Asosiy mavzular
16 yanvar 2022

Ertaga men o‘lgan bo‘laman…

O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu yaxshimi yomonmi, bilmayman. Shavkat Rahmonni nashriyotning injiq ba'zilar nazarida noxolis mulozimi o‘laroq ko‘rganman. Bir muddat prezidentga sovetnik bo‘lib, sakkiz tugmali katta razmer kostyum ichida tariqday bo‘lib o‘tirgan Mirzo Kenjabek o‘zi o‘qigan jurnalistika fakultetini «ig‘vo ini» deya, yoptirganiga guvoh bo‘lganman. Sovetnik bo‘lishi bilan «Islom podsho ko‘nglimdadir» deya shig‘ir bitgan Omon Matjon meni hayratga solgan. Ekzyuperining «Kichik shahzoda» kitobini o‘girib, shuurimga pozitiv ta'sir qilgan, «Ë jamshid» kabi teran hikoyalar yozgan yozuvchi Hayriddin Sulton, Mayakovskiy mukofoti olganidan mamnun Usmon Azim va hokazo. Mansabda paytida ham sarkazmni yo‘qotmagan bitta yozuvchini bilaman. U Murod Muhammad Do‘st. Xullas, birovni sinamoqchi bo‘lsang, unga amal berib ko‘r deyishadi. Bu shair va yozg‘uvchilar amal sinovidan o‘tdimi yo o‘tadimi menga qizig‘iyam yo‘q. Men ular yozgan asarlarni o‘qishda davom etavaeraman. Bir vaqtlar «Salim Ashur, senga amal yarashur» deya mulozim do‘stimga hazil qilgandim. Mana bu she'rni Salim Ashur yozgan.


Siz ertaga kelasiz,
Hozir
Xabarini yetkazdi simlar.
Bu xatarnok yo‘lda karvonni
yutgan vabo —
ohangdor qumlar. Siz ertaga kelasiz —
Salimga ham guloblar quydi.
Ko‘zingizdan o‘pdim.
Lablarim
Yulduzlarga tekkanday kuydi.
Labingizda — beshikda jahon,
Jahonlarni suydim mastona.
Siz ertaga kelasiz,
Bugun
Yangi ranglar kiyar ostona.
Siz ertaga kelasiz
«1»day, Odamlarga noma'lum sirday.
Ko‘rasiz —
Sevgimni ilib qo‘yibman –
Yakshanbada yuvib
yoyilgan kirday.
Siz ertaga kelasiz,
Hozir
Yuragimni qo‘ydim o‘rtaga.
Agar tuzlar yutib olsalar,
Topolmaysiz meni ertaga.
Siz ertaga kelasiz, qochib
Ta'qib etgan farangi kuydan.
Siz kelasiz shoshib, ammo men
Chiqib ketgan bo‘laman uydan.
Siz ertaga kelasiz…
Boqqa
Liboslarni xazonday tashlab.
Bugun mening cho‘llik qishloqqa
Ketgam kelar
ko‘zimni yoshlab.
Siz ertaga kelasiz,
Biroq
Bugun tushub qoldim men asir.
Bu dunyoda nima bo‘lsayam,
Menga hozir kerakdir,
hozir.
Siz ertaga kelasiz,
Bugun
Oy nuriga lim-lim to‘laman.
Siz ertaga kelasiz,
Ammo
Ertaga men o‘lgan bo‘laman…

Salim Ashur

Rassom Tuz sahifasidan

Tag‘in o‘qing
14 iyun 2020
Farg‘ona viloyatida davlatga qarashli mol-mulkning talon-taroj qilinishi, ya'ni atayin arzon narxlarda xususiy qo‘llarga o‘tishida viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ham ...
7 aprel 2022
Apparell Insider nashri uchun maxsus yozilgan ushbu maqolada O‘zbekiston inson huquqlari forumi vakili Lin Shvaysfurt O‘zbekiston paxtachiligida tizimli majburiy mehnat tugatilishi muhim voqea bo‘lsa-da, inson huquqlari bilan ...
4 dekabr 2019
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqidagi ...
5 yanvar 2024
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib, siz bilan birgaman. Yangi yilda sizlarning yuzingizga qarab, tabassum qilish ...
Bloglar
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...