Vaqt mashinasi: Buxoro Xalq Respublikasi asoschilaridan biri Usmonxo‘ja
Dastlab bolsheviklar Yosh buxoroliklar, jadidlarning kommunistik partiyaga qo‘shilgan a'zolaridan iborat Buxoro Xalq Sovet Respublikasini tuzdilar.
Bu respublika rahbarlaridan biri Usmonxo‘ja o‘g‘li Po‘latxo‘jaev edi. Usmonxo‘ja aslzoda xo‘jalardan bo‘lib, 1878 yilda Buxorodagi badavlat savdogar oilasida dunyoga keladi.
Buxoro madrasalarida tahsil olgach, 1908 yilda Istanbulga o‘qishga ketadi. Turk va arab tillarini o‘rganadi. Usmonxo‘ja ona tili – o‘zbek tilidan tashqari fors tilini ham mukammal bilgan.
Istanbulda “Buxoro ta'mimi maorif” jamiyatiga asos soladi. Turkistonlik talabalarga ma'naviy va iqtisodiy ko‘mak berib turadi. Usmonxo‘ja Istanbulda 1912 yilgacha o‘qiydi.
Istanbuldan Qrimga keladi va jadidlarning buyuk namoyondasi Ismoil Gaspirinskiy bilan uchrashadi.
1913 yilda vatani Buxoroga qaytib kelgan Usmonxo‘ja Yosh buxoroliklar harakatiga qo‘shilib, tez orada tom ma'noda tashkilotning haqiqiy yetakchilaridan biriga aylanadi.
U dastlab “Tarbiyai Atfol” nomli yashirin tashkilotga a'zo bo‘lib oladi. Usmonxo‘ja Buxorodagi dastlabki, faqat dunyoviy bilimlar beriladigan yangi uslubdagi maktabni ocha olgan zamonasining ilg‘or progressiv, jasur insoni edi.
Usmonxo‘ja Buxoro va, umuman, Turkistonning dunyoviy rivojlangan mamlakatlar qatorida bo‘lishni orzu qilardi. U nafaqat Buxoro, balki Xorazm, Turkiston jadidlari bilan faol aloqalar, yozishmalar qilib turardi.
Shuningdek, Usmoniylar davlati, Eron, Afg‘oniston ziyolilari bilan ham xatlashib turgan. U Yosh buxoroliklar partiyasiga kirgach, bu harakat haqiqiy xalq demokratik partiyasiga aylangandi.
Uning salohiyatini anglashgach, bir ovozdan harakatning markaziy qo‘mitasiga, keyinchalik partiyaning moliyaviy ishlariga mas'ul xazinabon qilib saylaydilar.
Yosh buxoroliklar amirga va chirkin feodal monarxiyaga qarshi kurashda kuchsiz bo‘lgani uchun bolsheviklar bilan ittifoq tuzishga majbur bo‘ladilar. Biroq bu ittifoqqa harakat a'zolarining bir qismi qarshi edi.
Shular orasida Usmonxo‘ja ham bor edi. U bolsheviklar yordami beg‘araz bo‘lmasligini, kelajakda amirlikni ag‘dargach, keyin ularni ham tor-mor etishlarini bashorat qiladi.
1918 yilgi Kolesov voqealarida Yosh buxoroliklarning muvaffaqiyatsiz inqilobidan so‘ng amirning qatag‘onlaridan qochib Usmonxo‘ja Toshkentga ko‘chib keladi. U Toshkentda so‘l eserlar bilan aloqaga kirishadi.
Darhaqiqat, Usmonxo‘ja bolsheviklar siyosatining asl mohiyatini tushunib yetgan kamdan-kam arboblardan biri edi. Shuning uchun u 1918 yilning o‘zida Yosh buxoroliklarning so‘l eserlar qanotini tashkil qiladi.
1918 yil aprel oyida Yosh buxoroliklar harakati negizida Buxoro kommunistik partiyasi tashkil topadi. Usmonxo‘ja bu partiyaga qarshi bo‘lsa-da, do‘stlari va safdoshlarining ko‘pchiligi unga qo‘shilayotganini ko‘rgach, nihoyat, sentyabr oyida kommunistik partiyaga a'zo bo‘ladi.
Buxoro inqilobining oxirgi bosqichi boshlanayotgan edi. Buxoro amirligi ag‘darib tashlangach, 1920 yil 8 oktyabr kuni Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topdi. Usmonxo‘ja bu yosh respublikaning g‘oyaviy otalaridan biri edi.
U respublikaning dastlabki moliya noziri etib saylanadi. 1921 yil yanvarida esa BXSR davlat nazorati noziri qilib tayinlanadi. BXSRning shu yili bo‘lib o‘tgan sovetida markaziy ijro qo‘mitasi raisligiga saylanadi. U Buxoro respublikasi hukumatining rahbariga aylangandi.
Usmonxo‘ja Rossiya bolsheviklari Turkiston va Buxoro respublikasining ichki ishlariga tobora aralashayotganini sezib turardi. Aynan uning tashabbusi bilan Buxoro Xalq Sovet Respublikasining qurolli kuchlari – Buxoro qizil armiyasi tuziladi.
Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev ochiqchasiga o‘z safdoshlarini Buxoroning mustaqil davlat bo‘lishiga, tezroq mustaqil armiyani shakllantirishga chaqiradi, lekin buxorolik ko‘pchilik kommunistlar, eski jadidlar uni tushunmadilar.
U BXSR va RSFSR hukumatida ham o‘ziga siyosiy raqiblar va dushmanlar orttira boshlaydi. Yig‘ilishlarda, o‘zaro suhbatlarda tap tortmasdan Buxoro Rossiya Federatsiyasining vassaliga, Buxoro kommunistik partiyasi esa VKP (b)ning bo‘limiga aylanib qolayotganini tashvish bilan aytardi.
Bolsheviklar Usmonxo‘jani Buxoro respublikasi rahbarligidan chetlatish harakatiga tushadi. 1921 dekabr oyida uni Sharqiy Buxoroga (hozirgi Tojikiston hududiga) jo‘natishadi.
Sharqiy Buxoro hududida Turkiston ozodligi uchun kurashayotgan kuchlar faollashib qolgandi. Bu kuchlarga rahbarlikni Turkiya armiyasining sobiq vaziri Anvar poshsho o‘z qo‘liga olgandi. Harakatning faol rahbarlaridan yana biri Ibrohimbek edi.
Bolsheviklardan boshqa yaxshilik kutib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida aqli yetgan Usmonxo‘ja Anvar poshsho tomoniga o‘tib ketadi. Bu esa Buxoro rahbariyatiga og‘ir ta'sir qilgandi va ular Usmonxo‘jani xoinlikda ayblagandi.
Qizillar Dushanbe garnizonini olib, Turkiston ozodligi uchun Anvar poshsho boshchiligidagi kurashayotgan kuchlarni tor-mor qilgach, Usmonxo‘ja Afg‘onistonga qochadi.
Kobulga kelib, Afg‘oniston amiri Omonullaxon bilan uchrashadi. Usmonxo‘ja Buxoro respublikasining chet eldagi rahbari sifatida Afg‘oniston hukumati bilan bolsheviklarga qarshi shartnoma imzolaydi.
U boshqa ko‘plab mamlakatlar elchilari bilan ham uchrashib, ular bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga harakat qiladi. Qurol-yarog‘ sotib olib bolsheviklarga hujum qilish, Buxoroni qizillardan ozod qilish istagida Britaniya imperiyasi vakillari bilan ham uchrashadi.
U Afg‘onistonda Buxoro va O‘rta Osiyoning boshqa hududlaridan qochib kelgan turkistonliklar bilan aloqa o‘rnatib, ularning norasmiy rahbariga ham aylanib oladi.
Ammo Afg‘onistondagi vaziyatni ko‘rib, bu yerda bir ish chiqmasligiga ko‘zi yetgach, Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on va Mustafo Cho‘qaev bilan birgalikda Turkiyaga ketadi.
Turkiyaga borgach ham Usmonxo‘ja kurashni to‘xtatmaydi. U Turkiya va Yevropadagi turkistonlik emmigrantlarning g‘oyaviy rahbariga aylangandi. Uzoq yillar Istanbulda yashab faoliyat yuritadi.
Turkiyada Turkiston madaniyati va tarixini o‘rganadi, ilmiy ishlar qiladi. Ko‘plab kitoblar va maqolalar yozadi. 1936 yilda “Turkiston” nomli katta kitobi bosmadan chiqadi.
Anqaradagi turk madaniyatini o‘rganish institutining asoschilaridan biri ham aynan Usmonxo‘ja bo‘ladi. U Turkiyaning ilmiy va adabiy davralari bilan doimiy bog‘liqlikda ish olib boradi.
Usmonxo‘ja nafaqat buyuk davlat arbobi, balki haqiqiy olim edi. U o‘zbek, fors, arab, turk va rus tillarini chuqur bilgan.
Millatimizning asl o‘g‘lonlaridan biri, haqiqiy jadid Usmonxo‘ja uzoq yillar vatan sog‘inchi bilan yashab, 1968 yil 28 iyul kuni 90 yoshida Istanbul shahrida qazo qiladi. U Uskudardagi o‘zbeklar tekkesida joylashgan daxmaga dafn etilgan.
Hozirgi kunlarda Usmonxo‘janing avlodlari Turkiya va AQShda yashaydilar. Ular ichida badavlat va ziyoli odamlar nihoyatda ko‘p. Usmonxo‘ja farzandlaridan biri Temur Xo‘ja o‘g‘li AQShda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan ilk o‘zbek o‘g‘loni sifatida tariximiz zarvaraqlariga yozilgan.
Ixtiyor Esanov
Tarixchi, Eltuz.com