Kundalik
1 noyabr 2015

Kindikdan past yana bir amal

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Jurnalist Maloxat Eshonqulovaning faoliyati tufayli endi uning bo‘lg‘usi qudalariga bosim ko‘rsatilayotgani haqidagi gaplarni eshitib, har qanday odamning esi og‘ib qolishi mumkin. Nahotki hukumat bir jurnalist ayol ovozini bo‘g‘ish uchun endi shunchalik past ketgan bo‘lsa.

“Organ xodimlarining kuchi begunoh bir qizning to‘yini to‘xtatishga yetdimi?”, – deya kuyinadi Maloxat Eshonqulova.

Gap shundaki, jurnalistning qudalari tomonidan to‘y belgilangan, puli oldindan to‘lab qo‘yilgan Uchtepa tumani, Chilonzor, 23-mavze, Shirin ko‘chasida joylashgan “Dilorom” restoraniga fuqarolik kiyimidagilar kelib, “Shu ayolning to‘yini restoraningda o‘tkazmaysan. Mabodo, o‘tkazgudek bo‘lsang, to‘y kuni barcha mehmonlarni ko‘chaga quvamiz-da, to‘yxonangga qulf solamiz, taftish tashlaymiz. To‘yxonangni yopamiz. Boshqa qaytib ocholmaydigan qilamiz”, deyishgan.

Bu gaplar 250 kishiga taklifnoma jo‘natilib “Dilorom” restorani egalariga “zakalat” berib qo‘yilganidan keyin qilinmoqda. O‘zbekistonda to‘y degani o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.

“Jinoyatchi bo‘lganimda o‘z vatanimda to‘y boshlab, bozorma-bozor chopib yurmagan bo‘lardim. Mening bor-yo‘q gunohim haqni aytganim. Yeb to‘ymas, poraxo‘r amaldorlarning dodini berganim, kirdikorlarini fosh qilganim, noqonuniy qadamlarini elga oshkor etganim.”, – deydi jurnalist voqea yuzasidan prezidentga yozgan ochiq xatida.

Shu paytgacha Karimovga yozilgan minglab xat egalaridan farqli, ushbu maktub muallifi millat oydinlarini qamoqlarda chiritayotgan hukumat qarshisida fikrlarini mag‘rur ifoda etadi, jumladan:

“Modomiki, to‘yga qarshiliklar hozirdanoq boshlanib ketgan ekan, bugun to‘yxona egalariga tahdid o‘tkazayotgan o‘sha zo‘ravon maxsus xizmat xodimlar ertaga to‘ydagi to‘polonda qasddan qandaydir varaqalar (ularga shuningdek tuhmat uyushtirish urf bo‘lgan-ku) tashlamaydi, qasddan janjal (Qashqadaryo prokuraturasi oldida maxsus yollangan jangari ayollarga reja asosida bizni atay kaltaklatishgani kabi) chiqarishmaydi, narkotika “topib olishmaydi”, to‘yda qasddan to‘palon uyushtirishmaydi deb kim kafolat beradi?”, – deya yuzlanadi Maloxat o‘z maktubida.

Huquq faollari fikricha, Eshonqulovaning qiziga nisbatan bu harakatlar, aslida O‘zbekistonda bu yilgi paxta terimi monitoringgi ishtirokchilariga qarshi hurujlarning uzviy davomidir.

Bundan ilgari ham, monitoring ishtirokchilariga turlicha bosimlar uyushtirilgan, huquq himoyachisi Dmitriy Tixonov, Shuhrat Rustamov, Yelena Urlaevalar va jumladan Maloxat Eshonqulovaning o‘zi ham bir necha bor militsiya tomonidan ushlangandi.

20 oktyabr kuni huquq himoyachisi Dmitriy Tixonovning uyiga o‘t qo‘yilishi esa, jinoyatchi hukumatning faollariga qarshi ochiqcha kurash choralari ham qolmaganini ko‘rsatdi.

Ma'lumki, O‘zbekiston hukumati Jahon banki oldida paxta dalalarida majburiy mehnatdan (qullar mehnatidan) foydalanmaslik majburiyatini olgan, ayni shart evaziga Jahon banki O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligiga yarim milliard dollar yordam ajratgandi.

Mol achchig‘i, jon achchig‘i deganlaridek, o‘z izini xaspo‘shlamoqchi bo‘lgan quldor hukumat ko‘zbo‘yamachiliklarini birin-ketin fosh qilarkan, xalqaro hamjamiyat oldida faollarning tilini tiyishga o‘zbek hukumati oliy amaldorlarining yog‘liq qo‘li ham kaltalik qilib qoldi.

Balki shundanmi ular, bugun “Dilorom” restorani egalari orqali Maloxat Eshonqulovaning bo‘lg‘usi qudalariga zarar berish kabi kindikdan past amallarga o‘tishdi, bundan ilgari, majburiy mehnat monitoringi natijalari yozig‘liq fleshkani topish uchun militsiyaga Xazorasp tuman hokimining huquq faollari jinsiy a'zolarigacha taftish qilishni buyurganidan ko‘pchilikning xabari bor.

Tag‘in o‘qing
8 yanvar 2022
Hikoyamiz qahramoni qirq bilan ellik orasidagi dehqonobodlik yigit. Toshkentning eski pedinstitut yaqinidagi Bobur ko‘chasida, to‘rt qavatli g‘ishtin uylardan birida ...
24 noyabr 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Samarqanddan. Hibsga olingan o‘spirin yurak kasalidan o‘lganmidi? «Assalomu ...
2 avgust 2021
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, «Qumtor» ishi bo‘yicha tergov qidiruvida bo‘lgan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akaev 2 ...
17 yanvar 2017
Istanbul hokimi Vosip Shohin va Istanbul amniyat mudiri Mustafo Cholishqon 17 yanvar kuni matbuot anjumani o‘tkazib, qo‘lga olingan odamning ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...