Yurtsevarlarga
Agar chindan ham yurtni sevsangiz nega yurtda bo‘layotgan adolatsizliklarga qarshi turmaysiz? Yoki sizningcha yoshu-qarini majburan paxta dalalariga haydash adolatdanmi? Balki siz tan olmassiz mazlum xalqimiz majburan paxta dalalarida ishlatilayotganiga?
Sizningcha yurtimizda poraxo‘rlik avj olgani ham yolg‘onmi? O‘g‘ri amaldorlar va ularning yaqinlari yurt boyliklarini talon-taroj qilib Yevropadagi banklarga yashirgani, qimmat qasrlarni sotib olgani ham yolg‘ondir?
Ko‘kragingizga urib o‘zingizni vatanparvar qilib ko‘rsatayotganingiz soxta bo‘lmasa kurashing yurtdagi nohaqliklarga qarshi. Kurasha olmas ekansiz, eng kamida jim turing, jonlarini xatarga qo‘yib kurashayotganlarga qarshi turmay.
So‘zim oxirida eslatib qo‘ymoqchiman-ki, «Vatan» degani yurt boshiga zo‘ravonlik bilan o‘tirib olib chorak asrdan buyon zulm qilayotganlardangina iborat emas.
Akmal Nabiev,
mustaqil blogger
Eltuz.com