Asosiy mavzular
27 yanvar 2020

Xufyona iqtisodiyotimiz hajmi aslida qancha?

O‘zbekiston moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov milliy iqtisodiyotda xufyona iqtisodiyot hajmi, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 45 foizni tashkil etishini bildirdi.     

“Aslida esa bizda xufyona iqtisodiyotning hajmi bundan ancha ortiq”, dedi “Eltuz” bilan suhbatda iqtisodchi Sanjar Aqilov.

Uning ta'kidlashicha, bugun O‘zbekiston iqtisodiyotining asosini tashkil etayotgan xususiy tadbirkorlik va kichik biznes vakillari olingan foydaning katta qismini rasmiy buxgalteriya va statistikadan yashirishga intilib keladi. 

– Chunki bizda soliq tizimi haligacha adolatli yo‘lga qo‘yilmagan,- deydi iqtisodchi. – Bank tizimimiz ko‘ngildagidek ishlamaydi. Sal qaddini rostlagan tadbirkorlarni talovchilar ko‘p. Bunday sharoitda ko‘pchilik foydani yashirishni ma'qul ko‘radi. 

U umumiy ovqatlanish korxonalari misolida o‘z fikrini isbotlashga urindi. 

Deylik, bitta oshxona kuniga 5-6 million so‘mlik savdo qiladi. Bu mablag‘ning ko‘pi bilan 15-20 foizi bank orqali aylanadi. Korxonaning buxgalteriya hisobi ham bankda aylanayotgan puli asosida yuritiladi. 

Qolaversa, oshxonada 10 kishi ishlasa, 3-4 tasigina rasmiy ishchi hisoblanadi. Qolganlariga esa maosh o‘zaro kelishuvga ko‘ra naqd ko‘rinishda beriladi. 

Demak, oshxonada aylanayotgan 80-85 foiz mablag‘ hech qaerda rasman qayd etilmaydi. Bu esa shuncha mablag‘ xufyona aylanyapti, deganidir.

Mebel sexi faoliyatini olib ko‘raylik. Bu yerda ham yuqoridagi holatni kuzatish mumkin. Ya'ni o‘nta mebel sotilsa, bittasining puli kirim qilinadi, qolganlariniki yana davlat nazoratidan chetda qoladi. 

Bozorlarimizdagi ahvol esa bundan besh battar. Biz bozor orqali tirikchilik qiladigan xalqmiz. Bozordagi savdo va xizmat ko‘rsatish hajmi juda katta. Lekin uning ham asosiy qismi rasmiy statistikada ko‘rinmaydi. 

Iqtisodchi Sanjar Aqilovning bildirishicha, tadbirkorlar o‘zaro savdo aloqalarida har qanday rasmiyatchilikni cheklab o‘tish harakatida bo‘ladi. Bu ular uchun qulay va foydali. 

“Yuqorida ko‘rib chiqqan misollarimizning o‘zidayoq xufyona iqtisodiyot milliy iqtisodiyotimizning kamida 65-70 foizini tashkil etishidan darak beradi”, deydi u.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining o‘rtacha yillik daromadi 1700-1800 dollarni tashkil etadi. 

Ammo ichki bozordagi narx-navo, xizmat ko‘rsatish narxlari bilan bu daromadni solishtirganda o‘zaro nomutanosiblik yaqqol ko‘zga tashlanadi. 

Narx-navo qimmat bo‘lsa-da, rasmiylar savdo va xizmat ko‘rsatish hajmi yildan yilga oshib borayotganini aytib keladi.

“Holbuki, kundalik mahsulotlar narx-navosi darajasi aholining xarid quvvati qay ahvolda ekanidan ham darak beradi. 

Bizda esa ayrim kundalik mahsulotlar narxi rivojlangan va o‘rtacha rivojlangan mamlakatlardagi narxlar bilan teng yoki ko‘proqdir. 

Bu, birinchi navbatda, mamlakatimizda raqobat muhiti yo‘qligi dalolati bo‘lsa, boshqa tomondan, aholining o‘rtacha daromadi aslida rasmiy statistikadagidan ko‘ra balandroq ekaniga ham ishora qiladi. 

Shuning o‘zi ham bizda xufyona iqtisodiyot hajmi rasmiylar aytayotganidan ko‘ra ancha katta ekanidan darak beradi”, dedi Sanjar Aqilov “Eltuz” bilan suhbatda. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 sentyabr 2019
Mening uzoq yillar avval yozgan bir she'rim bor edi. Unda Sharqning shoiri gul butog‘iga bog‘lab qo‘yilgan devga qiyoslanardi. Bu ...
21 iyul 2016
Avval ham aytganmiz, «Qishloq hayoti» ajoyib gazeta. Qishloq odamlariga, dehqonlarga ekinni qachon ekish, go‘ngni qachon qaerga ishlatish borasidagi qiymati ...
5 fevral 2016
Huquq himoyachisi O‘ktam Pardaev, o‘zi bilan yotgan mahkumlar qismatidan iqtibos keltirib, mahkumlarga protivogaz kiydirilishi kabi turmada qo‘llaniladigan qiynoqlar haqida ...
18 fevral 2021
Liberal Rossiyaning katta qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan shaxs, Putinga muxolifat timsoli sifatida namoyon bo‘lgan Aleksey Navalniyning obro‘si aksariyat qismi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...