Ko‘zqarash
14 sentyabr 2020

Paxta terayotgan lo‘lilar

Bir tanishim bor edi. Hozir o‘tib ketgan. Ikki-uch yilda chorraha yoki metro vagonida to‘qnash kelib qolardik. U qo‘liga rubob olib qo‘shiq kuylardi. Bo‘yi past, ozg‘in va sap-sariq bo‘lsa-da, ayollarga o‘ch edi, surbetlarcha ayollarni «o‘ramoq»chi bo‘lardi.

Men unga «Siz chumchuqmijozsiz, qoningiz qaynoq», derdim. Bo‘yi yarim qarich bo‘lib, baland bo‘yli qiz va ayollarga ham xushtorlik qilmoqchi bo‘lardi. Men unga hazil ohangida e'tiroz bildirardim: «Novcha qizlardan nari yuring, ular shundog‘am kam, meniyam o‘ylang».

Biz talaba edik. Uning qishloqda xotini va ikkita bolasi bor edi. Qanday qilib ikkita bolali erkak o‘qishga kirdiykin, deb hayron qolardim. Axir oilasini kim boqadi? Uydagilar boqadi, derdi u shu masala bilan qiziqanimda.

Katta kurs bo‘lgach, qishloqqa borib xotinini ikkita bolasi bilan enasinikiga haydab, uyni sotib, Toshkentga qaytib keldi. Qo‘yliq tomondan bir xonali uy olib, yoshlarni nasroniy diniga da'vat qiladigan bir armani xotinga uylanib, hech qancha o‘tmay nasroniylar cherkoviga borib, diniy qo‘shiq kuylashni odat qildi.

U dinini o‘zgartirgandi. Cherkovda diniy qo‘shiq kuylagani uchun unga pul berishar ekan. «Tirikchilik. Qo‘shimcha daromad», dedi u cherkovga nima maqsadda borishini so‘raganimda.

Oradan bir muddat o‘tib armani xotini bilan ajrashib ketdi va cherkovga borishni ham bas qildi. To‘qsoninchi yillar edi… Oradan hech qancha o‘tmay beva muslima ayolni topib oldi. Shu ayol ta'sirida allaqanday hujralarda islom dinini o‘rganishni boshladi. «Endi o‘zimizga o‘tdingmi», deb so‘radim.

«Tirikchilik. Qo‘shimcha daromad», deb javob berdi. Hujralarda din ilmini o‘rganganlarga bepul oziq-ovqat va boshpana berilarkan». «Men ulardan tovar olaman», dedi u.

U ko‘sa edi. Iyagida sakkizta tuki soqolman deb tikrayib turardi. Oradan bir muncha vaqt o‘tib xotini va tovar beradiganlar bilan urishib qolib, xotini bilan ajrashdi va diniy ilm o‘rganishni bas qildi.

Iskalanib yurgan it yegani bir narsa topadi, deganlaridek, u pana-pasqamda yurib «krishnachi» o‘zbek ayoli bilan tanishib qoldi. Bu safar u jiltiga sakkizta qo‘li bor Krishna- xotin ma'bud surati tushirilgan kitoblar sotardi.

Bu paytga kelib o‘qishni tugatib, to‘rt tomonga tarqalib ketdik. Uni juda kam ko‘radigan bo‘lib qoldim. Shu kungacha ikki marta ko‘rdim, xolos. O‘shanda uning qaysidir institutda ma'naviyatdan dars berayotganini bilib oldim.

Oxirgi marta uni Yangioboddagi eski-tuskilar sotiladigan bozorda ko‘rib qoldim. «Shu yerda tirikchilik qilyapman, daromad yomon emas», dedi. «Endi joyingizni topibsiz! Bu yerdan aqa-baqa ketmang «, dedim unga jiddiy ohangda.

Gapidan bildimki, xotini ham shu bozorda nimadir sotadi va xotinni ham shu yerdan topib uylangan. » Eski-tuski narsalardan teri kasali yuqtirib olish mumkin, ehtiyot bo‘ling», deb unga foydali maslahat ham berdim.

Keyin esa xotinbozligiga ishora qilib: «Eski bozorda boldiri va betiga dog‘ tushgan b.u. go‘zallar ko‘p bo‘ladi», dedim.

Shu yozuvlarimga prototip bo‘lgan shu hikoyasifat narsamni yozishimga turtki bergan inson o‘n besh kunlar burun koronavirusdan o‘ldi. U oxirgi paytlar o‘ldirdi, otib ketti, zo‘rladi, degan mazmundagi dedektiv asarlar yozardi. Uning bu dunyoda sarson, adashib yurishiga koronavirus chek qo‘ydi.

Ayrim fikrlarni yozayotganimda xayolimga qamoqxona, hibsxona, so‘kong‘ich, sigaret tutunini betingga puflaydigan tergovchi keladi.
O‘chiraman bunaqa oqibati yomon fikrlarni. Tinchlik kerak.

Yana bir xil fikrlarni yozayotganimda xayolim ko‘zgusida muhtasham zal, bezatilgan sahna, bir qo‘lida faxriy yorliq, ikkinchi qo‘lida medal ushlab men tomon kelayotgan oq yuzli, ikki beti lo‘ppi amaldor aks etadi.

Kerakmas vijdon og‘rig‘i, o‘chir bunaqa fikrlarni, deyman o‘zimga o‘zim. Ko‘ngilga xotirjamlik kerak.

Demak, yozayotgan fikrlarim hibsxonani ham, mukofot beriladigan sahnani ham eslatmaydi.

Fikrlash o‘pqon yaqiniga xatarli yaqin kelishdir.

Keksayganda xatar kerakmas. Choyxona to‘rida yonboshlab yotganim yaxshi. Kechadan paxta terimlarni ham boshlab oldik.

Terimchilar yetarli.

Hatto bir gala lo‘li xotinlar ham o‘z xohishlari bilan paxta teryapti.

Lo‘li xotinlar o‘zlari keldi. Paxta tersak bo‘ladimi, deb so‘radi.

Bo‘ladi, dedik biz.

Paxtaning kilosi ming so‘m. Lo‘li xotinlarning o‘zlari uyga so‘rab keldi: «Paxta tersak maylimi», deb.» Mayli»‘, dedik biz. Ichida oppog‘rog‘i ham bor ekan.

Shu yoshga yetib, lo‘li xotinlarnining paxta terganini hech qachon ko‘rmagandim. Pandemiya ularning tilanchilik iqtisodiga ham zarba berdimikin?

Hozirgina mahalla do‘konida ko‘rdim: kimyo zavodi chiqindisidan kimyo olimlarining retsepti bo‘yicha tayyorlangan zararli va zaharli sharbat qutisiga lotin harfda Bog’bon deb yozib qo‘yilibdi.

Shu yozuvni o‘qib jahlim chiqdi.

Qanaqa bog‘bonsan?!
Menman bog‘bon.
Sen zararkunandasan!
Bog‘bon mendirman!

Tonnalab olmalarim omborda sotilmay yotibdi. Olomon esa do‘kondagi zaharli sharbatga intiladi.

Shu sharbat umrlaringni teng yarimga qisqartiradi, desam sen qaerdan bilasan, deysizlar ko‘zlaring olayib.

Men bilaman.

Bilmaganimda gapirmasdim.

Kichkinaligimizda haqiqiy olma sharbati,olma murabbolari bo‘lardi. Hozir qani ular?! Yo‘q ular.

Chunki mevalarni qayta ishlaydigan zavodlarni vayron qildik, g‘ishtini, temirini sotdik, o‘rniga to‘yxona va oshxona qurdik.

Mustaqil bo‘lib o‘z yurtimizni yovdan battar talon-taroj qildik.

Tayyor zavodlarni, tayyor infratuzilmalarni buzib yo‘qotdik.

Bog’bonmisha-a.

Qanaqa bog‘bonsan. Sharbat deb zahar olib kelayotgan monopolistsan.

Tamom. Gapim shu.

Ongi uyg‘onmagan olomon tayyor olmaga boqmaydi, kimyoviy olma sharbatiga intiladi.

Ongi bog‘langan olomon…

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat asari edi

Tag‘in o‘qing
16 dekabr 2019
O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Boriy Alixonov Chernobil halokatiga sabab bo‘lgan atom reaktori bilan O‘zbekistonda qurilajak reaktorni “Moskvich” va “Lasetti” ...
2 mart 2017
27 fevral kuni Toshkentdagi ko‘p qavatli binoda sodir bo‘lgan yong‘in halokati aks etgan video qo‘yildi. Bunda piyodalar yo‘lagiga parkovka ...
23 mart 2018
Sarlavhaga chiqarilgan bu gap buyuk aktyor Shukur Burxonov ijrosidagi Yusuf Yalangto‘sh haqidagi filmda aytilgan. Ne tongki, “payg‘ambar” darajasiga ko‘tarilgan ...
1 dekabr 2021
Taniqli huquq faoli Umida Niyozova rahbarligidagi Cotton Campaign koalitsiyasi delegatsiyasi 1 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta mobaynida O‘zbekiston ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...