Asosiy mavzular
3 sentyabr 2020

Nega o‘zbek yoshlari kremlparast Ramzanga maftun?

Ramzan Qodirovning 22 yoshli qizi vazir o‘rinbosari bo‘lgani haqida deyarli barcha o‘zbek internet saytlari yozdi. Lekin bu xabarning o‘zbek jamiyati uchun qanchalik ijtimoiy-madaniy qimmati borligini unchalik ham tushumadim.

Bizga Ramzanning yosh qizi mansabga ko‘tarilganining issig‘iyam, sovug‘iyam sezilmaydi.

Xorijdagi hodisalar orasidan bizlarga kerakli, ibratli ma'lumotlarni tanlab, saralab o‘zbek o‘quvchisiga taqdim etish kerak.

Bizlarga miyalarni feodal jaholatdan, qoloqlikdan xalos etadigan, oddiy insonning haq-huquqlarini ulug‘laydigan, erkin jamiyat qurishimizga yordam beradigan rostgo‘y ma'lumotlar kerak.

Dodaparastlarga nasihatim.

Bobojoningni maqtashdan avval o‘zbek tilida ravon va bexato yozishni o‘rganib ol, ey nodon.

Asli bobojoningga o‘xshaganlar dastidan shunaqa savodsiz va yuvosh qo‘yga aylangansan. Tushundingmi?

Do‘stlik haqida

Menda-chi, do‘st kam. Agar do‘stlar sonini sanaydigan bo‘lsam, bitta qo‘limning beshta barmog‘i yo yetadi, yo ortib qoladi.

Lekin garchi havaskor qalamkash bo‘lsam-da, ijodimni qiziqib kuzatadiganlar topiladi, albatta. Rasman shoir yoki yozuvchi emasman.

Yozuvchilar uyushmasiga deyarli bormaganman va binosi qaerda joylashganini ham bilmayman.

Toshkentga borganimda besh-to‘rtta do‘stim bilan ko‘rishaman va shu do‘stlarim men uchun yozuvchilar uyushmasidir.

Darvoqe, do‘stlik haqida.

Erkaklar orasida fikrdagi o‘xshashlik do‘stlik paydo etadi va bu xil do‘stlik o‘ta mustahkamdir.

Biznes do‘stlik, fitna do‘stliklarning umri uzoq emas. Bu kabi manfaat yuzasidan do‘stlashganlar kutilmaganda suyak talashgan itlardek urishib ketadi.

Asli do‘stlarning kamligi erkinlikning bir turidir.

Yana. Ko‘p yaxshi insonlarni ijodi, ijtimoiy faoliyati orqali taniyman, garchi ular bilan yuzma-yuz ko‘rishib suhbatlashmagan bo‘lsam-da, barchasini hurmat qilaman.

Hech qachon millatim, vatanim deb bayramlarda, tantanalarda o‘qiladigan, keyinchalik mukofotga tavsiya etiladigan she'r yozmaganman, yozishgayam urinmaganman.

Vatan, millat ichimdagi surunkali og‘riq va iztirobdir, shu achchiq tuyg‘ular maddohlik qilishimga, yolg‘on yozishimga yo‘l qo‘ymaydi.

Yolg‘on gaplarni asar qilib yozishdan, avvalo, o‘zimdan uyalaman.

Yozuvlarimda bir jumla yolg‘on ketib qolsa, rostini aytsam, tanamdan najas hidi kelayotgandek noqulay sezaman o‘zimni. Toki o‘sha yolg‘onni topib yo‘q qilmagunimcha tanamdan najas hidi ketmas.

Vatan, millat haqida yolg‘on yozish kasalvand va g‘arib onangdan voz kechib, badavlat va basavlat begona ayolni ona deyishdek yomon qilmishdir.

Xullas, men bechoraning do‘stlari ham kam.

Mening barcha do‘stlarim kasalvand va g‘arib onasini ardoqlaydigan, begona va puldor xotinlarni ona demaydigan insonlardir.

Nahotki onani yangi onaga almashtirish mumkin bo‘lsa.

Shu ishni qilyapsizlar-ku!

O‘z onangiz qolib yaltiroq ko‘ylak kiygan xotinlarni ona deyapsizlar-ku!

Vatan, millat haqidagi so‘zlarimni ko‘zlarim tubidagi iztirob bag‘ridan izla.

Usta Gulmat lutf aylab yozganidek.

”.. Balki duduqdirman, lek qalbdagi sevgida nuqson yo‘q”.

Ozod odamning uyi bo‘lmasligi mumkin.

Lekin qulning har doim boshpanasi bo‘ladi.

Ozod odam ishsiz, nonsiz qoladi ba'zan.

Qulning ishi va yegani noni tayyor.

Ozod odam yolg‘iz, himoyasiz.

Qulning ortida uni himoya qiladigan xo‘jasi bor.

Ozod odam vatanidan ayrilishi, begona yurtlarda sarson bo‘lishi ehtimoli katta.

Qul esa qafasidan ayrilmaydi, qafas egasi o‘zgaradi.

Ozod odam o‘ylaydi, fikrlaydi, haqiqat izlab adashadi.

Qul hech qachon yo‘ldan adashmaydi.

Chunki u yo‘l tanlamaydi, uni yo‘ldan olib yurishadi.

Qul – insonlar tomonidan qo‘lga o‘rgatilgan eng oxirgi hayvondir.

Seriallar haqida

Tovba!

Kechadan oldingisi kuni katta hovlida ovqatlanayotib bitta turk serialining boshrog‘iga ko‘zim tushdi. Ovqatlanib bo‘lguncha ekrandagi serialga qarab-qarab qo‘ydim. Sochi oqarinqiragan personaj qorni do‘mpaygan yoshroq xotinining hadeb qornini silab, erkalab, bo‘ynidan quchoqlab, betiga betini ishqab: «Xotinim homilador!» deb qichqiryapti. So‘ng xotinini qo‘yvorib, deraza tomonga borib, derazaning bir ko‘zini ochib: «Xotinim homilador!» deb tashqariga qarab qichqiryapti. Jinnimi bu personaj deb o‘yladim.

Keyingi epizodda xotini bilan moshinada ko‘chada ketyapti. O‘sha yerdayam xotini homiladorligi haqida qichqiryapti. Moshinani to‘xtatib, gul xarid qilmoqchi bo‘lib, gulchilargayam qichqiryapti: «Xotinim homilador!».

Dadam rahmatli shu epizodni, anov qarinqiragan oqsoch personajni ko‘rganda «Baqirmay o‘lll», derdi.

Hayotimda biror marta homilador xotinining qornini silab: «Xotinim homilador!» deb qichqirgan odamni ko‘rmaganman. O‘zimning xotinim ham ikki marta homilador bo‘lgan, lekin erkalanib qornini silamaganman. Bachkanalik. Jinnilik.

Seriallardagi erkak obrazlarda erkakka xos bo‘lmagan kechinmalar seziladi. Meningcha, serial stsenariylarini transeksuallar yoki geylikka moyil odamlar yozsa kerak! Xuddi shunaqa rejissyor sahnalashtiradi.

Diqqat qilinglar, seriallardagi erkak obrazlarining borliq, narsa-hodisalarga emotsional munosabatida ayolmandlik seziladi.

Men she'r tahlilchisiman, hissiyotlar jinsining tez farqiga boraman!

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyalaridan

Tag‘in o‘qing
10 iyul 2019
O‘quv yili tugashi bilan ijtimoiy tarmoqda kollej va litsey bitiruvchilarining o‘z diplomlarini namoyishkorona «oyoqosti» qilishayotgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi. ...
22 noyabr 2018
Camarqandda 22 noyabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga bag‘ishlangan Osiyo forumi inson haqlaridan ko‘z yumilishi fonida kechmoqda. Paradoks shundaki, ...
13 may 2024
Kun surati
27 iyun 2023
Turkistonda birinchi jadid matbuot organi – “Taraqqiy” gazetasi Toshkent shahrida Ismoil Obidov muharrirligida 1906 yil 27 iyundan e'tiboran chop ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...