Asosiy mavzular
9 sentyabr 2024

Fikrning yuksakdagi tajassumi

Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga diqqat qaratadi va eplaydi, erkaklar esa faqat bitta narsaga diqqat qaratishnigina zo‘r eplaydi va shu sabab alohida sohalarda erkaklardan geniylar ko‘p dedi.

Motsartni misol qildi. Buni ilmiy fakt deb atadi.

Tasavvur qiling endi, siz ayolsiz va sizning jinsingizdan hech qachon Motsart chiqmasligiga ko‘zingiz yetadi.

Yanayam chuqurroq tasavvur qiling: siz pardoz, ovqat, bolangizning maktabi, ro‘zg‘or va shu kabilarni parallel o‘ylay olasiz – lekin chuqur o‘ylolmaysiz hech qachon.

Siz hech narsaga chuqur va jiddiy kirolmaysiz. Siz maishiy hayotni yaxshi o‘ylay olasiz va yaxshi uddalaysiz.

O‘z-o‘zidan sizning fikr cho‘qqilarini zabt etish istagingiz yo‘qqa chiqdi.

Tabiatning o‘zi yo‘qqa chiqarib tashladi. Endi ham qo‘li, ham oyog‘i yo‘q odamni tasavvur qiling – siz o‘sha tug‘ma noqis holatdasiz – va tabiat, jamiyat, miyangiz neyronlari belgilagan hayot bor –maishiy kundalik turmush hayoti.

Siz ham yosh bola kabi yuksak tog‘ yo ziyoratgoh tepasiga chiqib dunyoga qaramoqchi, o‘sha go‘zallikdan zavq, rohat olmoqchi edingiz va bu uchun hayotingizniyam berishga rozisiz. Ammo sizni kirish eshigi oldidan qaytarishdi.

Chunki siz noqissiz. Qo‘lingiz, oyog‘ingiz yo‘q. Endi esa dunyoning yarmini shunday noqis holda tasavvur qiling – birdan qisingan yelkalar, abadiy ruhi tushib ketgan ko‘zlarni ko‘rasiz.

Ha, abadiy! Hatto keyin ham biror orzu uchquni yolqinlanmaydi.

Xuddi yosh bolaning ilk va katta orzusi barbod bo‘lgan kabi abadiy so‘nmoq…

Ha, dunyoning o‘sha yarmisi – ayollar.

O‘sha biroz noqis bilinadigan; jiddiyroq, muhimroq ishlarga kelganda ko‘kragidan itariladigan, hatto o‘z tabiati, miyasi ham unga qarshi chiqadigan yaratiq — Mana ayol bo‘lishning mohiyati: atrof, ming yillik qoidalar, qadriyatlar, jamiyat nari tursin, hatto o‘z tabiating, miyang senga qarshi chiqadi (bu ham ayolning ming yillar davomida o‘choq egasi bo‘lib qolib ketgani bilan bog‘liq).

Demak, sen o‘zing istagan yuksakdagi Fikrdan lazzat olish uchun ikki hissa ko‘proq kurashishga majbursan.

Kurashish deganda hozir ko‘pchilik noto‘g‘ri talqinni “moda” qilib olgan – erkak bilan kurashish!

Lekin aslo bunday emas. Bu erkak bilan, yo erkaklik dunyosi bilan kurashish emas.

Vulf erkaklar yozayotganda o‘ziga juda ishonadi, chunki u har qanday ayol yozardan ustunman eng kamida deb o‘ylaydi va shunga suyanadi deydi.

Bu degani – erkak tabiat ham u tomonda ekanini bilib turadi.

Ayol esa hatto ijtimoiy sharoitlar natijasida tabiat ato qilgan “noqislik”lari uchun ham kurashishga majbur.

Tushinyapsizmi, endi ayol bo‘lish nima deganini?!

Va bu hamma ayollar uchun, hamma ayollar shunday.

Biroq hamma erkak Motsart bo‘lmagani singari hamma ayol ham Fikrning yuksakdagi tajassumi yoki olisdagi Go‘zallikning yal-yal yonishidan bahra olishga ishtiyoqmand emas.

Bu mutlaqo tabiiy, buning uchun kimdir ayblanishi yoki faxrlanishi shartmas.

Lekin boshqa bir tarafi bor – inson hayotining mohiyati o‘sha Go‘zallikni anglash, rohatlanish yo yaratish deb izoh beramiz.

Xalqlarning qanchalik taraqqiy etganini o‘sha oliy go‘zallikdan, Ongdan qanchalik bahramandligi bilan o‘lchaymiz.

Hayotning mohiyati oliy odam bo‘lishga intilish deb belgilaymiz.

Va bu mutlaqo tafakkur va ong ishi!

Endi aytingchi, o‘sha hayotning asl mohiyatini anglamoqqa Ayolning ham haqqi bormi?!

Haqqi bo‘lsa, nega u bir necha asrlar, ming yillar davomida hayotning oliy ma'nosini anglashga urinishdan, Yo‘ldan mahrum qilib kelindi, kelinmoqda – siz buni Vulfning Shekspirning singlisi haqidagi fikrlarini o‘qish davomida yaxshiroq tushinasiz.

Sharqda ahvol undan ham battar bo‘lgan, Navoiyning adabiy singlisi haqida tasavvur bo‘lishi mumkinmi, albatta yo‘q – u xon saroyida tug‘ilgan ayol bo‘lsagina o‘z qiziqishlarini namoyonlay olardi, uyam juda cheklangan tarzda.

Endi holatni yaxshiroq tasavvur qiling – tabiat sizni erkaknikidan farqliroq ong bilan yaratgan, biror narsa ustida jiddiy va chuqurroq o‘ylolmaslik bahona chetga surilgansiz – ming yillar davomida – va hayotning oliy mohiyatini anglash, anglashga urinish yo‘lidan mahrum qolgansiz, tafakkur, ong ishidan, haqiqiy ijod, yaratuvchanlik baxtidan ming-minglagan kilometr olisga otib yuborilgansiz.

Vaholanki hayotning ma'nosi haqidagi eng chiroyli so‘zlar yaratish, fikrlash, anglash zavqi haqida edi. Va afsuski bu ma'no siz uchun ko‘zda tutilmagandi.

Aytmoqchi, inson deganda ham siz nazarda tutilmagandirsiz balki, ayollar.

Vulf asarini o‘qigan bir-ikki o‘zbek o‘quvchilar (afsuski ular ayollarning o‘zi) asarni noto‘g‘ri talqin qilib, nima ayollar erkaklar bilan kurashga kirishmoqchimi debdi.

Yo‘q, aslo. Bu asarning eng no‘to‘g‘ri talqini bo‘lardi agar shunday tushinsak.

Ayollar ham oliy haqiqatlar uchun yashamoqchi, ayollar ham hayotning Oliy mohiyatidan o‘z nasibasi bo‘lishini istaydi.

Fikr yo‘lida azoblanish, kuyish, yonish, oxir-oqibat qurtning g‘umbakni yorib chiqib, kapalakka evrilishi, Fikrning yuksak sathlarida qanot qoqishni istaydi.

Va bularning barchasi maishiy hayotda parallel hamma narsani o‘ylab, eplaydigan ayol haqida emas, intellektual ayol haqida.

Vulfning kitobi intellektual ayolni ko‘zda tutadi, ammo unga maishiy hayotda qo‘yilgan to‘siqlarga chuqur kirib boradi.

Ayolning intellektualga evrilishi maishiy hayotdagi ozodlik evazigaligini birma-bir tahlil qiladi.

Tillaniso NURYoG‘DI

Tag‘in o‘qing
9 iyun 2017
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi talabi bilan poytaxtdagi Rassomlar uyida buzish ishlari vaqtinchalik to‘xtagan bo‘lsada, buning dushanba kunidan davom ...
2 dekabr 2015
Dokument ruknida Yuriy Jukovskiy va shved sudida uning Rossiyadagi do‘sti sifatida ta'riflangan, Turkiya va Rossiyadagi o‘zbek rejimi muxoliflariga qarshi ...
29 sentyabr 2016
O‘zbekistondagi ayrim mahalliy internet nashrlari, jumladan, «Kun.o‘z» sayti mamlakat Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmatining xabarini chop etdi. Bu xabarda ...
4 may 2021
Rassom Kirpi
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...