Asosiy mavzular
18 avgust 2021

50 yil oldingi O‘zbekiston: Sharqiy germaniyalik oilaning sayohat vaqtida olingan fotosuratlari topildi

1971 yilning yozida yosh nemis er-xotin avvalgilaridan uzoqroqqa sayohatga jo‘nab ketishdi. Ular Germaniyadan sharqqa tomon 5 ming kilometrdan ziyodroq masofada joylashgan O‘zbekistonga sayohat qilishdi. 

Ikkalasi ham qariyb 30 yoshga yaqinlashib qolgan bu sayyohlarning Samarqanddagi Bibixonim madrasasi oldida jilmayib turgan surati bor. Bu surat men tug‘ilishimdan bir yil oldin olingan. Er-xotin mening ota-onamdir. 

Foto: The Calvert Journal

«Men hech qachon o‘z uyim bo‘lishini xohlamaganman. Buning o‘rniga men erimga sayohat qilishni, dunyoni ko‘rishni xohlayotganimni aytgandim , deydi hozir 80 yoshdagi onam. 

Men bu sayohatga ularni nima ilhomlantirganini so‘raganimda: “Ming bir kecha”dagi kabi Toshkent, Samarqand va Buxoro biz uchun tushunarsiz edi. Men o‘qigan Ibn Sino kabi olimlar matematika va fizikada tengsiz bo‘lgan. 1000 yil oldin ular teleskoplar yasagani qanchalik hayratlanarli”, dedi u. 

Foto: The Calvert Journal

Bu fotosurat men yaqinda topgan albomning bir qismi. Olti yil oldin vafot etgan otam fotograf edi. Fotografiyaga juda qiziqardi. Esimni taniganimdan bilamanki, u barcha sayohatlarida fotoapparatini o‘zi bilan olib yurgan, oilaviy bayramlarni suratga olgan, borgan joylaridagi kundalik hayotni aks ettirgan. 

Bu fotosuratlar faqatgina ota-onamning tug‘ilgunimgacha bo‘lgan hayotiga razm solish emas, balki ular sayohat qilgan, so‘nggi 16 yil davomida mening ikkinchi uyimga aylangan davlatlardagi hayotning kechishini o‘rganish uchun ham qadrlidir. 

Foto: The Calvert Journal

2005 yildan beri Qozog‘istonda yashayman va O‘zbekistonga ko‘p borganman. Men dastlab bu yerga rus tilini o‘rganish uchun kelgandim, keyin Markaziy Osiyoda professional muxbir bo‘lib qoldim. Oxirgi 16 yil mobaynida O‘zbekistondagi ko‘plab siyosiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim va nemis matbuoti uchun turli maqolalar yozdim. O‘zbekistonga sayohatlarim ham turlicha kechgan. 

Bu juda boy, go‘zal mamlakat. Odamlari  Markaziy Osiyoning hamma joylarida bo‘lgani kabi  ochiq, boshqalarga qiziquvchan va saxiy. Lekin, bilishimcha, avtoritar davlat bo‘lib kelgan O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat jurnalistlarni xushlamaydi. 

Foto: The Calvert Journal

Men O‘zbekiston mustaqillikka erishgan 1991 yildan to 2016 yilgacha, o‘limiga qadar mamlakatni boshqargan birinchi prezident Islom Karimovning shafqatsiz rejimiga guvoh bo‘ldim. 

Garchi amaldagi prezident Shavkat Mirziyoev 2016 yilda saylanganidan keyin yangicha siyosat yuritib, siyosiy mahbuslar va jurnalistlarga uzoq kutilgan erkinlikni qaytargan bo‘lsa-da, jurnalistlar va blogerlarga nisbatan tazyiqlar bugun ham davom etmoqda. 

Foto: The Calvert Journal

O‘zbekistonni o‘rganish uchun qilgan barcha sayohatlarim, jumladan, yaqindagina qaytib kelganim oxirgisida ham o‘zimni noqulay his etdim. Meni kuzatishdi, nazoratga olishdi, hokimiyat vakillari mamlakat haqida “ijobiy” reportajlar tayyorlashimni qat'iy talab qilishdi. 

Oxirgi ikki-uch yilda ommaviy axborot vositalariga bosim faqat oshdi. 2016 yilda men O‘zbekistonga mamlakatdagi o‘zgarish muhitini yoritish uchun borganimda oxirgi uch yil davomida mamlakatga sayyohlik vizasi bilan kirganim uchun chiqarib yuborildim (o‘sha paytlarda akkreditatsiya berilmasdi). Uch yildan so‘ng mamlakatga kirishga ruxsat berishdi.

Foto: The Calvert Journal

Qaytganimda, 1970 yillarda ota-onam sayohat qilgan O‘zbekiston qanday bo‘lgani bilan qiziqdim. Shuning uchun ularning sayohatlarini eslab va olgan fotosuratlaridan ilhomlanib, oradan 50 yil o‘tganidan so‘ng otam-onam bosib o‘tgan yo‘llardan yurishga qaror qildim. 

1971 yilning yozida ota-onam ilk bor uy ijaraga olib, sakkiz yoshli opam bilan Saksoniyadagi qishloqqa ko‘chib o‘tishdi. Ikkalasi ham quruvchi-muhandis bo‘lib, Sharqiy Germaniyada qo‘ng‘ir ko‘mirda ishlaydigan elektr stantsiyalarini qurgan. Ular o‘zlariga uy qurish o‘rniga noan'anaviy hayot tarzini tanlashdi. 

Foto: The Calvert Journal

Garchi Germaniya Demokratik Respublikasi (Sharqiy Germaniya)da xorijda dam olishga unchalik qiziqishmasa-da, uning fuqarolari uchun Sovet Ittifoqi va “temir parda” ortidagi mamlakatlarga borish odatiy hol edi. Ota-onam dunyoning chiqish ruxsat etilgan qismiga borish uchun har bir imkoniyatdan foydalanishgan. 

Bungacha ular Vengriya, Bolgariya, Chexoslovakiya va o‘sha paytda Sovet Ittifoqi tasarrufida bo‘lgan Ukraina va Gruziyaning Qora dengiz sohillarida bo‘lishgan. Ammo 1971 yilda ular yanada uzoqroqqa borishni xohlashdi.

Foto: The Calvert Journal

Ular bugun Markaziy Osiyo deb ataladigan O‘rta Osiyoga guruh safari haqida eshitib qolishdi. O‘sha paytda mavjud bo‘lgan yagona sayyohlik agentligi – «Reisebüro der DDR»da ro‘yxatdan o‘tishdi va tasdiqni kutishdi.

70-yillarda ota-onamda televizor bo‘lmagan, shuning uchun ular sayohatlar haqidagi hujjatli filmlarni va kataloglarni ko‘rmagan. Instagramdagi orzular kontenti va sayohat bloglari haqida esa gap bo‘lishi mumkin emas edi.  

Foto: The Calvert Journal

Uzoq o‘lkalar madaniyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishning yagona yo‘li sayohat edi. O‘tgan umriga nazar tashlab: «Dunyo bugungidan ko‘ra kattaroq edi», deydi onam. 

Sayohat oldidan O‘zbekiston haqidagi har qanday tasavvuri kitoblar va qadim Buyuk ipak yo‘li to‘g‘risidagi hikoyatlar asosidagi shakllangandi. 

Foto: The Calvert Journal

Ular sovet davrida qad ko‘targan ulkan beton binolarni ko‘rishni kutishmagandi. Avvaliga O‘zSSR poytaxti Toshkent onamning hafsalasini pir qildi. «U ko‘p qavatli uylar va ko‘chalardagi mashinalarga to‘la odatdagi zamonaviy shaharga o‘xshardi”, deb hikoya qiladi u va poytaxt markazida qadimiy binolar deyarli yo‘qligidan hali ham sal jahli chiqadi. 

1966 yilda, sayohatlaridan besh yil burun Toshkentda kuchli zilzila yuz bergan, shaharning katta qismi vayron bo‘lgan va 200-300 ming odam boshpanasiz qolgandi. 1971 yilda kelgan sharqiy germaniyalik bir guruh sayyohlar ulkan qurilishlarga guvoh bo‘lgandi.

Foto: The Calvert Journal

Albatta, bugun Toshkent Sovet Ittifoqining shaharsozlik sohasidagi namunali shahri sifatida mashhur va ko‘plab sayyohlar uning ajoyib sotsialistik modernistik binolarini ko‘rish uchun keladi.

Ota-onam yashagan «Do‘stlik» mehmonxonasi ular kelishidan bir yil qurilgan binolardan biri edi. 

Men uning suratini otamning arxividan topdim: uni bir-biriga to‘g‘ri burchak ostida joylashgan panelli ikki bino va Lenin barelefi bezab turgan fasadli ajoyib tuzilishidan tanib olish mumkin. 

Yaqinda O‘zbekistonga qilgan safarim chog‘ida men uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Garchi u daraxtlar panasida qolgan bo‘lsa-da, hali ham ishlayapti. Faqat Lenin o‘rniga turk mehmonxonalar tarmog‘ining nomi tushirilgan. 

Prezident Mirziyoev 2016 yilda o‘z vazifasiga kirishganidan so‘ng mamlakatni modernizatsiya qilish va xalqaro investorlarni jalb qilish yo‘lini tutdi. Natijada Toshkentda shaharning avvalgi qiyofasini yo‘q qilayotgan navbatdagi ulkan qurilishlar boshlandi.

Foto: The Calvert Journal

Ko‘plab binolar, asosan, sovet davridagi turar joylar allaqachon buzib tashlandi. Bu aholi o‘rtasida o‘ziga xos noroziliklarni ham keltirib chiqardi. Tarixiy binolarni rekonstruktsiya qilgani uchun ham hukumat tanqidlarga uchradi. Ayniqsa, taklif qilingan estetik o‘zgarishlar xavotir uyg‘otdi. 

Ota-onam maktabda o‘rgangan rus tilidan tashqari hech qanday xorijiy tilda gaplashishmagan. Shuning uchun guruh bo‘lib safar qilish uchun sayohatga chiqishning yagona maqbul varianti edi. Ya'ni ular diqqatga sazovor joylarni faqat guruh tarkibida ko‘rar, kamdan-kam holatlarda o‘zlaricha qaerlargadir borardi. Ammo har narsaga qurblari yetmasdi. 

Foto: The Calvert Journal

“Bizda deyarli pul bo‘lmasdi”, deb tushuntiradi onam. Ikki haftalik sayohat uchun har bir kishiga o‘zi bilan faqat 30 GDR markasini (15 yevro) olishga ruxsat bor edi. U avval kuponga, keyin gidlar tomonidan rublga almashtirilardi. 

“Ba'zilar ko‘proq marka olib o‘tardi va ularni noqonuniy ravishda sovet puliga almashtirardi. Bu juda oson edi. Mehmonxona xodimlari va mahalliy fuqarolar bizga yashirincha murojaat qilib, Sharqiy Germaniya markasini so‘rashardi. Bizni hayratlantirgani – valyutamiz u yerda juda kerakli ekan”.

Foto: The Calvert Journal

Samarqandda onam unutilmas kunlarni eslaydi: «Shu qadar issiq edikki, biz deyarli uxlay olmasdik, lekin mahalliy aholi ko‘chada sakkiz kishilik tapchanlarda bemalol uxlashini ko‘rdik”. 

Sochi sariq bo‘lgani uchun ular otamni Sasha deb chaqirishgan. Otam o‘zbeklar bilan chekib, ichib, imo-ishoralar vositasida ko‘p vaqtini o‘tkazgan. 

Bibixonim masjidi yaqinida onam nemis tilida so‘zlashadigan mahalliy ayol bilan uchrashib qolgan: “U bizga Germaniyani qanday sog‘inayotganini va uni hayotida oxirgi marta ko‘rishni qanchalik xohlashini aytgandi”.

Hozir bilganlarim asosida taxmin qilardimki, bu ayol rossiyalik nemis, Rossiyada 150 yildan buyon yashab kelgan, keyin esa Ikkinchi jahon urushi yillarida nemislar bilan hamkorlik qilishning oldini olish maqsadida Iosif Stalin tomonidan deportatsiya qilingan etnik nemislar jamoasidan bo‘lgan. 

Ularning ko‘pchiligi Markaziy Osiyoga, asosan, Qozog‘istonga, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga badarg‘a qilingandi. 

Foto: The Calvert Journal
Samarqand bozoridagi kundalik hayot, 1971 yil

Nihoyat, Buxoro o‘zining asrlar bilan bo‘ylashgan masjid va madrasalari bilan ota-onam Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab ko‘rishni orzu qilgan taassurotlarni ulashdi. “Bizni bu qadimiy binolarning go‘zalligi hayratga soldi. Bu xuddi o‘rta asrlarga o‘xshardi”,  deydi onam va shundan keyin sal o‘tib Buxoro ham zilziladan zarar ko‘rganini qo‘shimcha qiladi: “Men faqat Xivaga bora olmaganimizdan afsusdaman. Aytishlaricha, bu O‘zbekistondagi eng go‘zal tarixiy shahar”.

Ota-onamdan farqli o‘laroq, men Xivaga bordim. Garchi Samarqand va Buxorodagi shahar markazlarining qadimiy bir qismi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, Disneylend attraktsionlariga o‘xshab rekonstruktsiya qilingan. 

Ulardan farqli ravishda Xiva o‘zining qadimiy Ichan qal'asi, 19-asrda qurilgan devorlari bilan chindan ham hayratlanarli. YuNESKOning Jahon merosiga kiritilgan bu hududda 250 ta uy, shuningdek, son-sanoqsiz yodgorliklar, devorlar, gumbazlar va minoralar joylashgan bo‘lib, bu sizni shahar tarixiga bog‘laydi. 

Men onamga O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarim haqida gapirganimda, u «bu umuman boshqa mamlakatga o‘xshaydi», deb ta'kidlaydi. Bu, albatta, haqiqat. O‘zbekiston mustaqil davlatga aylanganiga roppa -rosa 30 yil bo‘ldi. 

Mirziyoev prezident bo‘lganidan buyon besh yil o‘tdi va u shu yilning oktyabr oyida qayta saylanishi haqiqatga yaqin. Bir tomondan, O‘zbekiston uchun hayajonli davr: mamlakatda katta iqtisodiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. 

Biroq mamlakatdagi ko‘plab islohotlar depsinib qoldi: parlamentda muxolif partiyalar yo‘q va yangi partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish deyarli imkonsiz. Hali ham siyosiy motivli sud jarayonlari va siyosiy mahbuslar bor, inson huquqlariga rioya etish og‘riqli va keskin masala bo‘lib qolmoqda.

Samarqand, Buxoro va Xivaning qadimiy devorlari bilan taqqoslaganda, ota-onamning O‘zbekistonga sayohat qilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Men Berlin devorining qulashi va Germaniyaning birlashuviga guvoh bo‘lgan sharqiy nemis sifatida siyosiy o‘zgarishlar uchun vaqt kerak ekanini tushunaman. 

Otamning fotosuratlari bilan tanishish asnosida men mamlakatni yangicha baholadim va uning tarixini yangicha o‘lchovda kashf etdim. 

Nemis jurnalisti Edda Shlager

Manba The Calvert Journal nashri

Tag‘in o‘qing
20 aprel 2020
Xotiralarimda o‘tgan asrning 70-yillari aurasiga kirib qoldim, chiqish oson bo‘lmayapti… G‘arb she'riyati haqida yozilgan turkum maqolalarga jahli chiqqan, o‘zini ...
6 may 2023
2023 yil 3 may, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev Germaniya poytaxtida Germaniya kantsleri va prezidenti bilan uchrashdi. Huquq faollari  esa ...
9 avgust 2021
Joriy yilning 7 avgust kuni O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi O‘zbekiston prezidentligiga iqtidordagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoev nomzodini ilgari surdi. ...
15 may 2019
Bir paytlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘qishga kirayotganimda, hozirgi paytda Feysbukda ham ancha tanilib qolgan amaldorlardan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...