Imperativ 45. Buyuk qaynashma
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 45-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)
Balki, ingliz tili she'riyati vakili Edgar Po bilan frantsuz Pol Valerining ayni ruhiy zaminda jarayon etgan intellektual faoliyatiga keragidan ortiq urg‘u berib yubordim.
Holbuki, Edgar Po Valeridan oldin o‘tgan frantsuz shoiri Sharl Bodler tufayli Ovrupada mashhur bo‘lgandi. U zamonlarda Edgar Po o‘z vatani Amerikada bunday shonga erishmagandi.
O‘z navbatida, «Mosyo Test» Pol Valeri ham Edgar Po zehniyatiga yana o‘sha Sharl Bodler va Stefan Mallarme vositasida oshno bo‘ldi.
Paul Valeri yoshligida tafakkur yo‘lchiligiga chiqar ekan, uni mutaassir etgan ikki shaxsni e'tirof etadi: «Idrokim ufqida kutilmaganda bu ikki g‘ayrioddiy zot paydo bo‘lganida men g‘alati bir intellektual zilzilani boshdan kechirgandim. Bu ikki favqulodda jangari tipga qarshi mening himoya mexanizmim jiddiy tahlilga loyiqdir». («O‘zim haqqimda».1944)
Bu ikki zotdan biri Stefan Mallarme (ikkinchisi Artyur Rembo.M.S.) edi.
Ammo Valerining Mallarmega «talabaligi» uzoq davom etmadi. U Mallarmening neoplatonizmi va simvolizmiga begona ekanligini erta payqadi. Va o‘zining intellektni kuchli iroda bilan (ratsional) yo‘naltirish pozitsiyasiga qaytdi.
Vafotidan oldin bitgan bir maktubda Valeri shunday deb yozadi.»Menga o‘tkazilgan ta'sirlarning eng terani aslo Mallarmedan kelmadi. Fikrim taraqqiyotida muhim rolni Edgar Po adabiyotidan bir-nechta satr, Rixard Vagner musiqasi, Leonardo (Da Vinchi) haqida hosil bo‘lgan tasavvurim va (ilmiy adabiyot qorishiq) uzundan uzoq MUShOHADA o‘ynadi». Mallarmega kelsak, albatta, u mening ichki dunyomda katta o‘rin tutdi, ammo u men uchun bir kashfiyot emas, ko‘proq muammo bo‘ldi. U hech qachon o‘zini anglatishni istamagan, xar qanday muallimlikni rad etgan, mislsiz bir (turtki) uyg‘otuvchi edi». (Oeuvres, t. I, p. 1755)
Edgar Po, Bodler, Mallarme, Valeri…
Turli zamonlarda yashab, turli tillarda yozib, ruh olamida yagona ZAMON, yagona TIL va yagona TAFAKKUR mehvari atrofida do‘na boshlagan bu FIKR devlarini ko‘rib, Allohning borliqni naqadar qusursiz dizayn etganligidan hayratga tushamiz.
Ruhlarning qardoshligi Zamon (davr), Til va Tafakkurlarni birlashtiradi.
Ruhlarning qardoshligi tillar qardoshligidan, hatto millatlar qardoshligidan ham kuchliroqdir.
Va yoki: uzoq masofadan faqat ChO‘QQIlargina bir-birlarini ko‘raoladilar. Ularning orasidagi jo‘g‘rofiyada yashayotgan borliqlar uchun bunday perspektiv yo‘q. Shunday cho‘qqilardan biri amerikalik Edgar Po boshqa bir cho‘qqi frantsuz Sharl Bodler tufayli Ovrupada «kashf etildi», mashhur bo‘ldi. U paytda Edgar Po o‘z vatani Amerikada bunday shonga erishmagandi.
Ular bir-birini uzoqdan ko‘rgan cho‘qqilar edi.
Bu Buyuk Qaynashma(kaynash) jarayonini kuzatar ekan, mahallamiz adabiy jamoasidagi «milliy g‘ururli arboblar» ko‘z oldimga kelib: bundan qirq yil avvalgiday yana to‘xtatishib, «she'ringizni tushuntirib bering!», deya yoqamdan olishsa, ularga nimani tushuntiraman, deya qayg‘uga cho‘kaman.
(davomi bor)
Muhammad Solih