Asosiy mavzular
14 sentyabr 2021

Qochqinlar qachon o‘z nabirasini quchadi?

Bu rasmda O‘zbekistonni 27 yil boshqargan marhum prezident Islom Karimov o‘z nabirasi Maryam bilan. Maryam Tillaeva butun hayoti davomida yer kurrasining mutlaqo qarama-qarshi qismida – AQShning Los-Anjeles shahrida yashaganiga qaramay, O‘zbekistondagi bobosi bilan uchrashishida muammo bo‘lmagan.

Mana bu esa Islom Karimovning shogirdi Shavkat Mirziyoevning o‘z nabirasi bilan tushgan rasmi. Mirziyoev bosh vazir bo‘lib ishlagan payti uning nabiralari Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari hududida yashashlariga qaramay, doimo bobosi bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

«Ota-ona bilan birga nonushta qilish, nevaralar qurshovida bo‘lish, bir piyola choy ustida suhbatlar… Siz-chi, bugun ota-onangiz, buva-buvingizga quchoq ochdingizmi?», deb yozdi 12 sentyabr kuni bu rasmni instagram sahifasiga qo‘ygan Saida Mirziyoeva.

Mirziyovning nabirasi bilan tushgan rasmi tezgina tarmoqda tarqaldi. Unga olqishlar yog‘dirildi. Ayni paytda Mirziyoevaning so‘zlari siyosiy sabablarga ko‘ra mamlakatni tark etgan, ota-onasi, farzandlari, nabiralarini borib ko‘rish imkoniyatidan mahrum vatandoshlar uchun savollar uyg‘otmoqda.

Bugun Kanadada yashayotgan, “Erk” demokratik partiyasi sobiq faoli, Oliy Majlisning sobiq deputati, 63 yoshli Nasrullo Sayyid 2019 yilning aprelida, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz rejim joriy qilinganiga qaramay, uni aeroportdan ortga kaytarishgani, keyinchalik 2020 ning fevralida Qirg‘izistonning O‘sh shahriga borganida yana chegaradan O‘zbekistonga kiritilmaganini aytadi.

“Ha, nevarani quchoqqa olib o‘tirish bobolar uchun eng lazzatli va shirin hissiyot… O‘zbekistonda uch qizim va ulardan 6 nevaram bor. Mana, 15 yilki, shu zolimlar meni o‘z Vatanimga kiritmaydi, nevaralarim bilan ko‘rishishimga yo‘l qo‘ymaydi”, deya izoh yozdi prezidentning nabirasi bilan tushgan surati ostiga kanadalik o‘zbek dissidenti.

Ayni holatni AQSh vatandoshligini olgan 65 yoshli Isoqjon Zokirov ham boshidan kechirmoqda. 2019 yilning iyulidan boshlab AQSh vatandoshlari uchun O‘zbekistonga yengillashtirilgan elektron viza tizimi joriy qilinganiga qaramay, Isoqjon Zokirovning vataniga sayohat qilish uchun barcha harakatlari besamar ketgan.

U elektron viza olish uchun sayyohlik agentligiga bir necha bor murojaat qilgan. Biroq atigi 20 dollar evaziga barcha AQSh vatandoshlari uchun ochiq O‘zbekistonga viza olish imkoniyati uning uchun yopiqligicha qolgan.

“Viza bermasligiga sabab, albatta, mening muxolif qarashga egaligim. Men sovetlar davrida «Birlik» xalq harakatining Andijon viloyatidagi faol a'zolaridan edim. 2001 yili Inson huquqlari federatsiyasi Xelsinki jamiyati a'zosi bo‘lganman, Andijon viloyati bo‘yicha”, deydi Zokirov.

Holbuki, O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsulligi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilning uch oyi davomida 3,5 mingga yaqin amerikalik elektron viza olib O‘zbekistonga borgan. Bu o‘tgan 2018 yil davomidagi statistikaga nisbatan ham 145 foiz ko‘pdir.

Yildan yilga O‘zbekistonga ko‘plab sobiq muhojirlar qaytmoqda, biroq bu imtiyoz ayrimlar uchun hamon istisnoligicha qolmoqda. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 aprel 2023
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.  Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ham xo‘jik ...
6 dekabr 2021
«Eltuz» nashri 30 noyabr kuni “Maktabgacha ta'lim vazirligining bolalarga xos bo‘lmagan o‘yinlari” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va ...
2 noyabr 2016
O‘zbekiston Huquq himoyachilari alyansi (O‘HA) tarqatgan matbuot xabariga ko‘ra 2016 yilning 1 noyabri kuni Bo‘ka shahar Xalq ta'limi bo‘limi ...
24 iyun 2018
Rossiyalik futbol sharhlovchisi Vasiliy Utkin Argentina-Xorvatiya o‘yini paytida xalqaro nufuzi baland bo‘lgan o‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatovni «eshakning o‘g‘li» deya ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...