Ko‘zqarash
9 aprel 2020

Karantinda yozilgan esse

 MOSYo TYeST BILAN MUTOLAA

 (Davomi)

«Sof san'at»

Balki «Mosyo Test»ning o‘z tafakkuri ustidagi istibdodini bitta Edgar Po emas, balki yuqorida sanalgan barcha ismlar tafakkurining sintezi deyish mumkindir. Garchand, Valeri, masalan, Mallarme haqda: «She'riyat Mallarme uchun eng teran va yagona predmetdir. Men uchun esa u AQLning spetsifik imkoniyatlariga bir ilovadir xolos», desa ham.

Albatta, Mallarme uchun sheriyatning vazifasi tasvir va yoki nasihat emasdi. Uning fikricha, She'riyatda tabiatusti bir mag‘iz bo‘lishi kerak. Shoir sirli olam bilan inson o‘rtasida vositachi. U simvol(ramz)lar yordamida gizlangan borliq ustidagi sir pardasini sidirib tashlash uchun mukallafdir.

Aslida, Mallarmening maksimalizmi «Mosyo Test» (Valeri) maksimalizmidan farq qilmaydi. Faqat biri buni she'riyatga, ikkinchisi esa umuman tafakkur jarayoniga yoyadi.

Mallarme ilhomga, sirlilikka ahamiyat beradi. Uning muxlisi Valeri esa bitta she'rning bir nechta variantini yozish mumkinligiga ishonadi. «Ko‘p variantli she'r (ilhomning muqaddasligiga inongan) avom idroki uchun sharmandali bir holdir. Men uchun esa bu katta layoqatdir. AQL qudrati variantlar soni bilan o‘lchanadi», deydi u.

Bu ikki shaxs o‘rtasidagi yagona farq: Valeri maksimum ANIQlikka, Mallarme esa  maksimum «qorong‘ilikka»(sirlilikka) intiladi. Ikkalovi ham bu intilishlarida o‘z fikrlarining mustabididirlar. Ular bu intellektual istibdodda birlashadilar.

Frantsuz she'riyatiga, Valerining e'tirofiga ko‘ra, umuman Ovrupa adabiyotiga ta'sir qilgan o‘z yurtida e'tibor ko‘rmagan Edgar Allan Po o‘zining «The Poetic Principle» ma'ruzasida (san'atdagi)Haqiqat haqdagi tushunchasini shunday bayon qiladi: «Haqiqatga xar kim kabi teran ehtirom tuygan bir kishi sifatida men uning tadbiq qilinish usullariga ma'lum bir cheklov qo‘ygan bo‘lardim…Cheklovni (haqiqatni) tadbiq usullarini kuchaytirish uchun qo‘yardim. Men ularni sochib tashlab zaiflashtirmasdim. Haqiqat bizga qat'iy talablar qo‘yadi. Uning dunyo bilan ishi yo‘q… Qo‘shiqni(she'rni) chechaklaru qimmmatbaho toshlar bilan bezash uni bachkana bir paradoksga aylantirish demakdir.Haqiqat uchun kurasharkan, biz tilning keskinligi va shafqatsizligiga ehtiyoj tuyamiz, uning rang-barang jimjimadorligiga emas. Biz SODDA, ANIQ va QISQA bo‘lishimiz kerak. Biz SOVUQ, SOKIN va EHTIROSSIZ bo‘lishimiz kerak».

Pol Valeri Sharl Bodler haqidagi ma'ruzasida shunday yozadi: Sharl Bodler «The Poetic Principle» («Poetik printsip») dan ko‘zlari qamashib, hayratga tushganiga qaramay – yoki aksincha ko‘zlari qamashib, hayratga tutilgani uchun – uni Edgar Po asarlari (frantsuzcha tarjimasi) orasiga kiritmadi. Ammo bu essening eng muhim parchasini biroz o‘zgartirib, o‘zidan qo‘shib, Poning «G‘ayrioddiy hikoyalar»i tarjimasi so‘zboshisiga kiritdi. Agar bu voqeani muallif o‘zi tan olmasaydi, buning bir plagiat ekanligi shubha ostiga olinishi mumkin edi. Ammo (Bodler)Teofile Gote  haqida yozgan maqolasida o‘sha parchani to‘la keltirib, unga shu ajoyib izohni ilova qiladi:»parafrazadan qochish uchun ba'zan o‘zimdan iqtibos keltirishimga izn bor deb o‘ylamaman», deydi u va o‘sha parchani keltiradi».

Pol Valeri o‘z salafi Bodler haqidagi bu mayin, do‘stona kinoyasidan qat'iy nazar, Edgar Po qo‘ygan bu mezonlar Mosyo Test(Valeri)ning ham EHTIROSli mushohadalari tamali bo‘ldi. Balki buni ehtirossiz(sovuq, sokin) matn yasash EHTIROSI, desa aniqroq bo‘lar. Bu ta'bir hikoyamiz avvalida qo‘llanilgan «muz mash'ala» tabirining yana bir varianti.

Pol Valeri amerikalik buyuk shoir va mutaffakirning she'riyatga qarashini tahlil etarkan, xulosasini Bodlerga nisbatan ochiqroq va dangalroq ifoda etadi: » Edgar Po she'riyatning o‘zini davr yo‘nalishiga uyg‘un isloh etishi kerakligini anglagandi. U (she'riyat) o‘z tabiatini kashf etishga, uni SOF holida o‘rganish uchun davo qilishga haqlidir. She'riy EHTIROSning tahlili va saralash vositasida Mutlaq She'riyatni belgilashi bilan Edgar Po (tarkibida) MATYeMATIKA va MISTIKA yo‘g‘rilgan nihoyatda murosasiz, jozibali bir doktrinani o‘rtaga qo‘yib, yo‘l ko‘rsatdi».

Edgar Po «Printsip»idagi  «She'riyatning o‘zini SOF shaklda o‘rganishga haqqi bor» jumlasiga e'tibor bering.

Bu jumla juda muhim sententsiya.

Bu jumla 19 asrda boshlangan adabiyot dohiylarining qit'alar aro muhosabasi mohiyatan san'atdagi SOFLIK uchun berilgan mujodala ekanligidan dalolat beradi.

Albatta, bu SOFLIK talqinidagi nyuanslar, farqliliklar ayri bir masala.

Bizning adabiyotda, uning Sovet bosqichida bunday muhosaba yerosti (underground) tor adabiy gurunglaridagina tortishildi. Kommunistik mafkura uchun «sof san'at» bir haqorat edi. Bugun ham o‘zbek adabiyoti (balki butun sobiq sovet adabiyoti) bu mafkura asoratidan qutilmagani kuzatilmoqda.

Bu xususda bultur bir matn tayyorlagan edim. Undan bir parcha: » Bizning zamonimizda «Sof san'at» va bu tushuncha tarafdorlari sotsialistik realizm adabiyotshunosligining tanqid ob'ekti edi. Garchand 20 asr sovet adabiyotining ilg‘or yosh naslining botiniy dohiylari aynan «sof san'at » tushunchasi vakillari edilar. Ular sovet mafkurasi tarafidan targ‘ib qilingan sovet yozuvchi shoirlari emas, balki ko‘pincha ta'qiqlangan G‘arb yozuvchi-shoirlari edilar. Yosh sovet shoirlariga «G‘arb she'ri taqlidchisi» tamg‘asi urilib, ular milliy ildizlarini inkor etgan osiylar deya e'lon qilinardi. Ammo bir oz vaqt o‘tgandan keyin aynan bu «osiylar» yaratgan adabiyot «eng milliy » adabiyot ekanligi o‘rtaga chiqardi»…

Balki bu fikr biroz iddaoli ko‘rinishi mumkin. Ammo bu kamida tortishilayotgan «sof san'at» g‘oyasini Sovet rejimi kabi mustabid siyosiy tuzum ham o‘ldiraolmaganiga bir guvohlikdir.

6.04.2020

Etika haqda

Bu global muhosaba ishtirokchilarining adabiy dunyoqarashidagi ularni umumlashtiradigan yana bir jihat bu o‘z adabiy qarashlarini etikadan uzoq tutganlari va yoki uni san'atda muhim unsur maqomiga yuksaltirmaganidir.

Tabiiyki, bu aslo ularning ahloqni mensimaganini ko‘rsatmaydi.

Bu bir intellektual tarjih (tanlov) edi.

Buni san'atda an'anaviy nasihatgo‘ylik tendentsiyasiga qarshi refleks deyish ham mumkin.

Pol Valeri Bodlerning «Yovuzlik gullari» (yoki «Qabohat gullari») kitobini yo‘rimlar (tafsir qilar) ekan, shu jumlani quradi: «Yovuzlik gullari»da  na tarixiy poema, na asotir bor. Hikoyachilikka(syujetga) asos beradigan hech narsa yo‘q. Unda balandparvoz falsafiy parchalarni ham ko‘rmaysiz. Siyosatga ham o‘rin yo‘q. Tasvirlash siyrak va hamisha tamg‘ali. Ammo unda joziba, musiqa va tashqi dunyodan tozalangan, qudratli mohiyat bor… Bark urgan yashillik, obraz, totli shahvat bor».

Bu Valeriga ko‘ra sof she'riyatning ko‘zga tashlangan sifatlari. Bu sifatlarning qisman Edgar Po «Printsipi» ta'sirida shakllanganini sezish qiyin emas.

Etika masalasiga qaytsak: Pol Valeri halafi Sharl Bodler she'rlarini tahlil etar ekan, uning samimiyati uning intellektual raqobat tuyg‘usini doim jilovlab turganini va Bodlerga bo‘lgan yuksak ehtiromini baralla e'tirof etganini ko‘ramiz: «…Lekont de Lil(parnaschi) unga (Bodlerga) qisirlik aybini qo‘ydi. U chinakam mahsuldorlik shoir uchun uning she'rlari soni bilan emas, she'rlari ta'sirining umri bilan o‘lchalanadi. Bu haqda hukm chiqarish uchun asrlar kerak. Bugun oltmish yil o‘tishiga qaramasdan unimng (Bodlerning) kichik hajmli bir asari o‘zi bilan butun boshli she'riyat iqlimini to‘ldirib turibdi», deb yozadi Valeri.

Ikki fikr odami o‘rtasidagi bunday ahloqiy munosabat postmodern adabiyotda siyrak uchraydigan bir sifat.

O‘zbek adabiy muhitida yashaganim bir voqea esimga tushadi.

1979 yilda shoir Cho‘lpon Ergash haqida «Soddalik jozibasi» degan bir maqola yozgandim, gazetalar uzoq vaqt bosmadi. Adashmasam, ikki yil o‘tib, «Yoshlik» jurnali chop etdi. Esimda yo‘q, balki boshqa bir ikkinchi darajali nashr…

Shu ikki yil ichida Cho‘lpon Ergash haqida uning tengdoshlari tarafidan menga berilgan dakkilarni esalasam bu qadar bag‘ri tosh insonlar edi bu insonlar, deb o‘ylayman. O‘z safdoshiga bir iliq so‘zni ravo ko‘rmagan insonlar.

Bor-yo‘q sabab 70-yil o‘rtalarida Cho‘lpon Ergash haqida kommunistlarning gazetasi «Sovet O‘zbekistoni»da bir fel'eton chiqqani. KGB ning buyurtmasi bilan shoir xotinbozlikda ayblanib yozilgan edi fel'etonda.

Holbuki, ishg‘olchilar Cho‘lpon Ergash she'rlaridagi silliq ko‘ringan ma'jozlarda milliy hislar uyg‘otish potentsialidan qo‘rqqan edilar. Bu o‘zini va millatini tanigan bir munavvar uchun albatta sharaf edi. Ammo bizda buning sharaf ekanini idrok etadigan bir adabiy jamoa shakllanmagan edi 70-yillarada. Shakllangan bo‘lsaydi, safdoshi haqda maqola yozgan bittasiga «nima topdingiz bu qofiyabozda?» degan sharmsiz savol bermasdilar.

Bu shoir haqda uning buyuk shoir bo‘lgani uchun yozmagan edim. Uslub jihatidan ham mendan juda uzoq edi bu shoir.

Xar narsadan avval uning milliy mavzudagi insoniy orzulari o‘ziga jalb etgandi meni.

Masalan, u «Qariganimda, bir kuni yarim tunda eshigimni chertsalar, eshigimni ochsam-da, ostonamda ruslarga qarshi kurashayotgan o‘zbek partizanlarini ko‘rsam, ular «Cho‘lpon aka, bizni uyingizda yashiraolasizmi, quvib kelishayapti!» desalar va men ularni darhol uyimda yashirsam, deb xayol qukraman! Shunday kunlar kelarmkin-a, Solih?, deya jilmayardi rahmatli xayolparast shoir.

 O‘zbekning o‘z uyiga sig‘magani haqda uning she'ridan parcha:

   Xayr endi o‘g‘lonim, xayr endi, bor!

   Sen borki jon saqlar mushtumdek jonim,

   Hamisha meni deb topganing ozor,

   O‘z uyingga o‘zing sig‘maysan doim!…

Bunday g‘arib shoirlarning qadrini biladigan, avaylaydigan adabiy jamoa bizda bugun bormi ajabo?..

Adabiyotdagi tolerans muhiti va tanqid madaniyatining saviyasi adabiyot rivojini belgilaydi.

Bunday muhit va madaniyatning paydo bo‘lishiga  esa o‘z asarlari va ahloqiy pritsiplari bilan buyuk shaxslar turtki beradi.

O‘rta asrlarda Navoiy va Jomiyning o‘rnak do‘stligi Janubiy Turkistonda shunday tolerans muhitini yaratgandi. Binoiylarning kustohligi ham bu muhitni zadalay olmadi.

Chunki u muhitda xatto kustohlikka ham o‘rin bor edi.

7.04.2020

 Musiqaviylik haqda

«Sof san'at» fidoiylarining She'riyat uchun muhim sanaganlari yana bir xusus bu she'rdagi musiqa: ritm, ohang, qofiya.

Sharq adabiyoti uchun bu xusus hech qachon tortishuv mavzusi bo‘lmagan. Sharq uchun she'rdagi ritm, ohang, kofiya doim Shaklning tabiiy unsurlari bo‘lgan. Lekin Sharqda hech qachon bu unsurlar she'rdagi ta'sir manbaining muhim qismi sifatida qiymatlantirilmagan.

Bunday qiymatlantirishni G‘arb adabiyoti bajardi.

Ular bu masalaga ham mukammaliyatchilik (maksimalizm) bilan yondoshdilar.

Sharl Bodler Edgar Po haqida yozgan maqolasidan bir iqtibos: » Musiqa – o‘zining ritm, hijo va qofiya ko‘rinishlarida – shu qadar muhimki, buni inkor etish aqlsizlikdir, men uning mutloq ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tirmayman… Hatto sonetga ham aniq plan zarur – karkas, zamin – bu ruh ijodining sirli hayoti uchun muhim shartlardir».

Edgar Po ham o‘zining «Qarg‘a» she'rida matematik hisob bilan qurilgan ritm, takror va qofiya sistemasi vositasida yuksak musiqaviy, mistik  effektga erishganini e'tirof etadi.

«Matematik hisob» va «mistik ta'sir» – bir-birga zid (ratsional-irratsional) qutblar – mo‘jizaviy shaklda bir-birlarini to‘ldiradilar va shoirning aqli va hissiyoti o‘rtasida mukammal bir uyg‘unlik – garmoniya yaratadi. Bu mukammal garmoniya she'riyatda aks etganida bu mukammallikning yaratilishida qatnashgan aql va hissiyot ikkinchi planga o‘tib, maydonga avval ko‘rinmagan Ruh suldori(silueti) chiqadi.

Ruh – sof san'at yo‘lchilarining mayog‘i.

Aslida, san'atda  Shaklning kamida Mazmun kabi muhim ekanligini idrok yetgan xar qanday mutaffakir musiqaviylikning she'rda naqadar muhim rol o‘ynashini biladi. Faqat biz mansub bo‘lgan adabiyotning keyingi (Sovet) bosqichi san'atning bu hayotiy, professional jihatlarini mensimagan bir mafkuraga tayanardi. Shu sababdir-ki, adabiy haqoratlar umumiyat-la «shaklboz», «qofiyaboz» qabilida bo‘lgan. Bu atamalar xuddi «xotinboz», «masxaraboz» singari bir so‘kinch edi.

Sharl Bodler musiqaviylik faqat she'r emas, nasr uchun ham muhim ekanini urg‘ulaydi. Uning fikricha, she'rning nihoiy hadafi go‘zallik bo‘lsa, novella uchun ko‘pincha haqiqatdir. Bu yo‘lda novellaga ham ritm kerak. Ritm bo‘lsa, mantiqiy syujetga qurilgan bu janrda 

yozuvchi – sof she'riyat cho‘qqilari saviyasida bo‘lmasa ham – nisbatan avom o‘quvchiga tushunarli mukammal asarlar berishi mumkin.

Kamina 70 – yillarda verlibr (sarbast she'r) yozib ko‘rdim.

Bu harakat shoir Erkin Vohidov ta'na qilganidek, «yoshlarning sun'iy yangilik yaratish» oliftaligi yoki shunchaki mexanik intilish emasdi.

Bu ruhning qoliplardan chiqish instinkti, intellektual erk istagi edi. Ammo his etganimdek, u jabhada ham matnlar mendan musiqaviy oziq talab kildi:

«Men senga eng achchiq so‘zlarimni titrab

Bugun aytaman.

Men seni bugun ayamayin sira,

Sen-chi g‘azablan.

Men aytib titrayin, sen so‘zdan titra,

Titra nigohdan.

Bugun mening so‘zim, sening g‘azabing

O‘tsin nikohdan!» 

1975 («Beshinchi fasl», 1977. G‘afur G‘ulom nashriyoti)

Hatto g‘irt nasriy jumlalarni eslatgan quyidagi qofiyasiz satrlarda ham ichki ohang eshitganim uchun uni barmoq vazniga solmadim:

Avgust.

Hech kimning ko‘ngliga tegmaydigan iliq bir fasl.

Yaproqlar sarosimada bu mayinlikdan.

Tunda shivirlab ko‘r,

Oyga eshitiladi shiviring.

Jim qadam bosasan

Yulduzlar to‘kilib ketmasin deya…

Avgust.

Yaproqlar sarosimada.

1975 ( Bu matn ham ayni nashrdan)

Ammo sarbast she'rga bo‘lgan tavajjuh uzoq davom etmadi. Bir muddat so‘ngra yana o‘sha qafas, hijolardan qurilgan oltin panjara orqasidagi SIR meni o‘ziga jazb etaboshladi. Sarbast matnga sayohatdan siqilgan ruhim, xuddi tug‘ma askar kabi, yana intizomni sog‘ina boshladi. Va nihoyat, o‘sha qat'iy, despotik shaklga qaytdim.

Nega qaytdim?  Chunki «despotik shakl» men uchun sarbast shakllarga nisbatan she'r g‘oyasini (go‘zallikni) ko‘proq bo‘rttirib ko‘rsatadigan bir chorcho‘p(rom)edi.

Qofiyaning kategoriyalari bor, albatta. Askiya ustalarining qofiyasidan tortib, yallachilarning yallalaridagi qofiya ham qofiyadir.Biz bu yerda tortishayotgan kategoriya ishning professional ahliga oid kategoriyadir.

Sharl Bodler o‘zining «Edgar Po haqda yangi bitiklar» maqolasida shunday deydi. «U (Edgar Po) qofiyadan olingan lazzatni ikki misli orttirish uchun unga daf'atanlik ato etdi. Uning ikkilamchi, uchlamchi qofiyalari, refrenlari zamonaviy she'riyatga leonin (O‘rta asr latin shoiri Leoning satr ichi qofiyalari.M.S.) uslubining yana-da aniq, ajoyib namunalarini tuhfa etdi».

Qofiyaning hech kim urg‘u bermagan bir jihati bor. Bu uning yuzaki qaraganda paradoksal, teranlashganimizda mantiqli ko‘rinadigan tabiati: Qofiya metaforistik she'r matnida qiyin, syujetli matnlarda juda oson qo‘llaniladi.Qofiya suveren bir unsur o‘laroq, erkin harakat kilish uchun she'rdan o‘ziga kengroq maydon talab qiladi. Bu maydon unga berilsa, bu holat tashbih tizimini siqishtirib qo‘yadi, metaforaning kuchini zaiflashtirib, uni mayib qiladi.

Ammo usta shoirlar metafora va qofiya o‘rtasida kuch muvozanatini o‘rnatishi mumkin.

Bu muvozanat o‘rnatilganida san'atda yuqorida zikr etilgan yuksak garmoniyaga erishiladi.

«Sof san'at» va Dekadans

Yuqorida tortishganimiz butun mavzular Edgar Po o‘z hayotida uyg‘ulagan, Sharl Bodler kashf etgan, Pol Valeri ism bergan zehniyatning san'at olamidagi tadbiqotidir.

Bu zehniyat inson tafakkuri injaliklarini matematik hisob bilan tahlil qilib, chiqqan xulosani  san'atning barcha turlariga fe'lan tadbiq etadi.

Pol Valeri o‘z qahramoni Edmond Testning hayot tarzini shunday tasvirlaydi: » Unda  insonni sarxush qiluvchi tajribalarga bo‘lgan dahshatli  qaysar bir ehtirosni sezardim. Bu o‘zining ko‘pqirraligida g‘arq bo‘lgan, o‘zining sistemasiga aylangan, ozod aqlning qo‘rqinchli intizomiga o‘zini taslim etgan, surunkasiga bir quvonchini ikkinchisi bilan o‘ldirgan, zaifini kuchlisiga almashtirgan, oniy va o‘tkinchi bo‘lganini, tamalli quvonchga, tamalli quvonch umidiga almashtirgan bir mavjudot edi. Men uning o‘z fikrining xo‘jayini ekanini his etdim».

Bu xarakteristika «Sof san'at» dohiylarining aksariyatini u yoki bu darajada ta'riflaydi.

Garchand bu ta'rifidan keyin Valeri: «Men bu erda absurd yozdim, hislarni tasvirlash doim absurddir», deya ilova qilgan bo‘lsa ham.

Qizig‘i shundaki, Pol Valerining ijodiy kelib chiqishi, uning ilk ilhom qaynog‘i dekadans (cho‘kish) oqimining homiylari (Bodler, Mallarme, Verlen)ning asarlari bo‘lsa-da, esse qahramoni mosyo Test shiddatli tafakkur tarzi bilan dekadentdan keskin fark qiladi.

Bu qahramonni pessimist deyish qiyin. U melanxolik ham, dekadentlarga isnod etilgan «chirkinlikdan go‘zallik ahtaradigan badbin» ham emas. U o‘z fikrining tolmas taftishchisi, yuqorida yozilganiday, hur aqlini temir intizomga bo‘ysundirgan, tanaffusiz tafakkur ichida yashayotgan bir zotdir.

Aslida, «dekadans» so‘zi dekadentlar o‘ylab chiqargan nom emasdi. Bu so‘z ularning adabiyotdagi muxoliflari tomonidan kamsitish uchun ularga urilgan tamg‘a edi. Bu tamg‘a birinchi marta Viktor Gyugo va umuman romantizmga qarshi qo‘llanildi. Keyingi avlod vakillari Teofil Gote va Sharl Bodler esa bu uyat tamg‘asini g‘urur bilan qabul etdilar. Ular bu so‘zni «bachkana progress» inkorining ramzi sifatida qo‘llana boshladilar.

Bodler: «Dekadent adabiyoti!.. Bu iborani klassik estetikaning «muqaddas» darvozalarini qorovullab turgan sirsiz sfinkslarining balandparvoz esnashida eshitamiz. Xar safar bu tamg‘a jaranglaganida, demak, «Iliada»dan ham qiziqroq bir asar haqida gap ketayotganini tahmin qilish mumkin».

Adabiyotdagi xar yangilikka «dekadans» deya hujum qilgan «klassika» qorovullarini Sovet-rus dabiyotida ham, bizning Sovet-o‘zbek adabiyotida o‘am ko‘rdik.

Sovet-rus she'riyatida Ahmatova, Mandelshtam, Pasternak dekadentcha pessimizmda ayblandilar.

Bizda esa asosan Abdulhamid Cho‘lponning ba'zi asarlarini, xususan, uning simvolizm oxorli she'rlarini bu kategoriyaga kiritish mumkin edi. Va kiritdilar.

Faqat Cho‘lponning she'riyati kabi, nasrida ham Ovrupa dekadans(simvolizm) adabiyotidan keskin farq etgan muhim bir hususiyati bor. Bu Turkiston milliyatchligi.

Cho‘lpon Ovrupa shoir-yozuvchilaridan farqli o‘laroq, Chor Rusiyasining mustamlakasi bo‘lgan bir o‘lkada yetishgan oydin edi. U simvolizmni milliy ruhni o‘rtish uchun bir parda o‘laroq qo‘llandi.

Yana bir marta urg‘ulaylik: suhbatimiz mavzusi «sof san'at» vakillarining aksariyati Paul Valeri qahramoni Test kabi «dekadans» ta'rifiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu tamg‘aga sohib chiqqanlarning eng buyuklari bu tamg‘aga joriy adabiyotni inkor qilish uchungina sohib chiqdilar.

«Sof san'at» tarafdorlariga estetik cho‘kish(dekadans)kuychilari, deya hujum qilgan  muxoliflarga jiddiy zarbani Bodler berdi. Uning fikricha, she'riyatning vazifasi vijdonni mustahkamlash yoki boshqa bir «foydali» aktsiyani amalga oshirish emas. She'riyat uchun asosiy hadaf uning o‘zidir. Ammo bu She'riyat oxir-oqibatda xulqni olijanoblashtirmaydi degani ham emas. U oxir-oqibatda insonni tuban manfaatlar uzra yuksaltirishi mumkin.Faqat she'rdagi nasihatguylik she'rning poetik kuchini zaiflashtiradi.

Sof san'atchilarga ko‘ra, san'at sof bo‘lish uchun boshka qusurlar qatorida didaktikadan ham tozalanishi kerak.

Muhammad Solih

9.04.2020

Tag‘in o‘qing
17 may 2017
Andijon viloyati Shahrixon shahri va tumanida 15 may kuni yuzlab bemorlar zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ozodlik radiosi ma'lumotiga ...
1 sentyabr 2023
“Kuchlilar kechira oladilar” degan ibora har doim meni boshi berk ko‘chaga tiqqan. Ya'ni, agar «zaif» yomonlik qilsa, kuchlilar miyig‘ida ...
8 iyun 2022
Ikkinchi jahon urushida insoniyat qozongan va nishonlagan g‘alaba kuni aslida 8 iyun ekanini ko‘pchilik bilmaydi. 1946 yil 8 iyun ...
21 yanvar 2019
Facebook shirkati 17 yanvar kuni Kreml loyihasi bo‘lgan «Sputnik» nashri tashviqotiga xizmat qilgan tarmoqdagi yuzlab sahifalar va akkauntlarni o‘chirdi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...