Asosiy mavzular
22 oktyabr 2020

Haq talab qiladigan xalq voyaga yetmagan

Milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish degan bahona, niqob yordamida monopollarimiz qonimizni so‘rib yotibdi.

Tashqaridan iste'mol mollari olib kirishga xohlagan odamga ruxsat beringlar, bizlar esa qaysi tovar yoqsa, narxi ma'qul kelsa, o‘shani sotib olamiz. Bo‘ldi, bas. Muammo hal.

Milliy ishlab chiqarishni rivojlantiramiz demanglar, monopollar, sizlarni o‘z jig‘ildoningizdan boshqa dardingiz bo‘lmaydi.

Tepada o‘z odamlaring borki, o‘z manfaatlaringizga moslab qonun chiqartirib olasizlar.

Davlatning, hokimiyatning qudratli kuchi yordamida o‘z bizneslaringga yo‘l ochish g‘irromlikdir, monopollar.

Keyin-chi, bizda-chi, haq talab qiladigan xalq voyaga yetmagan..

Ziyolilarimizning ko‘zi yumuq, tili soqov, qulog‘i kar.

Ular to‘tiqushlardir.

To‘tiqushni chiroyli qafasga solib, don-suvini berasiz, u esa siz nima desangiz, o‘shani takrorlaydi.

Mansab, amal, imtiyozlar, mukofotlar, ordenlar ziyoli uchun qafasdir.

Bir tur shoir va adiblarimiz oddiy xeztrada artisti yonida rasmga tushgani bilan faxrlanadi. Yana bir ziyolilarimiz esa qandaydir korruptsioner rahbar bilan tushgan suratini hammaga ko‘rsatib, og‘zi quriguncha maqtanadi.

Uyat. Boshqa gap yo‘q. Tabiatning avzoyi ham mening avzoyimga uyg‘un. Izg‘irin va sovuq.

Tomorqada ko‘karib turgan faqat qalampir, oq atirgul va rayhon qoldi, qolgan hamma o‘sgan narsalar xazon lashkariga taslim bo‘lib, muzdek tuproq bag‘riga ketdi.

Sovet davri selsovetining raisi bilan hozirgi MFY raisini har jihatdan qiyoslasak, biri inson, ikkinchisi hayvon.

Umuman olganda, MFYning nima keragi bor? Uning o‘rniga real ishlaydigan boshqa narsa tashkil etish kerak.

SSSRni yomonlaymiz.

Lekin agar kovid SSSR davrida tarqalganida ko‘lami hozirgidek bo‘lmasdi va virus yuqqan kasallarga ishlatiladigan ayrim dori-darmonlar narxi bugungidek osmonga chiqib ketmasdi.

Sovet tuzimi balki yomondir, lekin u davrning insonlari yaxshi edi.

Men bilmoqchi edim, chet ellarda ham koronavirusga qarshi ishlatiladigan bir qator dorilar narxi bizdagidek dahshatli ravishda qimmatlaganmi yoki ularda ahvol yaxshimi?

Dori narxni oddiy dorixonachi yoki undan teparoqdagilar bu qadar katta oshirolmaydi.

Bilamizki, dori narxlarini hokimlar, prokuratura, departament nazorat qiladi va narxlarni asossiz oshirganlarni tezlikda jazolaydi.

Demak, bundan shunday ma'no chiqadiki, kovidga qarshi ayrim dori turlari bahosini osmonga ko‘tarayotganlar hokimdan ham, prokuroru departamentdan ham qo‘rqmaydigan kattakonlardir. Koronavirus pandemiyasini urushga tenglashtirish mumkin.

Balki u rostdan biologik urushdir.

Har qanday urushda xalq qiriladi, mamlakat iqtisodi vayron bo‘ladi.

Xo‘sh, shunday sharoitda dori narxlarini asossiz oshirayotganlar yo vijdonini yutib yuborgan, yoki o‘zbek xalqiga begona, bizga yomonlik sog‘inadigan dushman tarafida bo‘lishi mumkin.

Shu. Boshqa gap yo‘q.

Xalq rostdan donishmand..

Xalqning donoligiga qoyil qolmay ilojing yo‘q. Hozirgi kunda butun dunyoda bo‘lgani kabi bizning yurtimizda ham koronavirus avj olgan, hatto u bizning qishloqlarga ham yetib keldi.

(Tezroq da'f bo‘l-e. Kelgan joyingga yo‘qol, ey chino‘lat).

Kovidga chalingan oddiy odamlar gripp bo‘ldim deyapti, koronavirus nomini tilga olgani yo‘q.

Shifokorlar ham koronavirus deb gapirmaydi. Demak, tamom, bizda koronavirus yo‘q. Shu kunlarda aholini bezovta qilayotgan
kasallik esa grippning og‘irroq turi.

Agar koronavirusga chalindim desangiz, bu kasallik bilan bog‘liq hamma dahshatli ma'lumotlar miyangizga o‘rnashadi va ruhiy tushkunlikka duchor etadi. Tushkunlik va qo‘rquv koviddan o‘n barobar xavfli.

Odamga piyoladagi suv zahar deb ishontiring va ichkizing, u o‘ladi.

Lekin, ayrim jurnalistlar, sizlar dono emassizlar, hatto sizlarni axmoq desak ham bo‘laveradi.

O‘tgan kuni ba'zi internet saytlarimizda ukrainalik allaqanday 33 yoshli reppermi yoki blogermi, Turkiyada koronavirusga chalinib vafot etgani haqida ma'lumot o‘qidim.

Xo‘sh, bu ma'lumotni o‘qigan (kovidga chalingan) oddiy odam nima deb o‘ylaydi?

U repperlaringni o‘ylamaydi, o‘zini o‘ylaydi. Mana, repper ekan, puldor, yosh va sog‘lom ekan. Shunday odam virusdan o‘lyapti.

Mening yoshim esa 50 dan oshgan, umumiy sog‘lig‘im mustahkam emas, demak… o‘laman, deb o‘ylaydi.

O‘laman deb ishonib qolgan kasalni mingta do‘xtir ham tuzatolmaydi. Chunki butunlay tushkunlikka tushgan kimsaning immun tizimi kasallikka qarshilik qilishni bas qiladi.

Jurnalistlar, esliroq bo‘linglar! Xorijiy matbuotda (asosan ruslardan olasizlar) koronavirus bilar bog‘liq ming xil qo‘rqinchli ma'lumotlar urchigan. Shu ma'lumotlarni o‘zbekchaga tarjima qilishdan avval ularni saralanglar, odamlarda, xususan, bemorlarda tushkunlik paydo qiladigan ma'lumotlarni o‘z saytlaringda e'lon qilmanglar.

Aslida xorijiy matbuotdan ko‘chirib bosayotganingiz kovidga oid qo‘rqinchli ma'lumot mo‘'tabar mutaxassislar tomonidan tasdiqlanmagan bo‘ladi.

Ko‘chirmachi jurnalistlar, sizlarga farosat tilayman. Jinday esliroq bo‘linglar. Olovga kerosin sepmanglar.

Bemorlarni, hatto sog‘larni ham yomon ma'lumotlar bilan umidsiz qilmanglar.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyasi

Tag‘in o‘qing
13 yanvar 2020
11 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hibsda saqlanayotgan Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyidan topilgan san'at ashyolari haqida bayonot berdi. Prokuraturaning ...
19 sentyabr 2015
Agar chindan ham yurtni sevsangiz nega yurtda bo‘layotgan adolatsizliklarga qarshi turmaysiz? Yoki sizningcha yoshu-qarini majburan paxta dalalariga haydash adolatdanmi? ...
14 mart 2019
O‘zbekistonga kiritilmagan taniqli o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil «Jinlar bazmi» kitobi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2019 yil uchun ...
25 noyabr 2022
Rassom Tuz: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.Matchon Suqilish: Nichiksizla mo‘chchi oybika ham ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...