Ko‘zqarash
12 may 2021

Yuz tonnalik bomba

Yoshlikdan kitob o‘qishga o‘ch bo‘lganman. Ko‘chada yurib ketayotib ham kitob o‘qigan paytlarim bo‘lgan. Kutubxona eng sevimli maskanim edi. Shaharga borsam, albatta, kitob sotib olardim. Kechasi uxlamasdan kitob o‘qiganlarimni eslayman. Ammo maktabdagi adabiyot negadir meni zarracha qiziqtirmasdi, chunki u yerda mafkuralashgan adabiyot o‘qitilar edi. Mayli, qizig‘i bu emas, eng qizig‘i shuki, men mansub bo‘lgan muhit kitob o‘qishga qiziqishni biror bir iste'dod belgisi emas, devonalik, bekorchi qiziqish deb talqin qilardi.

Ulg‘ayib, hayotni, dunyoni, insonni, yer yuzidagi o‘zgarmas qonuniyatlarni tanidim. Kitob o‘qishni devonalik, kulgili telbalik deydigan, o‘qimishli insonlarni «prapessir» deb mazax qiladigan mening xalqim, millatim o‘z tarixini bilmaydigan, onasini zo‘rlagan bosqinchini ota deb ardoqlayligan, erksevar o‘g‘lini g‘animga tutib beradigan, qo‘lidan qora mehnatdan boshqa ish kelmaydigan, yog‘iylar ko‘ksiga taqqan medaldan fahrlanadigan, adashgan, haq yo‘ldan chalg‘igan bebaxt bir qavm ekan.

Ey-y, nega yoshlikda kitobga muhabbatimni devonalik, bekorchining ermagi deb hisoblagansizlar? Nega yoshlikda qo‘limga haq so‘zlar bitilgan kitoblarni tutqizmagansizlar?! Ko‘p kitob o‘qisam qora mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolishimdan cho‘chiganmisizlar? Bu olamda qora mehnatdan boshqa kun ko‘rish usuli yo‘q deb o‘ylaganmisizlar?! Yana nimalar deb malomat qilay?! O‘qimasang, fikring o‘smasa, haqiqatni bilishga intilmasang o‘zing yashab turgan tuproqqa ega bo‘lolmaysan. Jaholat, bilimsizlik aynan ko‘rliklir – o‘zgalar yetovida yurishga majbursan.

Yana nima dey?! Maktabda o‘qituvchilar «Yaxshi o‘qi, yaxshi o‘qi. O‘qimasang erta qiynalasan!» deya ko‘p dakki beradi. Bizlar esa o‘qituvchining gapiga quloq solmaymiz, qandaydir fizika, geometriya, matematika degan fanlar nimaga kerakligini idrok etolmaymiz. Maktabni bitirib, o‘z hayotimizni boshlagach, o‘qimagan va yaxshigina hunari yo‘q odam mardikorlikdan, qora mehnatdan boshqa ish topolmasligini amalda ko‘rib, maktabda bizga o‘qi deb nasihat qilgan o‘qituvchilarimizni eslaymiz. Jamiyatimiz badiiy va ilmiy adabiyotdan tobora uzoqlashmoqda. Bunday uzoqlashuv oqibati jaholat, fanatizm va qoloqlik bo‘lishi mumkin.

Qishloq va shaharlarda turli mavzudagi kitoblar bilan to‘ldirilgan kutubxonalar, o‘quv markazlarini tashkil qilinglar. Hozirgi vaziyatda jamiyatimiz taraqqiy etmaydi. Yangi insonni tarbiya qilinglar. U chet tilini bilsin, u dunyo mamlakatlari madaniyatidan boxabar bo‘lsin. Intellekti baland insonni tarbiyalanglar. U diniy yoki milliy mahdudlikka o‘ralashib qolmasin. Bizlar feodal o‘tmishga qaytmoqchi emasmiz. Anovi bitta masal bor edi-ku. Ovchi tulkining dumini kesib tashlaydi. Bechora tulki boshqa tulkilar orasida noqulay ahvolga tushadi: dum yo‘q. Shundan keyin u sheriklari orasida dumsizlikning qulay ekanini, dum yo‘q bo‘lsa yashash, ov qilish osonligini yolg‘ondakam targ‘ib qiladi, boshqalarni ham dumidan voz kechishga da'vat qiladi.

Shu kunlarda til masalasidagi bahslarni o‘qib, dumsiz tulki masali yodimga tushdi. Ona tilimiz zarariga ovoz bergan o‘zbeksimon deputatlar, «dum»laring kesikligi illat hisoblanadi, fazilat emas, «dum»sizlikni targ‘ib qilmanglar, sizlar ishongan poezd ketib bo‘lgan, sizlar suyangan katta tollar kesilib ketdi. (Duming kesilib avrating ham ko‘rinib qolibdi-ku, tulki, tashqaridan juda xunuk ko‘rinyapsan. He, urug‘ing qurisin, ayyor tulki). Fikrlamasam, ko‘ngil kechinmalarimni oshkor etmasam, qo‘tir dunyoga nafratimni bildirmasam, ba'zan kuyunganimni, ba'zan suyunganimni namoyon etmasam, betim bezga, ko‘zim po‘stakning yirtig‘iga aylansa, xo‘sh, o‘shanda yaxshi odam, namunali insonga aylanamanmi?

O‘zimdagi tiriklik alomatlarini batamom yo‘qotsam, qalbimga qulf urib, aqlimni sukutga hibs etsam, xo‘sh, ayting-chi, risoladagi inson hisoblanamanmi? Kosmik kema topib beringlar, ana, oyga ko‘chib ketaman. Nahangga aylanib okeanga sho‘ng‘isam ham bo‘laveradi. Yaxshisi, ishq dardimni boshimga alam aylab sahroga jo‘nasam-chi. Balki sahroda Majnun ila tanishib dardlasharman. Mashrab bo‘lgim kelar, Mansurdek o‘lgim kelar.

Itga aylanib, shahar tashqarisidagi axlatxona tomon yugursammikin. Achigan, qoldiq luqmalar keragicha bor u yerda, qorin g‘amidan qutulaman. Dumi va tumshug‘i mayin juft ham topilib qoladi… Axlat uyumlari orasida «Qayda ekan mening nasibam», deb uvlayman. Tog‘day badbo‘y axlatlar ortidan izlaganim ham uvlaydi: «Shu yerdaman, sevgilim» .

Sevgilim u tomondan, men bu tomondan axlat tog‘lariga ko‘tarilamiz, eng cho‘qqida ko‘rishamiz, bir-birimizni hidlab, dum va bo‘yinlarimizni suykalashtiramiz, bundan qalbimiz quvonadi. Kun bo‘yi tumshug‘i uzun va tuksiz sevgilim bilan axlatzorda yugurgilab, quvalashib o‘ynaymiz.

Xulas, shunga yaqin hikoya bor. Nazarimda «…it bo‘lur, eshak bo‘lur…», degan so‘z mazmunini anglab yetdim, shekilli, fikr aytib biror narsani o‘zgartirish istagim pasayib boryapti. Xammomdan yuviqsiz, iflos chiqib kelayotgan odamlarni ko‘ryapman…. To‘ti ilm o‘rgataman deb g‘ashimga tegyapti. Baxt, quvonch, shodlik so‘zini mahallamizning tilanchi alkashlari birovdan ming so‘m aroqqa pul undirganida o‘ylab topganmikin, deb o‘ylayapman! Har bir odamning ko‘ksi reanimatsiya, u yerda kimdir o‘lim bilan jon talashib yotibdi. Yo‘l chetida ochilgan gullarning yuz-qo‘lini chang bosadi… Bir ayolning yo‘g‘on barmoqlari, qadoq kaftini ko‘rib, bu qanaqa hayot ekan, deb o‘yladim.

Surbet katta tadbirkorlikni boshladi – o‘z surati tushirilgan oyoq artadigan latta ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi!

E'lon bo‘lmaydigan e'lon: Yuzta maosh o‘rni yaratdim!

Mansab tekkan qo‘y bo‘riga: «Qorningni yorib tashlayman».

Er Yevropada, xotin Osiyoda muqim yashayapti! Butun dunyo ularning uyiga aylandi! Safimizga sig‘ib, biz bilan osh yeyishing uchun iste'dodingning u yoq-bu yog‘ini yo‘nib, bo‘yini pasaytirishga to‘g‘ri keladi. Yomon hokim bilan shahar ustiga qulagan yuz tonnalik bomba orasida farq yo‘q!

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat

Tag‘in o‘qing
9 oktyabr 2024
Isroilda terakt. Rossiyada Yutubning to‘silishiga qarshi namoyishlar, Ukrainadagi rus  xarbiy asirlari, Buxorodagi elektr idorasi va Navoiy oltin konidagi baxtsiz xodisa ...
1 fevral 2021
O‘zbekistonda 500 dan ziyod tovarning davlat xaridi taqiqlandi.  Taqiq ro‘yxatiga xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar,  masalan,  avtomobillar,  konditsionerlar,  muzlatgichlar,  televizorlar,  ...
4 iyun 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 30-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Qutulishing yagona yo‘li esa ...
9 avgust 2023
Qiziriq tumani hokimi Sherzod Rajabov ayrim maktab direktorlarini ishdan bo‘shash haqida ariza yozishga majburlamoqda. Eltuzga kelgan shikoyatga ko‘ra, direktorlardan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...