Davlatni o‘z tiliga qaytaring
Hech qachon rus xalqiga kin va nafrat tuymadim. Aksincha, yoshligimda Rusiya bilan bog‘liq ishlarimda (adabiyotda kabi siyosatda ham) juda ko‘p sodiq do‘stlarim ruslar orasidan bo‘lgan. Bir-birimizni qardoshcha qo‘llab-quvvatlaganmiz.
Ruschaga tarjima qilingan she'rlarimning tarjimonlari rusning ikkita buyuk shoiri – marhum Viktor Sosnora va marhum Aleksey Parщikovdir. Biri peterburglik, ikkinchisi moskvalik edi. Ikkalasi ham Toshkentga uyimga kelgan, men ham ularning uylarida mehmon bo‘lganman, oilalarimiz ham bir-birlari bilan do‘st bo‘lishgan.
Hozir ham Istanbulga juda ko‘p rus do‘stlarim ziyoratga kelib turishadi. Ular bilan adabiyot, siyosat va har narsani qardoshcha muhokama qila olamiz va oramizda millat va irq muammosi hech qachon bo‘lmagan.
Albatta, ruslarning ichida, har qanday bir xalq ichida bo‘lgani kabi, yaxshilari ham yomonlari ham bo‘ladi. Bir yoki ikkita rusning, bir yoki ikki rus guruhining negativ taraflarini butun rus xalqiga mol qilish insofsizlik bo‘lardi.
Masalan, Jirinovkiy yoki Duginlarning shovinizmdan ham oshib tushgan irqchi siyosatlarini butun rus xalqiga mol qilish mumkin emas. Hatto Jirinovskiyning partiyasiga millionlab ruslar ovoz berayotgan bo‘lsa ham. Hatto bu arboblar ba'zi «nozik masalalar»da rus hukumatining g‘ayrirasmiy «tili» bo‘lib vaysayotgan bo‘lsa ham. Hatto bu arboblar ko‘ksiga Rusiya prezidenti tarafidan davlat nishonlari taqilayotgan bo‘lsa ham.
Biz bular uchun rus xalqini ayblay olmaymiz.
Ammo bu tolerans mening rus shovinizmi va irqchiligidan nafratlanishimga to‘siq bo‘la olmaydi.
«Mustaqil» bo‘lib, rus shovinizmidan qutuldik, deb o‘ylagandik, ammo O‘zbekistondagi bugungi ahvol buning teskarisini ko‘rsatyapti.
Rus shovinizmining o‘lkamizdagi zuhuroti ba'zan qip-yalang‘och va haqoratomuz shaklda yuz beradi.
So‘nggi paytlardagi rus bosqinchilariga Toshkentda o‘rnatilgan «tarixiy memorial»ning ta'miri, rus tilini yana davlat tili maqomiga ko‘tarish orzularining suveren bir davlatda taraddudsiz tilga keltirilishi rus shovinizmining O‘zbekistonda hali ham kuchli omil ekanligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbek tili davlat tili deb e'lon qilinganiga 31 yil bo‘ldi, ammo bu til haligacha davlat tili bo‘la olmadi. O‘zbekistonda yashayotgan o‘zbek bo‘lmagan aholi ham 5 yil ichida davlat tilini o‘rganishi kerak edi, 90-yillarda olingan qarorlar bo‘yicha.
O‘zbek bo‘lmagan bu nufuz mustamlaka Turkistonda 135 yil yashab o‘zbekchani o‘rganmadi, 31 yildan beri mustaqil bo‘lgan O‘zbekistonda ham o‘rganish niyati yo‘q.
Buning asosiy sabablari:
a) O‘zbekiston rahbarlarining Rusiyaga yaxshi ko‘rinish kabi pastkashlik kompleksi. Ulardagi o‘zbek tiliga nafrat.
b) O‘zbek tilini mensimaslik siyosati, o‘zbek tili o‘qituvchilarining kamsitilishi, maoshlarining ozligi.
v) Davlat idoralarida hali ham hokim pozitsiyalarda ishlayotgan rus tilli kadrlarning sabotaji.
g) Yerli bo‘lishlariga qaramay, rus tilida o‘qigan va bu tilni turli pozitsiyalarda qo‘llayotgan manqurt kadrlar.
«O‘zbeklar rus maktablarida o‘qishni tarjih qilishyapti, biz nima qilaylik?» deya o‘zlarini oqlashadi idoralarda o‘tirgan rus tilli manqurtlar.
Qarang, O‘zbekiston prezidenti qizlaridan tortib, kuyovlari, qarindoshlari, butun sulolasi rus tilida o‘qigan, bolalari ham rus tilida o‘qiyaptilar.
Ya'ni o‘zbek tili taqdiri o‘zbek tilini bilmagan, o‘zbek tilidan nafratlangan, turli sohalarda rahbar bo‘lib ishlayotgan kadrlar qo‘lida.
Bular manqurtlar sinfidir.
Bu sinf O‘zbekistonda juda kuchli «oltinchi kolonna»ni tashkil etadi.
O‘zbekistonda sovet davrida yerli aholini nazorat ostida tutib turish uchun KGB rus tilli aholidan foydalanardi. Ularning juda ko‘pchligi KGB bilan hamkorlik qilgani uchun yuksak lavozimlarga ko‘tarilgan.
Biz bu qatlamni «beshinchi kolonna», deb atar edik.
«Beshinchi kolonna» hali ham faoliyatda.
Rus bosqinchilariga qo‘yilgan memorialni ta'mir qilish g‘oyasini Mirziyoevga qabul qildirgan va ta'mir ishlarini qisman moliyalashtirgan, kelib chiqishi o‘zbek, «beshinchi va oltinchi kolonna»lar mansubi milliarder Alisher Usmonovdir.
Usmonov «karantinni vatanimda o‘tkazaman», deb Toshkentga kelganiga sabab vatan sog‘inchi emas, Putinga «memorial jesti»dir. Mirziyovni ham «Putinga yana-da yaqinroq bo‘lasan», deb bu ta'mirga ilhomlantirgan Usmonov, deyishmoqda manbalar.
Sovet davrida kaminaga qarshi yozilgan butun negativ maqolalarning mualliflari shu «kolonna»dan edi.
Ularning minbarlari «Pravda vostoka», Tashkentskaya pravda», «Vechernыy tashkent» kabi gazetalar va TV dagi rus tilidagi dasturlar edi.
Bugun ular o‘zlariga o‘sha gazetalardan mustaqil saytlar ochib olib, avvalgi o‘zbek milliy qadriyatlariga qarshi faoliyatlarini davom ettirmoqda.
Bu «mushketyor»lardan bittasi o‘zining «mustaqil» saytida qamoqda o‘tirgan dissident Akrom Malik haqda bunday yozadi: «Biz fabrikatsiya qilingan har qanday uydirma jinoyat ishiga qarshimiz va odam sodir qilmagan ishi uchun jazo o‘tashini qoralaymiz. Jumladan, Malikning ham. Lekin Akrom Malikdan konfet yasash ham kerak emas”, deb Akrom Malik yozgan maqolaning ruscha tarjimasini yoyinlaydi.
Akrom bir maqolasida “xalq davlat boshqaruvining shariatga asoslangan shaklini tanlasa, bu uning haqqidir”, deb yozgan ekan…
Bu «beshinchi kolonna» muxbirining DXXga yozma ixbori(«donos»)dir.
Yaqinda Akrom Malikni ozod qilish xaqida o‘zbek ziyolilari davlat rahbariga maktub yozishib, savob ish qilishdi.
Lekin «beshinchi kolonna» askarlari donoslar yozib, uning turmadan chiqmasligi uchun g‘ayrat qilayotgani ham aniq.
InshaAlloh, Akrom bu zulmdan qutulsin.
Lekin biz uchun bugun eng katta muammo «beshinchi» emas «oltinchi kolonna»dir.
U «beshinchi kolonna»ni qo‘llab-quvvatlayotgan, ichimizdan chiqqan xoin bir qatlam.
Faqat davlat tili masalalarida emas, iqtisodni ham, tashqi siyosatni ham bu «oltinchi kolonna» dizayn etmakda.
Bu «kolonna»larni bartaraf qilishning yagona yo‘li – O‘zlikni tanishdir.
Xalq, oz bo‘lsa-da, bu yo‘lda masofa oldi, deb umidlanmaktaman.
Birinchi navbatda, hukumatni o‘zbek tili o‘qituvchisining ijtimoiy maqomi va obro‘sini ko‘tarishga majbur qilish kerak. Uning maoshini keskin oshirishga erishmoq kerak. O‘zbek tilida o‘qish ham moddiy, ham ma'naviy tarafdan jozib bir tanlov holiga kelishi kerak.
Xalqimiz 89-yilda o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishi uchun qanday mujodala qilgan bo‘lsa, bugun ham ayni shijoatni ko‘rsatishi lozim.
Davlatni o‘z tiliga qaytarish kerak.
Muhammad Solih
2020