Kundalik
5 yanvar 2016

O‘ktam Pardaevga qamoq tahdidi, go‘daklarga moliyaviy bosim

Jizzax viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari asossiz, uydirma ayblovlar bilan qamoqda qolayotgan huquqbon O‘ktam Pardaevning oila a'zolariga Yangi yil “sovg‘a”si hozirladi.

Bu safar ularning nishoni huquq himoyachisini ruhan qo‘llab-quvvatlayotgan oila a'zolari bo‘ldi. Davlat idoralari huquqbonning yaqinlariga ko‘p yillik tajribalarda toblangan, ancha samarali usul – moliyaviy bosim qo‘lladi.

Yangi yil kunlarida prokuratura, gaz idorasi, mahalla, ichki ishlar xodimlari, posbonlar, qariyb o‘nga yaqin kishi O‘.Pardaevning, ukalari Sharof va O‘tkir, singlisi Mohiraning xonadonlariga qo‘qqisdan bostirib bordi.

«O‘ktam akamning ayoli kechki payt uyda yolg‘iz bo‘lgani sababli chaqirilmagan mehmonlarga darvozani ochmagan. Kelganlar o‘zini prokuraturadanmiz, deb tanishtiribdi. “Gazdan katta miqdorda qarzingiz bor, toki to‘lamas ekansiz, gazni uzib ketishimiz kerak”, deya dag‘dag‘a qilgan»,- deydi Sharof Pardaev.

Darvoza ochilavermagach, ortiga qaytishga majbur bo‘lgan bu guruh mazkur harakat bilan kifoyalanmadi.

2016 yil 4 yanvar kuni ular O‘ktam Pardaevning uyiga kirishga muvaffaq bo‘ldi va “gazdan 400 ming so‘mdan ortiq qarzi borligi” bahonasida gaz quvurlarini uzib ketdi. Natijada huquqbonning ayoli va uch norasida bolasi qishning qahraton kunlarida gazsiz qoldi.

«Akam, bilasiz, qamoqda. Yangam uchta yosh go‘dagi bilan qolgan. Eng kichigi 2 yoshda. Kattasi 6 da. Endi ularning holi nima kechadi qishning sovuq kunlarida?» – deya tashvish bildirdi Sh.Pardaev.

Prokuratura boshchiligidagi “gvardiya” huquqbonning singlisi Mohira Pardaevning gardaniga ham gaz iste'moli uchun yo‘q joydan million-million qarzdorlik “ilib” qo‘ydi. Ammo to‘lov qog‘ozlarini gaz idorasiga ko‘tarib borgan M.Pardaeva ularning moliyaviy bosimidan qutulib qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq jizzaxlik qonun qo‘riqchilarining g‘azabidan omon qolish O‘ktamning ukasi O‘tkir Pardaevga nasib etmadi. Unga 2 350 ming so‘m qarzdorlik e'lon qilinib, xonadoni tabiiy gazdan uzib qo‘yildi.

«O‘zi gaz miltirab turardi. Shuni ham ko‘p ko‘rishdi. Har holda ovqat pishib, choy qaynab turgandi… Bizda issiqxona bo‘lmasa, salkam ikki yarim million so‘m qarzdorlik qaerdan bo‘lsin? Qasddan, atayin bo‘ynimizga qarzdorlik ilindi… Men barcha qo‘shnilarimdan so‘rab chiqdim. Hech birining uyiga gaz idorasidan, prokuraturadan, militsiyadan guruh kelmagan, qarzdorlik yozilmagan, gazi ham uzilmagan. Bu “to‘y” yolg‘iz bizning boshimizga kelgan ekan. Hammasi O‘ktamjonning faoliyati orqasidan bo‘lyapti. Men kenja o‘g‘lim O‘tkir bilan yashayman. Oilada 6 jonmiz. O‘tkirjonning ham 3 yosh bolasi bor. Barchasi hali go‘dak: 2 yosh, 5-6 yosh. Yosh bolalar bilan kelinim endi qishning sovug‘ida gazsiz qanday kun kechiradi?» – deya o‘rtanadi huquq faolining onasi Nasiba opa.

Yaqindagina 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qilgan O‘zbekiston prezidenti: “Sog‘lom ona sog‘lom bola degani, sog‘lom bola tinch-totuv, to‘kin hayot, baxtli oila degani, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi”, deya kuyib-pishganida bu yo‘ldagi urinishlar qishda gaz ta'minotini uzish bilan boshlanishini nazarda tutganmikin yo, deb o‘ylab qolasan kishi.

Nima bo‘lganda ham, O‘ktam Pardaevga qamoq jazosi bilan tahdid qilayotgan huquq-tartibot idoralari endi nafaqat uning o‘zini, balki butun oila a'zolarini, yaqinlarini moddiy va ruhiy jihatdan to‘la sindirishga bel bog‘lagan ko‘rinadi.

Malohat Eshonqulova
mustaqil jurnalist, huquq faoli
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 may 2016
O‘zbekiston prezidentining Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni butun mamlakatni «to‘lqinlantirib» yubordi. Har holda ...
8 sentyabr 2018
«O‘zbekkontsert» qoshidagi badiiy kengash 5 sentyabr kuni bir qancha o‘zbek artistlari kliplarini mahalliy TV kanallarida ko‘rsatishni taqiqladi. Ular ichida ...
25 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 18-qismidan 90-yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurovlarning «She'ringizni tushuntirib bering» ...
19 noyabr 2021
Toki tashqarida qor yog‘ar ekan, Qiyin o‘zga so‘zni yozmoq. Qorga qarab turib shunchaki, Mumkin emas aqldan ozmoq. Toki aylanarkan ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...