Dayjest
7 aprel 2016

Buni ro‘yxat deydilar yoki o‘yin-kulgidan qorni to‘q xalq

Mart oyida shundoq ham o‘yin-kulgidan bo‘shamaydigan O‘zbekiston telekanallarining kuni tug‘di. Bu yog‘i 8 mart, bu yog‘i Navro‘z bilan bo‘lib, qaysi telekanalning qulog‘ini buramang, karnay-surnayning g‘at-g‘ati, zamonaviy do‘mbiralarning tiring-tiringi tinmadi. Hali «baxtiyor» o‘zbek ayolining «farovon hayot» haqidagi gap-so‘zlari tugamasdan turib, o‘zbek xotin-qizlarining sadoqati ramziga aylangan «ko‘p yillik stajli beva shoirka» Zulfiya nomidagi mukofotni olgan yoshgina qizchalarning prezidentga tashakkur va sadoqati aks etgan intervyularning keti uzilmadi. Navro‘z bayrami ham o‘zbekchani biladigan-bilmaydigan «yulduz» xonandalar shousiyu «tinch, farovon va baxtli» hayotimizga shukronalar aytishga bahona bo‘ldi.

Shunday bo‘lsa-da, Eltuz.com O‘zbekiston telekanallaridan mushtariylarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ayrim mavzularni topishga harakat qildi.

Chechenni orqa qilib, o‘zbekni talagan o‘zbeklar

Kriminal mavzuda tegishli organlar tomonidan tayyorlangan ko‘rsatuvlarning navbatdagisi Moskvaning Qozon vokzalida ishlash uchun Rossiyaga borgan o‘zbeklarni talash, ta'magirlik va talonchilik bilan shug‘ullangan jinoiy to‘da haqida bo‘ldi.

«O‘zingdan chiqqan balo» nomli bu ko‘rsatuvdaan ma'lum bo‘lishicha, asosan andijonlik o‘zbeklardan iborat bo‘lgan bu to‘da a'zolari o‘zlarini chechenlarning odami deb tanishtirgan holda Rossiyaga kelgan vatandoshlaridan uzoq vaqt davomida «dolya» olib kelgan.

Ko‘rsatuvda jabrlanuvchilar ham qatnashib, jinoiy to‘da o‘zlaridan qanday qilib pul olgani, qo‘rqitgani kabilar haqida gapirib berdi.

Jinoyatchilarning yaqinlari esa ular uyiga ko‘p pul yubormagani, farzandlarining bunday ish bilan shug‘ullanishidan bexabar bo‘lganini ko‘zda yosh bilan ta'kidladi.

To‘da haqida fikr bildirgan oddiy odamlar, jabrlanuvchilar bu jinoyatchilar o‘zbek xalqining sha'nini yerga urgani, yuzini yerga qaratgani, o‘z xalqiga nisbatan bunday yo‘l tutishi ifloslik ekanini bildirdi. Bir respondent esa ularni vatan xoinlariga tenglashtirib, shunga yarasha jazo tayinlash kerakligini uqtirdi.

Ko‘rsatuvdan ko‘zlangan siyosiy jihatni esa muallifning o‘zi aytib qo‘ya qoldi.

«Bunday to‘dalar tomonidan yig‘ilgan pullar ayrim joylarda terrorchilik harakatlarini sodir etishni moliyalashtirishga ham sarflanayotgani sir emas», dedi muallif va Andijon voqealarini ham shu mavzuga bog‘ladi.

«Andijon voqealari tashkilotchilari homiylarining puli evaziga qilgan ishlari hali ham xalqimizning yodidan chiqmaydi», dedi u qat'iyat bilan.
Albatta, uning bu xulosalari hali Andijon voqealari haqida to‘liq xulosa bermaydi. Andijonda aslida nima bo‘lgani, nega yuzlab odam qurbon bo‘lgani masalasi to‘liq va mustaqil o‘rganib chiqiladigan kunlar ham kelishi turgan gap.

«Dushman»ga aylangan o‘quvchisiga tarbiya bermagani uchun endi ustozlar ham baloga qoladimi?

Albatta, bu safargi sharhimiz ham «Munosabat» ko‘rsatuviga munosabatsiz kemtik bo‘lib qoladi. Chunki bu ko‘rsatuv o‘z maqsad-mohiyati bilan o‘zbek jamiyatining bugungi ahvolini yaqqol ko‘rishga imkon beradi.

«Munosabat»ning «Munosabat plyus» degan egizi ham bor. Unda odatda biror kino yoki hujjatli film namoyish etilib, keyin studiya mehmonlarining fikr-mulohazalari eshitiladi.

«Munosabat plyus»ning 11 martdagi sonida esa «turli diniy guruhlarga qo‘shilib ketgan vatan xoinlari» haqidagi film ko‘rsatildi va studiya mehmonlarning «siyosiy hushyorligi» inson huquqlarini salgina anglaydigan jamiyat uchun qo‘rqinchli darajaga yetganini namoyish etgani bilan esda qoldi.

Ayniqsa, «Mahalla» jamg‘armasi mas'ul xodimasi bo‘lgan ayolning aytganlari sog‘lom fikrli insonda: «Jamiyatimiz shunchalik johillashib ketdimiki, markaziy telekanal orqali bunday gaplar bemalol yangramoqda?» degan haqli savolni tug‘diradi.

«Mahalla» jamg‘armasi vakilasining aytganlari quyidagilar: «Mahallalarda o‘sha “dushman”larning ota-onalarini, kerak bo‘lsa, izza qilish kerak… Chet elga ketayotganlarning har bittasi bilan alohida suhbat qilish kerak, nega ketyapsan, kim bilan ketyapsan, qaerga ketyapsan, deb so‘rash kerak, ro‘yxatini olishdan tashqari shu ishlarni qilish kerak».

Studiyada o‘tirganlardan birortasi: «Axir biz o‘zi qaysi asrda yashayapmiz, huquqiy demokratik davlat quryapmiz, degan og‘iz ko‘pirtirishlarimiz qaerda qoldi», deb luqma tashlab ham qo‘ymadi.
Aksincha, ko‘rsatuv boshlovchisi Quddus A'zamov olovga moy sepib, qatag‘on qilinishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatini kengaytirish taklifini o‘rtaga tashladi.

«O‘sha yo‘ldan adashganlarning ustozlarini ham so‘rash kerakdir. Ustozlar ham bunday tarbiya uchun ota-onalar qatori javob berishi kerak emasmi?» dedi boshlovchi o‘z topildig‘idan xushnudligini yashirmay.
Inson huquqlarini qo‘ya turaylik, O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga ham zid bo‘lgan bu kabi chaqiriqlar nega markaziy telekanal orqali yangramoqda, degan haqli savol tug‘iladi. Bundan maqsad shundoq ham qo‘rquv iskanjasida yashayotgan xalqni yanada cho‘chitib qo‘yish uchun atayin efirga uzatilmayotganmikin?

Yana bir e'tiborli jihati shuki, ko‘rsatuvda ish izlab xorijga ketayotgan yurtdoshlarimiz o‘sha «ayrim diniy oqimlarga kirib qolayotgani» ta'kidlanib, ular yana qora bo‘yoqlarda namoyon etildi.

«O‘zimizda ham ish ko‘p, ishlagan xor bo‘layotgani yo‘q, hammaning tomorqasi bor, o‘sha tomorqalardan yaxshi daromad qilsa bo‘ladi», dedi butun bir hukumat hal eta olmayotgan bu masalaning yechimini osongina topganidan g‘ururini yashirmagan studiya mehmonlaridan biri.

Biror kishi yuz minglab yoshlar nega ishlagani chet elga ketyapti, deb so‘ramadi. Asl ijtimoiy-siyosiy sabablar bilan hech kim qiziqib ko‘rmadi ham.

Imtiyozu imkoniyatsiz mamlakatlar haqida ertak

«Munosabat»ning yana bir soni «baxtiyor» o‘zbek yoshlariga yaratib berilayotgan «chek-chegarasiz imkoniyatlar» mavzusiga bag‘ishlandi. Albatta, ko‘rsatuv «g‘oyaviy dushmanlar hamlasidan saqlanish» xususidagi fikr-mulohazalarsiz bo‘lmadi.

O‘ziyam yoshlarimiz bunday «imkoniyatlar»dan shunchalik ilhomlanib ketgan ekanki, siyosiy yo‘nalishdagi ko‘rsatuvni she'rxonlikka aylantirib yubordi. Biri qo‘yib biri vatanparvarlik haqidagi she'rlarni qatorlashtirib tashladi.

Endi ko‘rsatuvdagi pafoslarni aytmay ham qo‘ya qolay, desangiz uning mohiyatini aniq ochib bera olmay qolish tashvishi tushadi boshga.

Studiyaga chaqirilgan yoshgina qizcha yaqindagina kollejni bitirib, 53 gektar yerga ega fermer xo‘jaligini boshqarayotgani, bu orqali xalq dasturxoni to‘kin-sochinligiga o‘z hissasini qo‘shayotganidan gapirib qoldi. Mayli, omadini bersin hali ona suti og‘zidan ketmay turib paxtayu bug‘doy yetishtirishni eplayotgan bo‘lsa.

Lekin fermerlarning hokimlikdagi yig‘inlarida qanday shaloq gaplar aytilishini ko‘p eshitgan, o‘qiganimiz uchun dehqon qiz bunday yig‘ilishlarda yuzi qizarmay o‘tiraverar ekanmi, degan istiholaga bordik.

«O‘zbekistondagi kabi mana senga imkoniyat, mana senga imtiyozli kredit deb yoshlar uchun barcha eshiklarni ochib qo‘ygan, ularni e'zozlaydigan boshqa birorta mamlakat yo‘q», deb yubordi yana bir yosh qizcha.

Uning bu gaplaridan studiyada qarsakbozlik bo‘lib ketdi. Bu qarsakbozlik uning lofiga studiyada o‘tirgan tengdoshlari bergan baho bo‘ldi.

Umuman, ko‘rsatuvni tomosha qilib, aytilayotgan yolg‘onlar qanchalik og‘ir tosh bossa, qarsakbozlik shunchalik kuchaygani bilindi. Essiz yoshlar!

Ro‘yxatga tushganlar ekrandan ham tushib qoldi

6 mart kuni o‘zbekistonlik mashhur bokschi Ruslan Chagaev jahon chempioni unvonini himoya qilish uchun ringga chiqdi. Yulduz Usmonova O‘zbekiston gimnini ijro etdi.

Dunyo sport hamjamiyati bu jangga befarq bo‘lgani yo‘q. Faqat bir vaqtlar Ruslanni ko‘tar-ko‘tar qilgan, uning har bir qadamini yoritib kelgan O‘zbekiston telekanallarigina bu voqeani go‘yoki ko‘rmadi.

Hatto «Sport» telekanali ham mum tishlab o‘tirdi. Ruslan jang o‘tkazayotgan bir paytda bu telekanal o‘zbeklar uchun «o‘ziga xos, o‘ziga mos» bo‘lgan chang‘i sportini ko‘rsatayotgan edi!

Albatta, Ruslanning bu bellashuvi efirga uzatilmagani, hatto yangiliklar dasturlarida ham tilga olinmaganining asl sabablarini «qora ro‘yxat»dan izlash kerakligini ko‘pchilik tushunadi. Yulduz Usmonova ham har qancha harakat qilmasin, hali-beri «qora ro‘yxat»dan o‘chiriladiganga o‘xshamaydi.

Ammo Abdulla Oripovga kelganda bu rasmiylarni nima jin urdi ekan? Shoir Muhammad Yusufning yubileyi bo‘lgan yili hatto dazmolni yoqqanda ham uning she'rlari yangrayverib, u haqdagi ko‘rsatuvlar namoyish etirlaverib odamni xunob qilgandi.

Ayrimlar Alisher Navoiydan keyin o‘zbekning eng zo‘r shoiri deb baholayotgan Abdulla Oripov axir bir umr shu tuzum uchun xizmat qilgandi-ku. Dengizi qurigan o‘zbekka «dengiz» topib bergan ham u edi-ku. Nega u haqda eplab biror so‘z aytmadi telekanallarimiz?

A.Oripovning 75 yillik yubileyi uchun O‘zbekiston telekanallarida vaqt topilmagani sababini yana o‘sha «qora ro‘yxat»dan izlash kerakmikin?

Zamonamizning zabardast shoirigaki munosabat shunday bo‘lsa, Ruslan yoki Yulduzga o‘xshaganlar bu yaqin orada telekanallar efiridan umid qilmasa ham bo‘lishi ayonlashadi.
Har holda buni ro‘yxat deydilar! Unga tushish bor, chiqish yo‘q shekilli.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 noyabr 2021
2016 yildan buyon minglab odam ozod qilinganiga qaramay, O‘zbekistonda yana ikki mingga yaqin kishi siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra ...
16 dekabr 2019
O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Boriy Alixonov Chernobil halokatiga sabab bo‘lgan atom reaktori bilan O‘zbekistonda qurilajak reaktorni “Moskvich” va “Lasetti” ...
5 avgust 2023
Sariosiyo IIB xodimlari Umida Tursunovani Eltuzning so‘nggi maqolasi nashr etilganidan yarim soat o‘tib, soat 22:30 da shartli ravishda qo‘yib ...
30 may 2020
“Eltuz” muxbiri Farg‘ona viloyati televideniesi jurnalisti Usmonjon Qodirov 28 may kuni 15 sutkaga qamalib, keyin jazo muddati 2 sutkaga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...