsangiz, 757 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ davlatdan o‘g‘irlanganini yozyapti mahalliy nashrlar.
Xo‘sh, xalqning buncha pulini kim yeb ketyapti? Buning uchun kim javob beradi?
Afsuski, hali bu kabi savollarga javob topilgani yo‘q va hech kim javob berishga shoshilmayapti ham.
Bundan xulosa shuki, aybdorlarning bir uchi so‘zsiz yuqori doiralarga borib bog‘lanadi!
Eltuz.com