TV ALC arxividan: Yulduz Usmonova bilan suhbat
Texnik sabablarga ko‘ra, bugun juma va'zi efirga uzatilmaydi. Ammo aziz mushtariylar uchun bir paytlar Urganchdagi men ishlagan TV ALS da namoyish qilingan suhbatni arxivdan topib taqdim qilmoqchiman.
1994 yildan to 1999 yilgacha Urganchdagi mustaqil telelekanal bosh muharriri bo‘lib ishlaganman. O‘sha paytda Sherali Jo‘raev, Bobomurod Hamdamov, Rahmatjon Qurbonov, Iroda xalfa va boshqa qo‘shiqchilar bilan suhbatlar qilib efirga uzatgandik.
1998 yili Yulduz Usmonova taqiqqa tushdi. TV ALSning shiori mazlumlarning yonida turib hamdard bo‘lish edi. Usmonova o‘sha paytda Nizomiy nomidagi pedinstitut yonidagi boqqa yondosh uyning ikkinchi qavatida turardi. Jenya ismli yahudiy tasvirchi va o‘sha paytda bizning kanalda ishlagan akam Shuhrat Bobojon Usmonovaning uyiga borib suhbat qilishdi.
Nimaiki yozib olsak, hammasini efirga berdik. Ertasiga MXXdan bir odam kelib, nega, nima uchun, deb savol berdi. Biz unga: «Usmonova shu kunda taqiqda, biz esa ovozsizlarga mikrofon tutish uchun vazifalanganmiz», deb javob berdik. Pogonli amaki ham yuzida tushungan ifodani yoqib badar ketdi…
Balki bugun dazmolni yoqsangiz ham Yulduz chiqib kelar. Ammo o‘sha paytda ahvol boshqacha edi. Xullas, suhbatni tomosha qiling.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Eltuz muharriri Qudrat Bobojon