Asosiy mavzular
8 fevral 2021

“Obod qishloq” dasturidan har yili tushib qolayotgan Bog‘ishamol

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Bog‘ishamol qishlog‘iga hali-hamon XXI asr shabadasi yetib borganicha yo‘q. Elektr energiyasi, gaz bir yonib, bir o‘chib turadi, ichimlik suv muammo.

Yomg‘ir, qor yog‘sa, bolalar loy kechib maktabga borishadi. Qizig‘i, qishloq ahlining “Eltuz”ga aytishicha, u avvaliga “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, bir ish qilinmagan, keyin esa dasturdan har doim tushib qolayotir.

– 400 dan ortiq xo‘jalik istiqomat qiladigan qishlog‘imiz toza ichimlik suv bilan ta'minlanmagan, – deydi 35 yoshli bog‘ishamollik Rayim To‘ychiev. – Hududning atigi bir joyiga artezian qudug‘i bor. Ammo undan ham ichishga yaroqli suv chiqmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu quduq suvi loyqa va sho‘r. Shuni ham odamlar noilojlikdan soatlab navbatga turib bir-ikki kilometrdan uylariga tashib kelib ichadi.

“Aholi birlashib, tuman va viloyat hokimlariga, hatto prezident portaliga qayta-qayta yozdik. Muammolarimiz o‘rganilmayapti. To‘g‘ri, tegirmon navbati bilan, deydi. Ammo bizning qishlog‘imiz haqiqatan ham xarob.

Tepalikdagi qabristonimiz yo‘lini texnika bilan sozlash kerak. Hashar yo‘li bilan tuzatmoqchi bo‘ldik, udday olmadik. Yomg‘irli kunda yoki qishda mayitni tepalikdagi qabristonga olib chiqib ko‘mish rosa azob bo‘ladi. Mahallamiz nuroniylari masjid ko‘rmay o‘tib ketmoqda”, deydi Rahim To‘ychiev.

“Bog‘ishamol” MFYning “Eltuz” bilan gaplashgan raisi Abdurashid Boybekovning bildirishicha, qishloq uchun 2017 yilda maktab qurib berilgan, yo‘l ta'mirlanishi va aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlash bo‘yicha taklif bilan chiqilgan, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan.

Ammo MFY raisi qishloq bu dasturga qaysi yili kiritilganini ayta olmadi. Pastdarg‘om tumani hokimligi vakili ham qishloq ahlining murojaati atroflicha o‘rganilishini aytish bilan cheklandi.

Rayim To‘ychiev mahalla raisining o‘zi elektr va gaz o‘chmaydigan, yo‘llariga shag‘al to‘kilgan, sharoiti ancha yaxshi bo‘lgan Ittifoq qishlog‘ida yashashini ma'lum qildi.

“Bizning qishloq bunday sharoitni orzu qiladi, xolos. Qishlog‘imizga 2017 yilda 120 o‘rinli maktab qurib berildi. 301 nafar o‘quvchi tahsil oladi.  Ikki smenadan o‘qisa ham joy yetmaydi.

Maktabda na laboratoriya jihozlari, na sport va na tadbirlar uchun maxsus zallar bor. Hatto stol-stullar ham eski maktabniki. Kamiga maktab kadrlarga muhtoj. Qishlog‘imizda yashashga sharoit yaxshi bo‘lmagani uchun chetdan o‘qituvchilar ham kelishdan bosh tortyapti.

“Odamning ustidan kulgandek, yaqinda qishloqqa simyog‘ochga sim tortib ketishdi. Simini noto‘g‘ri ulab, pastga tashlab qo‘yishgan. Qo‘shnimning bir qo‘yi tok urib o‘ldi. Shuni to‘g‘ri ulattirish ham rosa muammo bo‘ldi. Har zamonda qishlog‘imizga qarg‘ish tekkanmi, deb o‘ylab qolaman”, dedi “Eltuz” bilan suhbatda Rahim To‘ychiev.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 sentyabr 2017
Futbol murabbiysi Samvel Babayan, jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddalay olmagani ortidan iste'foga ketdi. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Samvel Babayan milliy ...
27 mart 2023
O‘zbek muzeylariga ko‘maklushuvchi Germaniyadagi xalqaro YUZUK tashkiloti ijrochi direktori Dilbar G‘afforovaning Rauf Parfi haykali ochilishda so‘zlagan nutqi: Assalomu alaykum, ...
24 noyabr 2017
Istanbul shahrida yashayotgan O‘zbekiston vatandoshi 27 yoshli Ma'bud Nosirov xotini 25 yoshli Zarifa Shokirovani pichoqlab o‘ldirdi. Foto: hurriyet.com o‘ngdan ...
15 mart 2016
Anqarada yuz bergan portlash ko‘p qatori mening ham yuragimni ezdi. Turklar va Turkiya uchun kamsitish bo‘lgan yuz yil burungi ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...