Ko‘zqarash
25 aprel 2021

«Men singari yig‘lamaysiz qon…»

(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning «Imperativ» kitobining davomi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Boshi “Eltuz” ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.)

Men O‘zbekistonda ekologiyaning buzilayotgani haqida ohista ikkinchi maqolamni yozdim va ohista gazetaga berdim. Ular ham an'ana bo‘yicha qo‘rqa-pisa chop etishdi.

Yana o‘sha javobni hayqirdilar: «SIZ O‘ZINGIZ NIMA QILDINGIZ O‘ZBYeK UChUN, ki bizga aql o‘rgatasiz, ekologiyani endi shoirdan o‘rganamizmi?» deya.

So‘ngra ayollarimizning sog‘lig‘i haqida, ularning Rusiya tarafidan emlanayotgani, ularning tug‘ishini cheklashayotgani, aholimizni ozaytirib, o‘zbekka qarshi diskriminatsiya siyosati yuritishmoqda, deb maqola yozdim. Hayallamay javob keldi: «Shoir she'rini yozib o‘tirmaydimi, nima qilasiz ayollarimizning qancha tug‘ayotganini sanab?..” Va oxirida yana o‘sha ekzekutsiv savol: «SIZ O‘ZINGIZ NIMA QILDINGIZ O‘ZBYeK UChUN?» Bu odamlar yozganlarimni o‘qimagan yoki o‘qisa ham – tanqidchi Ibrohim G‘afurov e'tirof etganiday – «tushunmaganlar». Agar tushunsalar edi, yonimga kelib men bilan birga yig‘lagan bo‘lishardi. Bu «tushuntirISh»larimdan go‘zallik axtarmang. Go‘zalliklar haqida boshqalar yozsin:

SIZGA YaRAShAR

Gul haqda kuylashni sizga chiqargan,

Bahor iste'dodi sizda namoyon,

Sizga yarashadi, boqib yuqoriga,

Desangiz, meniki erur shu osmon!

Yarashar, meniki, desangiz yerni,

Chunki aldamaysiz shunday deganda,

Shu yer meniki, deb yozarkan she'rni,

Shubhaga bormaysiz hech qachon menday.

Bu Vatan meniki, desangiz, biror

Odam turib demas sizga: «Bu – yolg‘on!»

Chunki haqiqatni aytasiz takror,

Aytib, men singari yig‘lamaysiz qon…

(1984)

«Men singari qon yig‘lamaslar», chunki ular O‘zbekistonni «Vatanim» desa, hech kim ularga «Bu gaping yolg‘on!» demaydi.

«Ha, albatta, sening vataning, ammo bu ayni zamonda butun buyuk sovet xalqining, birinchi navbatda? seni odam qilgan rusning vatani», deyishadi ularga.

Bu e'londan so‘ngra ham «seniki-meniki» bahsini davom ettirsang, seni muhaqqaq qon yig‘latadilar.

Bu yerda o‘zbek sovet adabiyotida bo‘lmagan bir jihatga urg‘u beryapman: ochiq antisovetizm.

Shonli o‘zbek adabiyotida 70-80-yillar ichida yozilgan matnlarda sovet voqeligini «ko‘ra olmaydigan», unga dushman ruhli she'r topish qiyin.

Jadidlardan keyingi butun adabiyot – gullik va gulistonlik. O‘qib ko‘ring, 1930-40-50-60-70-8090-2000 yillar adabiyotini, o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Aslida, faqat 70-80-yillar orasida emas, 30-yillarda avj olib, 1953 yilgacha (Stalin o‘limiga qadar) davom etgan repressiyalaridan keyin to 90 o‘rtalariga qadar o‘zbek adiblari xotirjam bir davrda yashadilar.

Ular kulib-o‘ynab, «lirik» she'rlar va «yashnagan guliston»da kechayotgan baxtiyor sovet hayoti haqida «romanlar» bitdilar.

40 yil davomida O‘zbekistonda kitoblar kutubxonalardan terib olinib yoqilmadi, axlatga uloqtirilmadi. 40 yil davomida tsenzura birorta o‘zbek adibining kitobini bosmaxonada terilayotgan paytda bosishni to‘xtatib, kitobning «granka»lari musodara qilmadi. Birorta nashriyot direktori yoki bosh muharriri biror bir «ideologik dushman»ning kitobini bosishga urinishda ayblanib, ishdan olinmadi. Birorta shoir har qanday bir she'ri uchun KGB tarafidan so‘roqqa tutilmadi, qamoqqa olinmadi.

Chunki 40 yil davomida Sovet O‘zbekistonida o‘tga tashlanishga arziydigan, taqiqlanishga loyiq birorta kitob yozilmadi yoki bunga loyiq kitoblar yozilgan bo‘lsa ham KGB ularni topolmadi.

O‘lkaning kitob do‘konlarida yoqilishga arzimaydigan kitoblar yal-yal yonib turardi.

Quyidagi she'rda shunday kitoblar tasvirlangan:

KITOBLAR

Hech qachon o‘lolmas

Asli o‘lik bo‘lgan kitoblar,

Hidi ham chiqmaydi jasadlaridan

Kitob do‘koniga kirsangiz…

Haqiqiy kitoblar o‘lishi mumkin,

Hidlanishi mumkin

Haqiqiy kitobning jasadi.

Shu sabab ularni ko‘mmasa bo‘lmas,

Yondirmasa bo‘lmas shu sabab.

(1978)

Bu she'rni yozarkan, men o‘z kitoblarimning taqdirini yozayotganimni bilmasdim. 1994 yildan boshlab men yozgan kitoblar kutubxonalardan olinib, yo‘q qilina boshladi. Bu kitoblar bugun ham (2020 yil) O‘zbekistonda taqiqlanlangan adabiyotlar ro‘yxatidadir. Ularni o‘qigan va saqlagan kishilar esa rejimga dushman kishilar hisoblanmoqda.

1983 yilda «ShYe'RINGIZNI TUShUNTIRIB BYeRSANGIZ», deb menga murojaat qilgan va bu she'rlar bahsini boshlab bergan Ibrohim G‘afurov bu she'rlarni tushungani uchun ham ularni «tushuntirib bering!», deya xitob qilgandi.

U birinchi marta 1983 yil siyosiy konyunkturasida yoqilishi yoki kamida taqiqlanishi mumkin bo‘lgan she'rlarni «kashf» etgandi. Ya'ni u: «Siz haqiqatan ham antisovetmisiz? Tushuntirib bering buni!” deya hayqirgan edi aslida u maqolasida.

Mana, tushuntirib beryapman she'rlarimni. Yillar kechikib bo‘lsa-da.

Bu yerda «Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit» uslubi yo‘q, kinoya, pisanda bo‘lmaydi. To‘ppa-to‘g‘ri, toyloq bir tasvir. Unga kiyimni siz kiydiring, g‘ashingizni keltirsa.

Biz, 70-yillar avlodi ma'naviy qashshoq edik, desam, haqsizlik bo‘lar, ma'naviy och edik.

Biz ma'naviy och edik. Inson zotining faqat yemak yeb, yaxshi kiyinib, mashina minish va jild-jild kitob chiqarish, sotqin hukumatning bergan unvonni «yuvib», mast-alast xoin hukmdorlarga madhiyalar to‘qib yurish emas, bulardan muhimroq bir maqsadi bo‘lishi kerakligini doim his etardik:

«Cho‘kkan kema uzra dengizday

Ko‘piklanib turar sho‘r tuproq.

Tog‘lar cho‘kib ketgan bu yerda

Oyog‘imni cho‘qqilar tirnar.»

(1977)

Ha, bir paytlar dengiz bo‘lgan Xorazm tuproqlari ostida bugun cho‘qqilar yotibdi.

Dunyo tanigan buyuk ismlardir bu cho‘qqilar. Ularning ismlarini sanash g‘ashimni keltiradi.

Ularning ismlari orqasiga yashirinib, «g‘oz turish»ni istamayman.

Qolaversa, ayni onda ham pisib, ham g‘oz turish mumkin emas.

Shuning uchun ham bu cho‘qqilar oyoqlarimni tirnaydi, men g‘ofilni uyg‘otmoq istaydi:

«Pisib orqamizga yashirinma, biz bilan g‘ururlanishni bas qil, o‘zing bir ISh qil, shu qul xalqingga uning 135 yildan beri rasman qul ekanini tushuntir, bu qullikdan qutulish yo‘llarini ko‘rsat, gullar haqida, bulbullar haqida yozishni to‘xtat!

Bizga loyiq o‘g‘lonlarimizni ruslar qatl etdi, ulardan so‘ng kelganlar bizni xor qildi, endi sizlar ham gul va bulbul haqidagi LIRIK she'rlar bilan xalqni uxlatishga yordam bermoqchimisizlar?» deydi sho‘r tuproq ostidan oyoqlarimni tirnayotgan cho‘qqilar.

HIKOYaNING DAVOMI

Men senga aytgandim o‘tgan safar:

Tog‘lar cho‘kib ketgan bu yerda.

Anov do‘nglikka ko‘milgan zafar,

Inqirozning qabri – anov uyurda.

«Shu yerda-ya?» deysan menga ishonmay,

Yuzingda qalqiydi shubha tamg‘asi.

Sen qancha ishonma, men qancha tonmay,

Ha, shu yerda bo‘lgan hammasi!

Shunaqa.

O‘ylanma.

Buzmagin ko‘ngling,

Bu tarix hazili, tarix ta'biri:

Shuhrat qo‘yimgohi – qaqragan do‘nglik,

Gullab turgan tepa – mag‘lublik qabri.

Poyingdagi oq suyaklar, inim,

Xorazm degan bir daraxt ildizi.

Bu ham paxta emas, Manguberdining

Yerga qulab tushgan yulduzi!

Ishonging kelmaydi…

Atrofda sukun.

Hammayoq tep-tekis…

Ko‘zing aldanar!..

Axir, yana qanday bo‘lishi mumkin

Oyog‘i osmondan kelgan saltanat?!.»

(1983)

«Oyog‘i osmondan kelgan saltanat» bilan g‘ururlanish jarayoni 70-yillarga kelib ma'naviy oziq bo‘lishdan to‘xtadi. Shonli o‘tmish ortiq bizni ilhomlantirmasdi.

TABIAT MUHOFAZASI HAQIDA

Senga nima bo‘ldi, jonim, Qoraqum

Qayga g‘oyib bo‘ldi buyuk shamollar,

Ulug‘ isyon qani, qani talotum,

Jayronlar qaerda, qani jalollar?..

Bir qoshiq qonimdan kechsang, aytaman:

Qoraqum, sen qumsan, oddiy qumsan, bas!

Seni tashlab ketdi yovvoyi saman,

Seni allaqachon tark etdi yo‘lbars!..

Tog‘larim, sizga-da bir balo bo‘ldi,

Salobat yo‘q bordosh* (chordona) qurishingizda,

Ko‘rdimu ko‘zimga jiqqa yosh to‘ldi

Tog‘larim, shiddat yo‘q turishingizda…

Agar shafqat qilib o‘ldirmasangiz,

Sizga ham chin gapni aytay shu nafas:

Bugun hech kim qo‘rqmas guldirasangiz,

Bugun xo‘mraysangiz hech kim chekinmas!»

(1985)

«Olis tabassum soyasi», 1986

Bizga taklif etilgan ma'naviy oziq neylondan edi. Ma'naviy sarosima davom etmakdaydi. Sovet arosatida edik. Pastdagi she'rda shu holat surati aks etgan:

Och odamga nonni o‘ylamoq

Kulliy azobdir.

To‘rt devor ichida o‘tirib,

Qanot orzu etmak undan-da yomon!

Shunday ekan, qo‘shib yubormoq zarur

Bu ikki tasavvur, ikki orzuni.

Ya'ni uchayotib nonni unutsin,

Non yerkan, o‘ylamasin parvozni odam!

«Valfajr», (1985)

(1980)

Ammo parvoz qilishni istardi atrofda hamma. Nonni yeyayotib, do‘ppini mahkam kiyib, parvoz qilishni istardi kulliy ziyoli zoti.

Yuqoridagi she'r shuhrat shahvatiga mubtalo bo‘lgan o‘zbek intelligentsiyasiga qarshi zaif bir ironiya, xolos. Shu qadar zaifki, hatto bu mahalliy intelligentsiyaning ko‘ksiga qo‘llarini qovushtirib salomlashadigani rus tsenzurasi ham she'rning ironiya ekanini sezmasdan nashriga ruxsat berdi…

Biz yurtimiz ruslarning mustamlakasi ekanini o‘jarlarcha tan olmagan, o‘zini o‘tmish bilan ovutib, buyuk kelajak emas, «buyuk xotiralar» bilan yashashga mahkum etilgan bir jamiyatga aylantirilgan edik.

Biz mustamlakachilar bilan emas, qushlar bilan hisoblashardik juda nari borsa:

QUSh BILAN SUHBAT

Yer – meniki, Seniki – osmon.

Ya'ni o‘rtamizda chiqmaydi janjal.

Sen hujum etmaysan menga hech qachon,

Men ham o‘qtalmayman senga hech xanjar.

Agar paxta ekmoq mumkin bo‘lsaydi

Sening o‘sha moviy osmoningga,

Qazilma boyligi to‘kin bo‘lsaydi,

Men daprov borardim yoningga!..

Hozircha, yer – meniki, osmon – seniki.

«Tun tashbehlari», (1988)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2020
Yoz keldi, tugadi qish,Partiyamga ming olqish!Mo‘ridan o‘rlar tutun,Partiyam borligichun!Tong otib yorishdi kun,Partiyadan biz mamnun!Jumadan so‘ng keldi shanba,Partiyam sabab, manba!Shanba ...
8 mart 2018
1910 yili nemis kommunisti Klara Tsetkina 8 martni ayollar kuni sifatida nishonlashni taklif qildi. Ya'ni bu kun ayollar va ...
24 noyabr 2016
23 noyabr kuni Alisher Navoiyning 575 yilligiga bag‘ishlangan adabiy musiqiy kechada so‘z berilgan hofiz gapirishga qo‘rqishini bildirdi. Musiqiy kecha ...
1 aprel 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Moskvadagi ikki yillik hayot milliy qarashlarimni sezilarli darajada radikallashtirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu sovet ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...