Yulduzning sobiq eri Baxti o‘g‘riga qarshi «pokazanie» berdi
Yulduz Usmonovaning sobiq fuqaroviy eri, “Shayton” va “Gif” laqablari bilan mashhur yirik tadbirkor Farhod To‘laganov O‘zbekistondagi yagona “vor v zakone” Baxti Tashkentskiy laqabli Baxtiyor Qudratullaevga qarshi ko‘rsatma berdi.
Bu haqda Eltuzga tergov jarayoniga yaqin huquq-tartibot idoralaridagi manba ma'lum qildi.
Farhod To‘laganov “vor v zakone” ishini yuritayotgan tergovchilarga Baxti Tashkentskiy 2023 yilda o‘nlab ming dollar miqdorida tamagirlik qilganini aytgan.
Farhod “Shayton” bergan bu ko‘rsatma Baxti Tashkentskiyni rasman O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165 moddasi 3 qismi bilan ayblashga asos bo‘la oladi.
Ham Baxti Tashkentskiy va ham Fahod To‘laganov “Dolzarb – 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlarning ilk kunlarida – 28 va 29 noyabrda hibsga olingan edi.
Eltuz ixtiyoriga kelib tushgan hujjatlarda 29 noyabr kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi 52 yashar Baxtiyor Qudratullaevni MJtKning 183 va 194 moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik holatlarini sodir qilganlikda ayblab, 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlagan edi.
Keyinchalik Toshkent IIBBsi Baxti Tashkentskiyga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) va 276-modda 2-qismi (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash) ayblovlari ilgari surilganini bildirdi.
Agar sudda tasdiqlansa, Baxti Tashkentskiy birinchi modda bo‘yicha o‘n yildan o‘n besh yilgacha, ikkinchi modda bo‘yicha uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Farhod To‘laganovga esa, Eltuz manbalariga ko‘ra, Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayblov ilgari surilgan.
Farhod To‘laganov uzoq yillardan buyon turli mojarolar markazida bo‘lib keladi.
U 2000-yillar boshida qisqa muddat artist Yulduz Usmonovaning fuqaroviy eri bo‘lgan.