Muhammad Solih bilan suhbat: Oydin xonimdan keyingi ayol va farzand – 2-qism
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan hayoti, birga Islomni qabul qilgani, uning vafotidan keyin uylangani va keyingi ayolidan 72 yoshida ko‘rgan farzandi haqida hikoya qiladi.
BIR-BIRIGA VATAN BO‘LGAN QALBLAR 2-qism.
MUXBIR: Solih aka, ko‘nglimda bir savol kechdi. Suhbatni ko‘rayotganganlarga ham tegishli bu savol. Sizning portretingiz ular ko‘z o‘ngida,tasavvurida islomiy hayot tarzini kechirayotgan,har gapini ”Qur'on” va hadislar bilan dalillayotgan bir shaxs sifatida chizilyapti. Ular sizning islomiy qiyofa,siyratingizni endi taniyapti. Aytingchi,siz o‘zingiz islomni qachon tanidingiz. Xudoni qachon tanidingiz.
M. S. Agar men ular tasavvurida shunday chizilayotgan bo‘lsam,ya'ni yashash tarzi islomiy bir shaxs sifatida ko‘rsalar,men bundan faqat baxtiyor bo‘laman. Ammo men o‘zimni dinimiz buyurgan darajada yashayman deb o‘ylamayman. Buni bir she'rimda ham aytganman: Avvalgi M.Solih o‘ldi,yo‘q bo‘ldi, bir xudojo‘y odam paydo bo‘ldi deganlarga murojaat shaklida: «Qaniydi shunday bo‘lsa,avvalgi Solih o‘lgan bo‘lsaydi,yuragi islomga to‘lgan bo‘lsaydi»,deb javob berganman. Lekin iloji boricha shunday yashashga harakat qilganman. Odam oxiratini faqat qariganda o‘ylashi kerak emas. Shuurli odam hamisha oxirat tuyg‘usi, oxirat tayyorgarligi bilan yashaydi. Ayniqsa,bizning yoshda bu dunyoni o‘ylamasligi kerak. Afsuski,biz dunyodan ko‘ngil uzolmaymiz. Bu dunyoga ko‘proq ko‘ngil qo‘yamiz.
M. S.Solih aka. Gapingizni bo‘laman. Siz yana savolning falsafiy tomoniga o‘tib ketyapsiz.Men sizdan Islomni qachon tanidingiz deb so‘radim. Sizni hech kim bunga da'vat qilmagan,qo‘lingizdan ushlab masjidga olib bormagan. Ichingizda ko‘tarilgan bir tug‘yon, shuuringizda uyg‘ongan bu holat. Buni Oydin xonim qanday qabul qildi? Kalima keltirishi,ikkingizning qayta nikoh o‘qitishingiz…shular haqida so‘ylab bersangiz. Bu suhbatni ko‘rib turganlar uchun qiziqarli bo‘ladi.
M. S. 1985- yil edi. Yozuvchilar Uyushmasi bizga uy berdi.Biz ungacha ijarada turardik. Qoraqamishdan Pushkin -Solor manziliga, bizga berilgan uyga ko‘chib o‘tgan kezlarimiz edi. Bir ziyofatdan qaytayotib(bilasiz,shoir xalqining ziyofati maysiz o‘tmaydi), har galgidek «Hamid Olimjon» metro bekatidan emas,negadir «Pushkin»dan tushibman. Ayozli, qorong‘u tun.Solor ko‘prigidan o‘tayotib,miyamda bir savol,bir tug‘yonli fikr uyg‘ondi.Bu mutlaqo inqilobiy fikr edi. To‘xta! Sen nima qilyapsan? Nima uchun yashayapsan? 36 yoshga to‘lding, mana. Ne qilding shu paytgacha? Sen o‘zingni daho shoir sanaysan. Hov navi bir do‘sting o‘zini daho rassom sanaydi.Bir-biringizga she'r bag‘ishlaysiz, u sening rasmingni chizadi. Ziyofatlar qilasiz. Xo‘p,unvon olarsiz. Kitoblaringiz chiqar. Seni klassik deb atashar balki.Xo‘sh uyog‘ichi? Uyog‘ida ne bor? O‘limmi? Shunchaki o‘lasan,tamommi! Sen bu dunyoga nega kelding? Faqat shuning uchunmi? Xudoni taniysanmi? Allohni bilasanmi? U yoqda nima deysan? Javobdan qo‘rqmaysanmi? ? ..Birdan sergak tortdim! Dahshatga tushdim. Bu dahshat shu qadar ediki, men butun hayotimdagi bo‘shliqni bor haybati bilan ko‘rdim! Ayni o‘sha damlarda – iste'dodimiz,kelajagimiz haqida bashorat qilinayotgan,maqtovlardan uchib yurgan vaqtimiz – bu bo‘shliq meni qo‘rqitdi. Bo‘shliqning haybati qo‘rqitdi. Va mening yuzimni Olloh tarafga burdi!… Uyga kelsam,Oydin xonim uxlamay meni kutib turgan ekan. Zotan,bu har kungi holat edi. Xonim bunga ko‘nikib ketgan edi. Men unga ertadan boshlab bolalarni ”Qur'on” ni o‘rgatishga jazm qilganimni, o‘zimiz ham namoz o‘qishni boshlashimiz kerakligini aytdim.Xonim qattiq sevindi meni quchib oldi.Allohga shukur aytib, Xudodan faqat shuni duo qilganini ,mendan bu qarorni kutib yurganini aytdi. Ertasigami yoki shu kunning o‘zidayoqmi, Qorasuvga qo‘ng‘iroq qildim.
MUXBIR: Qirg‘izistongami?
M. S. Ha. Alovuddin Mansurga qarorimni aytdim.
MUXBIR:Alovuddin Mansur buni qanday qabul qildi?
M. S. U juda sevindi. Duo qildi. Bizdan bir qavat yuqorida turadigan Eminjon Usmonnkiga kelganda, u men uchun ham duo qilganini, iymonga kelsam xuddi sahoba Umarning iymonga kelishidek hodisa bo‘lishini aytib, bizni ko‘klarga ko‘tardi. Loyiq bo‘lmaganimiz saviyaga ko‘tarib, duolar qildi.
MUXBIR:Muhammad S. A. V. Ikki Umardan biri iymonga kelsa edi, deb duo qilganlari kabi qiyos bo‘libdi.
M. S. Yaxshi do‘st edi Alovuddin Mansur. Alloh rahmat aylasin!
MUXBIR: Demak,Alovuddin Mansur bu qaroringizdan sevindilar va keldilar.
M . S. Yo‘q, o‘zi kelmadi. Zohidxon va Anvar degan shogirdlarini jo‘natdi. Anvarni yaxshi bilardim, zotan. She'rlarimni o‘qib yurardi. Adabiyotga yaqin inson edi. U bizga juda yaxshi xizmat qildi. Keyin biz Oydin xonim bilan nikohimizni yangiladik.Rasmiy nikohimiz bor edi. Ammo shar'iy nikohimiz yo‘q edi.Endi o‘tdik. Nikohimizni ham Anvar qorining o‘zi o‘qidi.Kalimai shahodat keltirganimizga ham guvoh bo‘ldi.Oydin xonim bungacha ham islomni qabul qilgan edi ,1985-yilda esa buni rasman, shahodat aytish bilan quvvatladi.
MUXBIR: Demak,bu Oydin xonimning talabi bilan bo‘ldi. Ya'ni rasman kimningdir guvohligida shahodat kalimasini keltirish ukrain millatidan ,xristianlar oilasidan kelib chiqqan bo‘lsa ham Oydin xonim istagi bilan bo‘ldi?
M. S. Ha, aynan Oydin xonimning talabi bilan bo‘ldi. Shunchaki men musulmonchilikni qabul qildim deyish bilan bo‘lmaydi deb,buni rasman aytishni istadi u. Keyin namozni boshladik ikkimiz ham. Bolalar arabchani o‘rgana boshladilar va bir yil ichida uni o‘zlashtirib oldilar.
MUXBIR: Demak,farzandlaringiz Temur va Umida ”Qur'on”ni bilishadi.
M. S. ”Qur'on”ni to‘la yodlaganlari yo‘q, ammo ikkisi ham o‘qiy oladi. Umida ba'zi parchalarni yod olgan. Temur bir necha porasini yoddan biladi. Temur endi bizning ichimizda eng quyuq musulmon. Sunnatlarni ham a'lo darajada biladi.
MUXBIR: Solih aka. Agar ma'qul kelmasa,javob bermasangiz ham mayli.Sizni Alloh ayollar masalasida ham siyladi. Ko‘pchilik Oydin xonimni biladi. Ammo sizning undan keyingi ayolingiz bor ekanini bilmaydi…
M. S. Haqiqatda Alloh meni ko‘p jihatda siyladi. O‘ziga shukur! Alloh jamiki jonzotni jufti bilan yaratgan. Shu ma'noda Alloh meni haq etmaganim holda juda yaxshi juftlarni berdi. Birinchi ayolim bilan yaxshi yashadik. Uch farzandimiz bor bu turmushdan. Iqtisodiy qiyin davrlar edi. U bunga chidayolmadi va u haq edi. Biz ajraldik. Keyin Oydin xonim bilan turmush qurdik. Bu turmush 40 yil davom etdi. Yoshlik pallasida gunohlarimiz ham bo‘ldi, bunga tavba qilganmiz, Alloh tavbamizni qabul qilsin, kechirsin. Ayollarim meni doim qo‘lladilar. Doim ortimda turoldilar. Oydin xonim bilan kechgan hayotim bir epopeya men uchun. Juda qiyin,qattiq sharoitlarlarga qaramay,biror marta shikoyat tugul, bunga ishora ham qilmadi. Chidadi mening zolimligimga. Nohaqliklar ko‘rgan esa-da, barchasini buyuk bir sabr,buyuk bir matonat bilan turdi.Alloh uning ruhiga g‘ani-g‘ani rahmat qilsin.
MUXBIR: 2014-yil o‘tdilar,adashmasam. Qabrlari Istambulda ,shundaymi?
M. S. Istanbulda, Qoraja Ahmad qabristonida.
MUXBIR:Keling,o‘quvchilarga Oydin xonimning mashhur iborasini eslatsak. Ko‘p muxlislarimiz bu iboraga e'tibor qaratishadi: «Mening Vatanim-mening erimdir».
M. S. Ha,shunday gap aytgandi. Prezident saylovi mahalida Qozog‘istondan kelgan jurnalist ayolning ”Siz ukrain millatidansiz. Otangiz polyak, onangiz ukrain, siz O‘zbekistonda yashaysiz, Vataningizni sog‘inmaysizmi?”, degan savoliga Oydin xonim qisqa tabassum qilib «Mening Vatanim – mening erimdir”, degan edi. Muxbir ayol bundan hayratlangandi.
MUXBIR: Butun qiyinchiliklar oldinda bo‘lgan holda aytgan-da?!
M. S. Asosiy ko‘rguliklar oldinda edi u payt.
MUXBIR: Shuncha qiyinchiliklarda ham sobit qoldi gapida. Siz Vatan bo‘ldingiz unga va birgalikda dunyo kezdingiz.
M. S. 1993-yil oilam ham mening yonimga,Turkiyaga keldi. O‘sha yildan boshlab to 1999-yilgacha biz soxta pasportlar bilan yurdik. Bolalarda ham hujjat yo‘q edi. Olib qo‘yishgan edi. 1999-yil bizga boshpana berdi Norvegiya va bizni qabul qildi.O‘shangacha 6 yil yil shu tarzda yurdik. Haliyam yotibdi o‘sha soxta pasportlar. Har kuni bizni qaerda ushlab ketisharkin, qaysi mamlakatga borsak bo‘larkin,qaysisida bizni xavf kutib turibdiykin degan xayol bilan yashadik.Bolalar ham shu taqlidda yashadilar. 1999-yil fevral portlashlaridan keyin Turkiya milliy istixboroti meni xibsga oldi va qamadi.
MUXBIR: Portlashlarda aybladilar…
M. S. Ha, bu aybni menga yukladilar.O‘sha payt Sulaymon Demiral prezident edi. Meni uning buyrug‘i bilan qamoqqa oldilar.Men qamoqda ekan,1999-yil 18-mart kuni Sulaymon Demiral O‘zbekistonga borganida televizorga chiqib, «Muhammad Solih Turkiyada emas», deb bayonot bergan. Holbuki, men Turkiya milliy istixboroti qamoqxonasida edim. «O‘zbekistonning dushmani bizning ham dushmanimiz.Muhammad Solih hech qachon bizga kirolmaydi», deb bayonot bergandi Demiral.
MUXBIR:Ammo bu paytda siz uning turmasida edingiz.
M. S. Ha men shu yerda,turmada edim. Keyin meni yashirincha chiqarib yubordilar.
MUXBIR: Demiralni yolg‘onchi qilmaslik uchun?
M. S. Shunday. Istanbulda oilamizdan Umida qoldi faqat. Biz Norvegiyada 3 oy yashadik. Qochoqlar lagerida. Uzunligi 5-6, eni 4 metr bir tor xona edi makonimiz. Hojatxonasi tashqarida. O‘sha xonada ikki qavatli karavotning pastki ikki kishilik yotogida biz xonim bilan, tepa kavatida o‘g‘limiz Temur yotar edi… Buning rasmi ham bor…Shunda ham Oydin xonim «bu ne hayot» deb noligan yo‘q.
MUXBIR: Ukrainaga ketaman ham demadi..?
M. S. Doim qo‘llab -quvvatladi. ”Hammasi yaxshi bo‘ladi. Bu bir sinov,buning mutlaqo ajri bor. Muhimi ,biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Alloh buyurgan yo‘lda»- deb dalda berardi. Ha,u qattiq musulmon bo‘ldi. 1985-yildan buyon namoz qila boshlagan bo‘lsak, men 1987-89 yillarda,faol siyosatga kirganimdan so‘ng, namozda barqaror bo‘lolmadim,to‘xtatdim. Keyin notinch hayot boshlandi. Ammo xonim qattiq ushladi va bir marta ham tark qilmadi . Uyga keladigan mehmonlari ham o‘rangan ayollar bo‘lardi asosan. U ham o‘ranishni istadi. Biroq men agar u o‘ransa buni darrov surishtirishlari,bolalarning o‘qishi qolib ketishini aytib, ruxsat bermadim.Zotan u botinan o‘rangan edi. Istanbulga kelgach zohiran ham o‘randi.
MUXBIR: Demak, 1985-yil Anvar qori guvohligida shahodat kalimasini keltirgan,rasman musulmon bo‘lgan Oydin xonim
keyingi butun hayotida dinida sobit qoldi,islomiy hayot kechirdi va bolalarini ham shunday tarbiyaladi.
M. S. Shunday. U Arab tilini aynan”Qur'on»ni ukib urgandi. ”Qur'on»ni aslidan o‘qish uchun so‘zlarning ma'nosini shu kitobning o‘zidan o‘rganish uchun shu yo‘lni tutdi.
MUXBIR: Inshaalloh,jannatdadirlar!
M. S. Inshaalloh!
MUXBIR: Birinchi ayolingiz haqida aytdingiz. Oydin xonim haqida o‘quvchilar ma'lumotga egalar. Endi agar sir bo‘lmasa,uchinchi ayolingiz haqida ham aytsangiz.
M. S. Bunda bir sir yo‘q. Ammo buni e'lon berib,tantana qilmadik. Oydin xonimning vafotidan keyin bir yil kechib, uylandim. Erkak kishi mahramsiz yasholmaydi Musulmonchilikda ham bu joiz emas. O‘zim yoqtirib, istab bir xonimga uylandim. Uning ham tavajjuhi bor bizga.
MUXBIR: Ya'ni avvaldan tanish ayolgai, Oydin xonimning shogirdiga.
M. S. Oydin xonimning ma'naviy shogirdi. Ismi Muga.
MUXBIR: Muga? Ma'nosi nima bu ismning?
M. S. Bu frantsuz ismi. Muga bir gul nomi. Ota-onasi turk. Bu yerda dunyo ismlarini ko‘p qo‘yadilar bolalariga. Xonim konservatoriyada dars beradi. Fortopiano bo‘yicha. Hozir bizga, oilasiga qarayapti.
MUXBIR: Ko‘rishimcha xonimning sizga hurmat va ehtiromi baland. Va Olloh sizlarni ne'mat bilan siyladi yana.
M. S. Ha, Alloh bizga bir farzand berdi.
MUXBIR: Ismlari ne bo‘ldi?
M . S. Ismi Oqila. Onamning ismini qo‘ydik.
MUXBIR:Oradan yillar kechib,onangizning ismlari Turkiyada tiklandi.Qizaloq iymonli bo‘lib ulg‘aysin!
M. S. Ollohini sevgan va Ollohning ham sevgan quli bo‘lsin! Xayrli bir avlod bo‘lsin. Duo qilyapmiz.
MUXBIR:Qizaloq hozir qancha oylik bo‘ldi?
M. S. Hozir 40 kunlik bo‘ldi.
MUXBIR: Chillasi chiqdi ya'ni. O‘g‘lingiz Temurdan bir «chilla»(40 yosh) kichik bo‘libdi…
(davomi bor)