Shahoza Soatova. «Jasadlar chirib ketishi uchun xlor sepishgan… Cho‘lponga o‘q yetmagani uchun chopib tashlashgan…»
Bundan 85 yil avval qonli bir tun bo‘ldi…
«4 oktyabrdan 5 oktyabrga o‘tar kechasi, hamma uxlagan vaqtda Fitrat, Abdulla Qodiriy, Otajon Hoshim kabi ziyolilar hozirgi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan NKVD maxsus poligonida otib tashlangan.
Ularning barchasi bitta chuqurga kafansiz, janozasiz maxfiy ravishda dafn etilgan. Jasadlar tezroq chirib ketishi uchun ustilaridan yo xlor sepishgan yoki tezak tashlashgan.
Cho‘lponga o‘q yetmay qolganidanmi yoki to‘pponcha otilmaganidanmi, jallodlar uni o‘sha kecha otmaslikka qaror qiladi. Ammo shoir «O‘ldiringlar! Men senlarning davlatingda, zamoningda yashashni istamayman! Senlarni ko‘rgim yo‘q», deb baqiradi. Shunda Cho‘lponni bolta bilan chopib o‘ldirishgan» (rahmatli akademik Naim Karimov)
Shu bittagina tun haqida o‘nlab kino olish mumkin, serial qilish mumkin, roman yozish mumkin (bitta roman bor aytgancha, Hamid Ismoil yozgan «Jinlar bazmi»). Vaqtni ortga qaytarolmaymiz, ammo avlodlar to‘g‘ri xulosalar chiqarishi, mustaqillikning qadrini anglashi uchun 4-5 oktyabr tuni fabulasidan turib ko‘p narsalar qila olamiz.
Bugun shu rahmatlik bobolarimiz haqiga duo qilaylik.